Logo

Yadroviy kuch, moliyaviy qudrat va yirik armiya: Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston mudofaa kelishuvi nimani anglatadi?

Yaqin Sharqda keskinlik keskin ortib borayotgan bir paytda, Islom dunyosining uch yirik davlati — Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston tarixiy harbiy pakt tuzdi. Makka shahrida imzolangan kelishuvga ko‘ra, mazkur uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum barchaga nisbatan qilingan hujum sifatida baholanadi.

Yadroviy kuch, moliyaviy qudrat va yirik armiya: Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston mudofaa kelishuvi nimani anglatadi? © Foto: AP

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi ortidan Yaqin Sharqda keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya qo‘shma mudofaa paktini imzoladi.

«Makka qo‘shma tiyib turish kelishuvi» deb nomlangan ushbu hujjat 7-avgust, juma kuni Saudiyaning muqaddas Makka shahrida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon hamda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi.

Hamkorlarning qo‘shma bayonotiga ko‘ra, pakt har qanday tajovuzga qarshi jamoaviy tiyib turish vazifasini o‘taydi. Unga muvofiq, ushbu uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum barchaga nisbatan qilingan hujum deb baholanadi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida ta’kidlashicha, mazkur mudofaa bitimi «uch davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik tarixiy aloqalarga, ularni birlashtiruvchi mustahkam birodarlik va islomiy birdamlik rishtalariga, shuningdek, umumiy strategik manfaatlar hamda uzoq yillik mudofaa hamkorligiga asoslanadi».

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kelishuv «xavfsiz va farovon kelajak yo‘lida mintaqa hamda undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, qolaversa, jamoaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha uch davlatning umumiy intilishini» aks ettiradi.

Ma’lumot o‘rnida, kelishuv Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif armiya qo‘mondoni Osim Munir hamrohligida Saudiya Arabistoniga kelib, Makkada Umra ziyoratini ado etganidan bir kun o‘tib imzolandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham juma kuni Muhammad bin Salmon bilan uchrashish maqsadida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan edi.

Nega bu kelishuv aynan hozir tuzildi?

Anqara, Ar-Riyod va Islomobod o‘rtasidagi mudofaa bitimi ustida anchadan buyon ish olib borilayotgan edi. Muzokaralar 2023 yil G‘azoda Isroil tomonidan boshlangan genotsiddan so‘ng boshlandi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushi fonida esa bu jarayon yanada jadallashdi.

Hozirga qadar mintaqadagi keskinliklar Turkiya va Pokistonga bevosita ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, o‘z hududida AQSHning harbiy obyektlari va infratuzilmasi joylashgan Saudiya Arabistoni Eron hamda uning ittifoqchilari — Yamandagi husiychilar hujumiga uchradi. Shuningdek, Tehron AQSHning harbiy bazalariga joy bergan Fors ko‘rfazining boshqa davlatlari hamda Iordaniyaga ham hujumlar uyushtirgan.

Bu uch davlat Eron urushining oqibatlaridan, qolaversa, Isroilning mintaqada ortib borayotgan ta’siri va hujumlaridan jiddiy xavotirda. Xususan, Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Hizbulloh» qurolli guruhining tayanch nuqtalarini nishonga olayotganini iddao qilib, Livan hududining qariyb beshdan bir qismini bosib oldi. Ayni paytda, Iroqdagi Eronga tobe guruhlar Saudiya Arabistoniga dronlar orqali hujumlar uyushtirishda ayblanmoqda. O‘z navbatida, bu guruhlarning o‘zi ham AQSH va Isroil zarbalari nishoniga aylanmoqda.

«Al-Jazira» muxbiri Rasul Serdarning mahalliy rasmiylarga tayanib ma’lum qilishicha, mintaqada kuchayib borayotgan keskinlik haqiqatan ham ushbu davlatlarni birlashishga majbur qilgan.

«7-oktabrdan keyingi davr Isroilning xatti-harakatlari va bosqinchilik siyosati tufayli mintaqani keskin o‘zgartirib yubordi. Hozirda esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz va Eronga qarshi davom etayotgan hujumlar, qolaversa, Tehronning mintaqa davlatlariga qaytarayotgan javob zarbalari kuzatilmoqda», — dedi jurnalist.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qator zaruriyatlar birlashib, bu uch yirik davlatni bir joyga jam bo‘lishga va mazkur kelishuvni imzolashga undagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-mart kuni Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari Ar-Riyodda o‘tgan Islom sammiti doirasida uchrashib, qo‘shma xavfsizlik kelishuvi loyihasini muhokama qilgan edi.

Ushbu uchrashuvdan avvalroq, 2025 yilning sentabrida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ham mudofaa bitimi imzolangan. O‘sha kelishuv 2025 yil 9-sentabr kuni Isroilning Qatar poytaxti Dohaga qilgan hujumi ortidan tuzilgan edi.

AQSHdagi Nemis Marshall jamg‘armasining Turkiya bo‘yicha mintaqaviy direktori O‘zgur Unluhisarjikliga ko‘ra, ushbu mudofaa bitimi mavjud xavfsizlik tizimiga nisbatan ishonch so‘ngan bir paytda, mintaqaviy strategik mustaqillikka bo‘lgan istak kuchayib borayotganini aks ettiradi.

«Bu uchala davlat mintaqaviy barqarorlik borasida asosan markazlashgan boshqaruvga tayanuvchi qarashlarni ilgari suradi. O‘zlaridagi tafovutlarga qaramay, ular kuchli markaziy hukumatlar, hududiy yaxlitlik va ishlab turgan davlat institutlarini tartibning asosi deb bilishadi, shu bilan birga davlatlarning parchalanishi, fuqarolik nizolari va nodavlat ishtirokchilarning kuchayishini uzoq muddatli beqarorlik manbalari sifatida ko‘rishadi», — dedi ekspert.

Ushbu pakt qanday vazifani bajaradi?

Uch tomonlama mazkur bitim Anqara va Islomobod o‘rtasida avvalroq tuzilgan kelishuvga asoslanishi taxmin qilinmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu hujjat har bir mamlakatning harbiy va moliyaviy salohiyatini o‘zaro birlashtiradi. Ma’lumki, Turkiya NATO doirasidagi ikkinchi eng yirik armiyaga ega, Saudiya Arabistoni dunyodagi yetakchi neft eksport qiluvchi davlat, Pokiston esa yadro quroliga ega bo‘lgan yagona musulmon mamlakati hisoblanadi.

Unluhisarjiklining so‘zlariga ko‘ra, bu uch hamkor bir-birini to‘ldiruvchi kuchlarga ega. Xususan, bu yerda «Turkiyaning mudofaa-sanoat salohiyati, Saudiya Arabistonining moliyaviy qudrati va ta’siri, shuningdek, Pokistonning harbiy tajribasi hamda strategik tiyib turish imkoniyatlari» jamlanmoqda.

«Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu NATOga tenglashtirish mumkin bo‘lgan o‘zaro mudofaa pakti emas. Aksincha, bu mintaqadagi uchta nufuzli davlat o‘rtasida strategik, harbiy va mudofaa sanoati sohasidagi harakatlarni yanada muvofiqlashtirish uchun xizmat qiluvchi asosdir», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Turkiyaning Hasan Kalyonju universiteti xalqaro siyosat bo‘yicha dotsenti Murat Aslan «Al-Jazira»ga bergan intervyusida, mazkur pakt «salohiyatni oshirish» masalalarini ham qamrab olishi mumkinligini aytdi.

«Turkiya va Saudiya Arabistoni turli xil xavfsizlik masalalariga duch kelmoqda. Birinchi navbatda, bu — Eron omili. Bunga Pokistonni ham qo‘shish mumkin, chunki ular umumiy chegaraga ega. Saudiyaliklarda esa Eron ularning xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqida doimiy xavotir mavjud. Shu sababli, bu pakt muayyan ma’noda ularning xavfsizlik qamrovini kengaytiradi», — dedi tahlilchi.

Eron bu kelishuvga qanday munosabat bildirdi?

Eronlik deputat Ibrohim Rizoiy juma kuni «X» tarmog‘idagi sahifasida mazkur paktni keskin tanqid qildi.

«Amerikaliklarga yillar davomida bir tomonlama qaram bo‘lish ularga xavfsizlik keltirmaganidek, Turkiya va Pokiston bilan imzolangan qog‘ozdagi kelishuv ham xavfsizlikni ta’minlamasligini saudiyaliklar tushunib yetishi kerak. Boshqalardan xavfsizlik tilanib yurmaslik uchun o‘z siyosatingizni isloh qiling, — deb yozdi u.

Bu pakt Isroil uchun nimani anglatadi?

Turkiya rasmiysi juma kuni «Reuters» axborot agentligiga ma’lum qilishicha, uch davlat o‘rtasidagi kelishuv faqat mudofaa xususiyatiga ega va biror-bir aniq davlatga qarshi qaratilmagan. Shuningdek, ushbu pakt mintaqadagi boshqa davlatlar qo‘shilishi uchun ham ochiq ekani ta’kidlandi.

Biroq shunisi ma’lumki, bu uch davlat Isroilning mintaqadagi ta’siri ortib borayotganidan va so‘nggi paytlardagi hujumlaridan jiddiy xavotirda.

Iyul oyi boshida Istanbulda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda bayonot bergan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Yaqin Sharqdagi tinchlik sa’y-harakatlari mintaqaviy qo‘llab-quvvatlashsiz muvaffaqiyat qozona olmasligini ta’kidladi. Shuningdek, u Isroilga AQSH-Eron kelishuvini barbod qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

«Isroil ma’muriyatining mazkur (AQSH-Eron) kelishuvini yo‘qqa chiqarishga urinishlarini diqqat bilan kuzatib boryapmiz... Urushga mukkasidan ketgan hozirgi Isroil hukumati mintaqamizni yana porox va qon isiga botirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak», — dedi u.

Turkiya rahbari Isroilni 17-iyun kuni janglarni to‘xtatish va muzokaralar uchun imkon yaratish maqsadida imzolangan AQSH-Eron O‘zaro anglashuv memorandumiga putur yetkazishga urinishda bir necha bor aybladi. Erdo‘g‘on, shuningdek, Isroilning G‘azo, Livan va Suriyadagi hujumlarini ham keskin qoralagan.

O‘z navbatida, Pokiston ham Isroilning G‘azodagi genotsid siyosatini qoralab kelmoqda. 2023 yilning oktabr oyidan beri u yerdagi hujumlar oqibatida 71 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi. Ularning mingga yaqini o‘tgan yili AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi e’lon qilinganidan keyingi davrda qurbon bo‘lgan. Islomobod, shuningdek, «Buyuk Isroil» haqidagi har qanday g‘oyani keskin qoralaydi.

Shu bilan birga, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida Pokiston vositachi rolini o‘z zimmasiga olib, keng ko‘lamli mintaqaviy mojaroning oldini olishga intilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp uzoq vaqtdan buyon Saudiya Arabistonini Isroil va musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtiruvchi «Ibrohim kelishuvi»ga qo‘shilishga ko‘ndirishdan umidvor. Biroq Saudiya Arabistoni Isroilning G‘azo va bosib olingan G‘arbiy sohildagi xatti-harakatlarini bir necha bor qoraladi. Qolaversa, Falastin davlatchiligi uchun aniq yo‘l xaritasi yaratilmaguncha Isroil bilan munosabatlarni tiklamasligini qat’iy ta’kidlab kelmoqda (Isroilning hozirgi hukumati esa bunga keskin qarshi).

Xalqaro inqirozlar guruhining Fors ko‘rfazi va Arabiston yarim oroli mintaqasi bo‘yicha loyiha direktori Yasmin Faruk o‘zining 20-iyul kungi hisobotida Turkiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni hamda Misr o‘rtasida mudofaa sohasidagi yaqinlashuv — bu to‘rt davlat mashaqqat bilan anglab yetgan haqiqatning in’ikosi ekanini aytdi.

«Bu mamlakatlarning ko‘plab rasmiylari hali fevral oyi oxirida, ya’ni AQSH va Isroilning Eronga hujumidan avvalroq shu xulosaga kelib bo‘lgan edi. Biroq urush va undan keyingi Eronning javob zarbalari, xususan, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlariga yo‘llangan raketa va dron hujumlari, qolaversa, Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi bu jarayonga yangi va kuchli turtki berdi», — deydi ekspert.

Shunga qaramay, uning ta’kidlashicha, Isroil va AQSHdagi bir qator tahlilchilar hamda rasmiylar mazkur davlatlarning qo‘shma xavfsizlik harakatlarini «sunniy davlatlarning Isroilga yoki Isroil va BAAga qarshi bloki» sifatida talqin qilmoqda.

Joriy yilning fevral oyida Quddusdagi konferensiya chog‘ida Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet Turkiyani «yangi Eron» deb atagan edi. Shuningdek, u Anqara Saudiya Arabistonini Isroilga qarshi qayrashga hamda Pokiston bilan birgalikda sunniylar o‘qini yaratishga urinayotganini iddao qilgan.

 

Teglar

Mavzuga oid