Oltin va bitkoin emas: Dunyoda qahva narxi keskin ko‘tarilmoqda
Jahon bozorida qahva narxi jadal o‘sib, so‘nggi uch oydagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bunga Indoneziyadagi qurg‘oqchilik hamda Braziliyadagi kuchli jala sabab bo‘ldi. Bozorda mahsulot tanqisligi va narxlarning yanada ko‘tarilishi xavfi bor.

Кетма-ket beshinchi hafta investorlarning bor e’tibori bitkoin yoki oltinga emas, balki insonlar uchun tongini boshlab beruvchi ichimlik — qahvaga qaratildi.
Xususan, sentabr oyidagi fyucherslarda «Arabika» navining maksimal narxi 5 foizga oshib, 25-martdan buyon ilk bor bir tonnasi 7 ming dollardan oshdi.
Qahvaning eng xaridorgir navi bo‘lgan «Robusta» narxi ham 5,76 foizga o‘sib, tonnasi 3891 dollarga yetdi.
Buning asosiy sababi — yirik eksportyor mamlakatlardagi noqulay ob-havo sharoitidir. Masalan, Braziliyaning markaziy mintaqalarida kuzatilayotgan kuchli yomg‘irlar hosil yig‘im-terimini kechiktirmoqda. Bu qahva donlarini quritish jarayonini qiyinlashtirib, mahsulot sifatiga putur yetkazishi mumkin.
«Safras & Mercado» konsalting kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, 1-iyulga qadar ekin maydonlarining bor-yo‘g‘i 52 foizidan hosil yig‘ib olingan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili ayni shu davrda hosilning 60 foizi yig‘ishtirib olingan edi. So‘nggi besh yildagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 55 foizni tashkil etadi.
Bundan tashqari, braziliyalik fermerlar xomashyoni sotishga shoshilmayapti. Ishlab chiqaruvchilarning aksariyati mahsulotni faqatgina qisqa muddatli shartnomalar asosida yetkazib bermoqda. Hozircha ular vaziyatni kuzatish pozitsiyasini tanlab, ko‘rilgan zarar ko‘lamini chamalamoqda.

Qolaversa, milliy valuta — Braziliya realining mustahkamlanishi ham eksportdan tushadigan foydani kamaytirmoqda.
Qahva yetishtirish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadigan Indoneziyada ham hosil xavf ostida qolgan. Bunga Tinch okeanining ekvatorial qismida suv haroratining anomal darajada ko‘tarilishiga olib keluvchi «El-Nino» tabiiy hodisasi sabab bo‘lmoqda.
Iqlimning keskin o‘zgarishi oqibatida ayrim hududlar qurg‘oqchilikdan aziyat cheksa, boshqalarida suv toshqinlari kuzatilmoqda.
«El-Nino Indoneziyadagi qahva, kakao va boshqa ekinlar hosiliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar qurg‘oqchilik uzoq vaqt davom etsa, bu ishlab chiqarish hajmining qisqarishiga va, o‘z navbatida, jahon bozorida narxlarning oshishiga olib keladi», — deydi indoneziyalik iqlimshunos Adri Ramdani.
Hosil tanqisligi va chayqovchilar
ICE birjasida sertifikatlangan qahva zaxiralarining tugab borayotgani ham narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yana bir omildir. Aprel oyida «Arabika» zaxirasi 58,2 ming qopdan ko‘proqqa qisqargan. May oyida bu ko‘rsatkich qariyb 64 mingtaga, iyun oyida esa 57 ming qopga kamaydi. Hozirgi vaqtda zaxiralar taxminan 375,5 ming qopni tashkil etmoqda (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 843,7 ming qop edi).
«Lavazza» kompaniyasi boshqaruvi raisi Juzeppe Lavatssaning so‘zlariga ko‘ra, zaxiralarni qayta tiklash uchun kamida ikki yil kerak bo‘ladi.

Logistikadagi muammolar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Qahva tashishga mo‘ljallangan kemalar soni tobora kamayib bormoqda. Gap shundaki, suv yo‘llaridagi notinch vaziyat sababli sug‘urta kompaniyalari ko‘pincha xizmat ko‘rsatishdan bosh tortmoqda. Buning ustiga, hosil yetishtiruvchi mamlakatlarning hammasi ham yig‘ib olingan mahsulotni tezkorlik bilan eksport qilishning uddasidan chiqa olayotgani yo‘q.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi fonida yonilg‘i narxining ko‘tarilishi ham qahva bozoriga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Oqibatda xomashyo tashish xarajatlari keskin oshib ketdi. Qolaversa, yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, mo‘may daromad olishni ko‘zlagan chayqovchilarning xatti-harakatlari ham narxlarning o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bu omillarning barchasi tayyor qahva narxiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi — xoh u donli, xoh tuyilgan yoki qahvaxonalarda tayyorlanadigan ichimlik bo‘lsin. Shu bois tetiklashtiruvchi bu ichimlik ixlosmandlari endi ko‘proq xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi. Yil oxiriga borib qahva 20-30 foizgacha qimmatlashishi mumkin.
«Narxlarni pasaytirish haqida o‘ylashdan avval bozor barqarorlashishi kerak», — deydi Juzeppe Lavatssa. Uning ta’kidlashicha, «beqarorlik odatiy holga aylangan».
Qahva neftdan keyingi o‘rinda
Qahva dunyodagi eng xaridorgir ichimliklardan biri sanaladi. Savdo hajmi bo‘yicha u neftdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
Bugungi kunda qahvaga bo‘lgan talab taklifdan oshib ketgan. Masalan, qahva eng ko‘p Finlyandiyada iste’mol qilinadi. Bu mamlakatda aholi jon boshiga yiliga o‘rtacha 9,6–12 kilogramm qahva to‘g‘ri keladi. Bu ichimlikning ushbu o‘lkada bunchalik ommalashishini qisman shafqatsiz iqlim va uzoq davom etadigan sovuq qish bilan izohlash mumkin.
Qahva ichish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Norvegiya egallaydi. Bu yerda bir norvegiyalik yiliga o‘rtacha 7,2 kilogramm qahva iste’mol qiladi. Tetiklashtiruvchi ichimlik ixlosmandlari uchligini Niderlandiya yakunlaydi — bu davlatda jon boshiga yiliga o‘rtacha 6,7 kilogrammdan to‘g‘ri keladi.
Mutlaq ko‘rsatkichlarga ko‘ra esa qahva donlarining eng yirik importchisi va xaridori AQSH hisoblanadi.
Qolaversa, dunyo bo‘ylab qahva iste’moli o‘sib bormoqda. Bunga an’anaviy ravishda choyni afzal ko‘ruvchi Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlar ham o‘z hissasini qo‘shyapti.
Qahvaga bo‘lgan talabning ortishi, shubhasiz, narxlarning yanada ko‘tarilishiga olib keladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qahva ixlosmandlari narx oshganini o‘z cho‘ntaklarida darhol sezishmaydi.
«Odatda, chakana narxlarga ta’sir bir zumda sezilmaydi. Birja kotirovkalarining o‘sishi bilan do‘kon peshtaxtasidagi narx o‘rtasida vaqtinchalik farq bo‘ladi: avval treyderlar va qovuruvchilar uchun xarid narxlari, so‘ngra distribyutorlar va savdo tarmoqlari uchun yetkazib berish shartlari o‘zgaradi. Qolaversa, do‘kondagi narxga faqatgina birja ko‘rsatkichlari emas, balki valuta kurslari, logistika, shartnomalar tuzilmasi, ta’minotchilardagi zaxiralar, qadoqlash hamda chakana savdoning narx siyosati ham ta’sir ko‘rsatadi», — dedi «NPF GAZFOND PN» investitsiya boshqarmasi direktori Yuriy Mishukov «TRT» nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qahva tanqisligi kutilmayapti, biroq mahsulotning qimmatlashishi muqarrar.
«Agar yoz oxiriga borib Braziliyadagi kuchli yomg‘irlar hosil hajmi yoki sifatini sezilarli darajada pasaytirgani ma’lum bo‘lsa, yakuniy iste’molchi narxlarning oshishini bir necha oy ichida yanada kuchliroq his qilishi mumkin», — deya ogohlantiradi u.
Bundan tashqari, keyingi mavsum uchun ham xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, «El-Nino» hodisasi sentabr va oktabr oylarida qahva daraxtlarining gullashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan 2026–2027 yillardagi hosil taqdirini hal qiladi.





