Ramsar ro‘yxatidagi O‘zbekiston hududi: Sudochening noyob ekotizimi va qadimiy Buyuk Ipak yo‘li izlari
Markaziy Osiyodagi qit’alararo qushlar migratsiyasi yo‘lida joylashgan Sudoche ko‘llar tizimi o‘zining bioxilma-xilligi bilan hudud ekologiyasida strategik rol o‘ynaydi. Qirq mingdan ziyod pushti flamingolar va Qizil kitobga kiritilgan o‘nlab turlarga boshpana bo‘lgan mazkur landshaft yovvoyi tabiatning jonli muvozanatini aks ettiradi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaQo‘riqxonalar sayyoramizning biologik xilma-xilligini, noyob ekotizimlar va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonot hamda o‘simliklar olamini saqlab qolishda fundamental ahamiyatga ega. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida qat’iy muhofaza rejimiga ega bo‘lgan o‘nlab davlat landshaft va turlarni saqlashga ixtisoslashgan buyurtma qo‘riqxonalari faoliyat yuritadi. Bu hududlar nafaqat milliy, balki mintaqaviy ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik o‘ringa ega bo‘lib, ana shunday muhim maskanlardan biri Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosida joylashgan Sudoche davlat landshaft buyurtma qo‘riqxonasi hisoblanadi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
2021-yili davlat buyurtma qo‘riqxonasi sifatida qayta tashkil etilgan «Sudoche-Akushpa» ning umumiy maydoni 144 ming 110 gektarni, jumladan uning tarkibidagi «Sudoche-Akpetki» hududi 84 ming gektarni tashkil etadi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Amudaryo deltasining chap qismida, Ustyurt platosining sharqiy chinklari (qirralari) yaqinida joylashgan Sudoche ko‘llar tizimi ilgari Orol dengizining eng yirik ko‘rfazlaridan biri bo‘lgan va o‘z vaqtida uning maydoni 350 kvadrat kilometrgacha yetgan. Hozirgi kunda u bir nechta yirik havzalardan, xususan, Kichik Sudoche, Qorateren, Begdulla-Aydin va Akushpa kabi ko‘llardan iborat bo‘lib, o‘zining suv-botqoq ekotizimi bilan iqlim barqarorligida muhim rol o‘ynaydi. Mazkur landshaft yirik sayoz chuchuk va sho‘r ko‘llarni, qalin qamishzor hamda butazorlarni, sho‘rxok va botqoqli maydonlarni, shuningdek, saksovul ekinlari va qadimiy jarliklardan iborat cho‘l hududlarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Flora va fauna
Sudoche hududi ikki yirik cho‘l — Qizilqum va Ustyurt platosining o‘ziga xos tabiat chegarasida joylashganligi sababli, Markaziy Osiyo qit’alararo uchish yo‘lida mavsumiy migratsiya davrida o‘n minglab suv va suvoldi qushlarining to‘xtab o‘tish, in qurish hamda qishlash joyi sifatida misli ko‘rilmagan ahamiyat kasb etadi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Platoning yaqinligi nafaqat qushlar, balki ko‘plab yirtqich sutemizuvchilarning ko‘payishi uchun ham qulay ekologik zamin yaratadi. Qo‘riqxona hududida jami 314 turdagi hayvonot dunyosi vakillari, shulardan 80 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob» iga kiritilgan noyob turlar qat’iy muhofaza qilinadi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Qoraqalpoq davlat universiteti professori Islambek Oripboyev ushbu maskanning ornitologik qimmati va hududdagi populyatsiya o‘zgarishlari haqida shunday ta’kidlaydi:
«Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 48 turdagi qush turi uchrasa, shularning ko‘pchiligi Sudoche ko‘llar sistemasida uyalaydi. Jumladan, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan flamingolarning O‘zbekistonda uyalovchi asosiy populyatsiyasi shu ko‘llar tizimidadir. 2015-yil may oyida bu hududda 7000 ga yaqin flamingo aniqlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqamlar 40 mingdan oshadi».

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Tarixiy yodgorlik va xalqaro ahamiyat
Mazkur tabiat maskani faqatgina flora va fauna vakillari uchun boshpana vazifasini o‘tabgina qolmay, o‘z hududida qadimiy sivilizatsiyalar tarixini ham yashirib kelmoqda.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Qo‘riqxona chegaralarida joylashgan bir nechta arxeologik yodgorliklar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanidagi «Kubla Ustyurt» posyolkasi yaqinida qad rostlagan va davlat muhofazasiga olingan Urga qal’asi alohida madaniy qimmatga ega. Arxeologik izlanishlarga ko‘ra, X-XIII asrlarga tegishli bo‘lgan ushbu yodgorlik o‘rta asrlarda Xorazm vohasining savdo hamda madaniy hayotida tranzit nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Qadimgi Buyuk Ipak yo‘li tarmog‘idagi xavfli cho‘l hududlarida o‘rnashgan ushbu strategik obyekt bugungi kunda hududning ekoturizm bilan bir qatorda yirik arxeologik turizm salohiyatini ham to‘liq namoyon etadi.
Sudochening xalqaro miqyosdagi bebaho o‘rni jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilgan bo‘lib, u xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxati hisoblanmish Ramsar konvensiyasi (Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan, ayniqsa, suv qushlarining yashash joyi hisoblangan suv-botqoqlik hududlarining rasmiy ro‘yxatidir. Bu tizim 1971-yili Eronning Ramsar shahrida qabul qilingan «Suv-botqoqlik hududlari to‘g‘risidagi konvensiya» asosida shakllantirilgan.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Uning asosiy maqsadi sayyoramizdagi ekologik muvozanatni saqlash, suv resurslarini muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrashdir.) ga kiritilgan hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan dunyo miqyosidagi qushlar uchun eng muhim hududlardan biri (IBA — Important Bird Areas) deya e’lon qilingan.
Teglar






