Urushlar, sanksiyalar, inqirozlar: global tebranishlar neft narxlariga qanday ta’sir qildi?
Ko‘p yillardan beri dunyodagi vaziyatning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri fond bozori bo‘lib kelmoqda. Investorlar sayyorada yuz berayotgan turli xil keskin voqealarga juda tez munosabat bildiradi. Urushlar, tabiiy ofatlar, siyosiy rejimlarning almashishi, hatto ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar ham — bularning barchasi narxlarda o‘z aksini topadi. Investorlar uchun navbatdagi katta zarba AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumi bo‘ldi. Vaziyatning keskinlashishi neft narxining juda tez ko‘tarilishiga olib keldi. Keling, tarixda neft narxining shunday keskin o‘zgarishlariga sabab bo‘lgan boshqa voqealarni ham eslaymiz.

Deyarli barqaror 1990-yillar
1990-yillar davomida Brent markali neft narxi nisbatan barqaror bo‘lib, bir barrel uchun taxminan $18–19 atrofida edi. Eng keskin o‘sishlardan biri 1990-yilda yuz berdi. O‘sha yilning 2-avgustiga o‘tar kechasi Iroq qo‘shinlari Quvayt hududiga bostirib kirdi. 6-avgust kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Iroq nefti bilan savdoga embargo joriy qildi. Sentyabr oxiriga kelib neft narxi o‘sha davr uchun rekord daraja — $41,45 gacha ko‘tarildi. Ammo keyinchalik kotirovkalar asta-sekin pasaya boshladi.

1998-yilda esa Brent narxi Osiyo moliyaviy inqirozi fonida tushib ketdi. Bu inqiroz Tailandda boshlanib, mintaqadagi boshqa davlatlarga — Koreya, Indoneziya, Malayziya va Filippinga ham tarqaldi. 1998-yil iyun oyida neft narxi bir barrel uchun $11 gacha tushdi. 10-dekabrga kelib esa $9,1 gacha pasaydi. Bu Rossiyada 1998-yil 17-avgustda defolt e’lon qilinishiga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi. 1999-yil mart oyida kotirovkalar inqirozgacha bo‘lgan $15–20 darajasiga qaytdi.
2000-yillardagi neft bumi
2000-yillarning boshida Brent narxi $20–35 oralig‘ida o‘zgarib turdi. 2002-yildan boshlab esa narxlar ko‘tarila boshladi. Mutaxassislar buning sabablarini Iroqdagi urush, dunyoda neft iste’molining o‘sishi va Fors ko‘rfazi davlatlarida oson qazib olinadigan neft zaxiralarining kamayishi bilan izohlagan. 2004-yilning oktabr oyida Brent narxi $50 chegarasidan oshdi. 2005-yil sentabriga kelib esa neft narxi $65 dan yuqori bo‘ldi. Bunga sabab sifatida 25–29-avgust kunlari Meksika qo‘ltig‘i va AQSHning janubiy qirg‘oqlariga yopirilgan «Katrina» to‘foni ko‘rsatiladi. Tabiiy ofat qo‘ltiqdagi neft terminallari va platformalariga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida birjalarda neft narxi faol ravishda o‘sdi. 2008-yil 29-fevralda neft narxi $100 chegarasidan oshdi. Ammo tarixiy maksimum 4-iyul kuni qayd etildi — bir barrel uchun $143,95.
Bozor bunga Yaqin Sharqdagi beqarorlik sababli munosabat bildirdi. Iyun oyida Isroilning Eronga ehtimoliy zarbasi haqida gaplar kuchaydi. Bunday hujum Hormuz bo‘g‘ozining yopilishiga va neft narxining keskin oshishiga olib kelishi mumkin, degan taxminlar bor edi.
Inqirozlar ketma-ketligi va neft narxining qulashi
Neft narxi deyarli uzluksiz o‘sib kelganidan keyin keskin qulashi boshlandi. 2008-yil 26-dekabrda bir barrel neft $33,73 turardi. Bu 4-iyuldagi ko‘rsatkichdan 76,6 foiz past edi. Bunga jahon iqtisodiy inqirozining boshlanishi sabab bo‘ldi. 2010-yilga kelib bir barrel neft o‘rtacha $70–80 turardi. Ammo «Arab bahori» — Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida, jumladan, yirik neft ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Liviyada yuz bergan norozilik namoyishlari — 2011-yilning fevralida neft narxining yana $100 dan yuqori ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Uch oy ichida narx 25 foizdan ko‘proqqa oshdi va 2-may kuni bir barrel Brent $126,64 ga yetdi. Liviyadan neft yetkazib berishning keskin kamayishi sababli yuzaga kelgan narx o‘sishini Xalqaro energetika agentligi va AQSHning strategik zaxiralaridan neft chiqarilishi biroz jilovladi. 2011-yil o‘rtalarida jami qariyb 90 mln barrel neft zaxiralardan bozorga chiqarilgan.
Brent narxi 2012-yilning fevraligacha $105–115 oralig‘ida saqlanib qoldi. Mart oyiga kelib esa $128,14 ga yetdi. Bunga Yevropadagi iqtisodiy muammolar, xususan, Gretsiyadagi inqiroz sabab bo‘ldi. Gretsiya bankrot bo‘lib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidan rasman moliyaviy yordam so‘ragan edi. 2012-yilda mamlakat uchta yordam paketidan ikkinchisini oldi. Mutaxassislar Gretsiyaning yevrozonadan chiqib ketishi mumkinligi haqida gapirgan. Iyun oyida neft narxi $88,69 gacha tushdi. Shundan keyin yana ko‘tarila boshladi va 2013-yilda o‘rtacha $108 darajasida bo‘ldi.
Neftning ortiqchaligi va OPEK qarorlari
2014-yilning boshida Brent nefti taxminan $106–109 turardi. Iyun oyida narx $115 gacha ko‘tarildi, ammo avgustdan boshlab $100 dan pastga tusha boshladi. Narxdagi o‘zgarishlar bozorda talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat buzilgani bilan bog‘liq edi. Asosiy neft iste’mol qiluvchi mamlakatlarda yonilg‘iga bo‘lgan talab kamaygan, shu bilan birga taklif oshgan. AQSHda, ayniqsa slanets nefti qazib olish hajmi yuqori bo‘lib qoldi. 2014-yil davomida AQSHda neft qazib olish hajmi 1,2 mln barrelga oshib, 8,7 mln barrelga yetdi.
Neftning ortiqcha taklifi Saudiya Arabistonining eksport hajmini yuqori darajada ushlab turgani sababli ham yuzaga keldi. Bundan tashqari, avgust oxirida tanaffusdan keyin Liviyadan neft yetkazib berish qayta tiklandi. 2014-yilning oktabrida neft narxi bir barrel uchun $90 dan pastga tushdi. Bunga Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelisha olmagani ta’sir qildi.
Narxning pasayishi 2015-yilda ham davom etdi. Avgust oyiga kelib Brent narxi $41,59 gacha tushdi. Bunga Xitoy fond bozoridagi inqiroz sabab bo‘ldi — bir oy ichida bozor 30 foizdan ko‘proqqa quladi. 2015-yilning dekabrida OPEK mamlakatlari yana neft qazib olish bo‘yicha kvotalarni kamaytirishdan bosh tortdi. Oqibatda neft narxi $40 dan pastga tushdi.
Narx pasayishda davom etdi va 2016-yilning yanvarida 2003-yildan beri eng past daraja — $26,01 ga yetdi. 2016-yilning fevralida Rossiya va OPEKning uch davlati — Saudiya Arabistoni, Qatar (2019-yilda tashkilotdan chiqdi) va Venesuela — neft qazib olish hajmini muzlatib qo‘yish imkoniyatini muhokama qila boshladi. Bu muzokaralar fonida kotirovkalar asta-sekin barqarorlasha boshladi.
2016-yil 30-noyabrda OPEK+ a’zolari neft qazib olishni 2016-yilning oktabridagi darajaga nisbatan 1,75 mln barrelga kamaytirishga kelishib oldi. Bu neft narxining oshishiga olib keldi — dekabr oyida bir barrel neft narxi $54 dan oshdi.
Sanksiyalar, pandemiya va yangi narx sakrashlari
2017-yilning iyunidan boshlab neft narxi asta-sekin ko‘tarildi va 2018-yil 6-oktabrda $86,07 ga yetdi. Bunga, jumladan, noyabr oyida AQSH sanksiyalari sabab Eronning neft eksporti qisqarishi kutilayotgani ta’sir qildi. 2018-yil 28-dekabrga kelib esa neft narxi qariyb 41 foizga tushib, $50,57 bo‘ldi. Bozorga AQSHda neft qazib olish hajmining oshishi va jahon iqtisodiyotining sekinlashishi sababli neft taklifi haddan tashqari ko‘payib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bosim o‘tkazdi. 2020-yilda bundan ham kuchliroq qulashi kuzatildi. 6-yanvar kuni bir barrel neft $70,25 turgan bo‘lsa, 21-aprelga kelib narx qariyb 87 foizga tushib, $9,12 bo‘ldi. Bunga asosan COVID-19 pandemiyasi sabab bo‘ldi. Turli karantin cheklovlari tufayli dunyoda neftga bo‘lgan talab bir sutkada birdaniga 29 mln barrelga kamaydi.
Vaziyatni 2020-yilning mart oyida OPEK+ kelishuvining barbod bo‘lishi yanada og‘irlashtirdi. Yozda COVID-19 sabab joriy etilgan cheklovlar yumshatilishi fonida neft narxi $40–45 gacha tiklandi. Shundan keyin narxlar ayrim tebranishlar bilan asta-sekin ko‘tarilib bordi va 2022-yilning fevraliga kelib bir barrel uchun $100 chegarasidan oshdi.
Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin, 24-fevral kuni neft narxi $101,29 bo‘ldi. 2022-yilning eng yuqori ko‘rsatkichi 8-martga to‘g‘ri keldi — neft narxi $133 dan oshdi.
G‘arb davlatlari Rossiya energetika resurslarini zudlik bilan import qilishni taqiqlashni rejalashtirmayotgani ma’lum bo‘lgach, neft narxi pasaya boshladi va yana $100 atrofidagi darajaga qaytdi.
2023-yilning boshida Xitoy pandemiya cheklovlarining katta qismini bekor qilgani sababli mamlakat iqtisodiy faolligi tezlashishi kutilgan edi. Ammo iqtisodiyotning real tiklanishi prognoz qilinganidan sekinroq bo‘ldi. May oyida neft narxi $72 dan pastga tushdi. Shundan keyin narx asta-sekin ko‘tarilib, sentabr oyida $95 chegarasidan oshdi. Tahlilchilar kotirovkalarning oshishini Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi bilan bog‘ladi.
Yil oxiriga kelib neft narxi yana tushdi va $70–80 oralig‘ida saqlanib qoldi. Bunga noyabr oyidagi OPEK+ yig‘ilishida neft qazib olishni cheklash bo‘yicha yangi choralar joriy etilgani sabab bo‘ldi. 2024-yilning boshida neft narxi asosan $80 dan pastga tushmadi. Aprel oyida esa $92 dan oshdi. Bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi ta’sir ko‘rsatdi.
Yil oxiriga kelib neft narxi pasaydi. Bunga, jumladan, dollarning mustahkamlanishi va Meksika qo‘ltig‘ida bo‘ron sabab neft qazib olish uchun yuzaga kelgan xavfning kamayishi ta’sir qildi. 2025-yilda ham neft narxi pasayishda davom etdi. Kotirovkalar yanvar oyidagi $80 dan dekabr oyida $60 gacha tushdi. Bozorga jahon savdosidagi noaniqlik sabab neftga bo‘lgan talabning beqarorligi bosim o‘tkazdi. Bu noaniqlik AQSH prezidenti Donald Trampning tarif siyosati bilan bog‘liq edi.
Bundan tashqari, OPEK+ neft qazib olish hajmini sutkasiga 137 ming barrelga oshirishga qaror qilgani ham bozorda taklif haddan tashqari ko‘payib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi va neft narxiga ta’sir ko‘rsatdi.
Brent neftining narxi 2026-yil iyul oyidan beri birinchi marta 100 dollardan oshdi
Brent neftiga fyucherslar narxi qariyb 2 foizga oshib, bir barrel uchun 100 dollardan yuqoriga ko‘tarildi. Bu 24-iyuldan beri kuzatilmagan holat.
Treyderlar Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatning yana keskinlashgani sababli neft yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishidan xavotirda. Yaqinda AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eronning beshta neft tankerini yo‘q qilganini ma’lum qildi. AQSH tomoni buni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Amerika harbiy kemasiga qilgan ikki hujumiga javob sifatida izohladi.
9-sentabr kuni ertalab Eron ikki AQSH kemasi va sakkizta tankerga zarba berganini ma’lum qildi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa Tehron yopiq deb e’lon qilgan bo‘g‘oz orqali o‘tishga uringan, deb hisoblangan yana 10 ta kemaga hujum qilinganini bildirdi.
Bir kun avval Saudiya Arabistoni hujumlar sababli bir nechta energetika obyektlari faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qildi. Urush boshlanishidan oldin Hurmuz bo‘g‘ozi orqali dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tgan. Bu kuniga taxminan 20 million barrel neft degani.
Hozir esa bo‘g‘oz orqali kuniga taxminan 10 million barrel neft o‘tmoqda. Bunday bahoni Vitol kompaniyasi rahbari Rassel Xardi bildirdi.
«Goldman Sachs» hisob-kitoblariga ko‘ra, neft yetkazib berishdagi uzilishlar 2027-yilgacha davom etishi mumkin. Bankning asosiy prognoziga ko‘ra, dekabr oyida Brent neftining narxi bir barrel uchun 85 dollar atrofida bo‘ladi. Biroq kemalarga hujumlar yanada kuchaysa, neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Janglar eng avjiga chiqqan aprel oyining oxirida neft narxi bir barrel uchun 126 dollarga yetgan edi. Iyul oyidagi sulhdan keyin esa narx 70 dollargacha tushgan.





