Logo

Click nasiya mahsulotlarini ishga tushirmoqchi

Bugun 15:552 daqiqa

Kompaniya o‘zining BNPL mahsulotlarini ishlab chiqmoqda, biroq uning shartlari va qachon ishga tushishi hozircha ochiqlanmagan. Bu reja nasiya bozori uchun qoidalar o‘zgarayotgan paytda amalga oshirilmoqda.

Click nasiya mahsulotlarini ishga tushirmoqchi © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonning yirik to‘lov tashkilotlaridan biri Click o‘zining muddatli to‘lov mahsulotlarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda kompaniya mahsulot menejeri Shoxrux Xaltayev Trend’ga ma’lum qildi.

Uning fikricha, O‘zbekistonda kredit va muddatli to‘lov xizmatlaridan foydalanayotgan aholi ulushi oshib bormoqda. Bu esa BNPL (Buy now pay later) — xaridni hozir amalga oshirib, pulini keyinroq bo‘lib to‘lash xizmatlariga talabni kuchaytiradi.

Click bungacha Yandex bilan Yandex Split nomli hamkorlik loyihasini yo‘lga qo‘ygandi. Xizmat orqali mijoz xarid uchun yetishmayotgan mablag‘ni Yandex’dan olib, qarzni qismlarga bo‘lib qaytarishi mumkin bo‘lgan.

Xaltayevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha hozir vaqtincha to‘xtatilgan. Click bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirib, o‘z mahsulotlarini «biroz boshqacha» modelda ishga tushirmoqchi.

Biroq yangi mahsulot Yandex Split’dan aynan nimasi bilan farq qilishi ochiqlanmagan. Kompaniya uni qachon ishga tushirishi, mablag‘ni Click’ning o‘zi yoki hamkor moliya tashkiloti ajratishi, ustama va to‘lov muddati qanday bo‘lishi haqida ham ma’lumot bermagan.

Click yangi daromad yo‘nalishini rivojlantirayotgan paytda kompaniyaning moliyaviy natijalarida xarajatlar bosimi kuchaymoqda.

Kompaniya 2025-yilda 702,6 mlrd so‘m daromad va 375,8 mlrd so‘m sof foyda olgan. Daromad bir yilda 36 foizga, sof foyda esa 27 foizga oshgan.

Biroq 2026-yilning birinchi yarmida vaziyat o‘zgardi. Click’ning tushumi 23,8 foizga ko‘payib, 437,6 mlrd so‘mga yetgan bo‘lsa-da, xarajatlari undan tezroq — 40,9 foizga oshgan. Natijada kompaniyaning sof foydasi 3 foizga kamayib, 150 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Sof foyda marjasi ham bir yil ichida 43,8 foizdan 34,3 foizgacha tushgan. Bunga boshqa operatsion xarajatlarning 3,5 baravar oshishi va to‘lov tashkilotlarining standart soliq rejimiga o‘tkazilishi ta’sir qilgan.

Shu bilan birga, Click foydasining katta qismini muntazam ravishda aksiyadorlarga taqsimlab kelmoqda. Vaqt.uz hisob-kitobiga ko‘ra, 2025-yil sentabrdan 2026-yil maygacha qabul qilingan beshta qaror bo‘yicha aksiyadorlarga jami 196,6 mlrd so‘m dividend yo‘naltirilgan.

Kompaniya 2025-yil sentabr va noyabrda, shuningdek, 2026-yil yanvar va martda 36 mlrd so‘mdan dividend ajratgan. May oyidagi navbatdagi qarorda esa dividend miqdori 52,58 mlrd so‘mgacha oshirilgan.

Click’ning yangi mahsuloti nasiya bozori uchun qoidalar o‘zgarayotgan bir paytda ishlab chiqilmoqda. 2027-yildan muddatli to‘lov kompaniyalari Markaziy bank reyestriga kirishi, mijozlarning qarz yukini tekshirishi va shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga yuborishi kerak bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid