Logo

O‘zbekistonda HUMO steyblkoini to‘lov vositasi sifatida sinovdan o‘tkaziladi

Bugun 22:343 daqiqa

Loyiha doirasida 1 HUMO qiymati 1 so‘mga tenglashtiriladi.

O‘zbekistonda HUMO steyblkoini to‘lov vositasi sifatida sinovdan o‘tkaziladi © SI asosida yaratilgan

O‘zbekistonda HUMO barqaror tokenidan (stablecoin) to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirilmoqda. Jarayonni Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi o‘z vakolatlari doirasida kuzatib boradi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida 1 HUMO qiymati 1 so‘mga tenglashtiriladi. Barqaror tokenni chiqarish esa O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan holda amalga oshiriladi.

«Loyiha doirasida HUMO barqaror tokenini chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari, shuningdek, undan O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanish hamda ular uchun to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatlari sinovdan o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.

Loyiha ishtirokchilari va infratuzilma integratsiyasi

Ma’lum qilinishicha, «HUMO Digital» MCHJ Markaziy bank bilan kelishilgan holda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu kompaniya tokenni chiqarish, muomalaga kiritish va so‘ndirish mexanizmlarini sinovdan o‘tkazadi.

Shuningdek, kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega bo‘lgan «Asterium» AJ mazkur loyihada hamkor sifatida ishtirok etmoqda.

Alohida yo‘nalish sifatida loyiha ishtirokchilarining bank, protsessing va blokcheyn infratuzilmalarini HUMO barqaror tokenidan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun integratsiya qilish nazarda tutilgani ta’kidlanmoqda.

Nazorat muhiti va xavfsizlik talablari

Mazkur jarayonning huquqiy asosini Prezidentning 2025 yil 27-noyabrdagi PQ–359-sonli qarori hamda Adliya vazirligida 2026 yil 15-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Barqaror tokenlar muomalasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi to‘g‘risida»gi nizom tashkil etadi.

«Texnologiya imkoniyatlarini baholash bilan bir qatorda, pilot loyiha davomida ta’minotning yetarliligi va saqlanishi, operatsiyalarning shaffofligi, moliyaviy va operatsion xatarlarni boshqarish, axborot va kiberxavfsizlik, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi», — deyiladi regulyator bayonotida.

Shuningdek, daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ham qat’iy nazorat qilinadi. Markaziy bank mazkur loyihani pul-kredit siyosati maqsadlari va instrumentlariga muvofiqligi, qolaversa, moliyaviy va narxlar barqarorligiga tahdidlar mavjud emasligi nuqtai nazaridan baholaydi va monitoring qilib boradi.

Pilot loyihani amalga oshirishning dastlabki muddati 12 oy etib belgilangan. Bu muddat belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin, biroq loyihaning umumiy amal qilish muddati uch yildan oshmasligi lozim. Loyiha yakunlari bo‘yicha davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan barqaror token modelini qo‘llash imkoniyatlari baholanib, O‘zbekistonda raqamli moliyaviy vositalarni tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun, Barqaror tokenlar (stablecoins) — qiymati milliy yoki xorijiy valutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan ta’minlangan token turidir. Regulyator «qumdoni» esa yangi texnologik va moliyaviy yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ularning xatarlarini aniqlash uchun mo‘ljallangan nazorat qilinadigan maxsus huquqiy rejim hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid