Polshada ommaviy safarbarlik varaqalari tarqatilmoqda
Bu xabar fonida Rossiya urushning «Oq kitobi» haqida bayonot berdi.

Polshadagi harbiy rekruting markazlari zaxiradagi harbiylar va ayrim fuqarolik mutaxassislariga yillik safarbarlik varaqalarini jo‘natishni boshladi.
Ehtimoliy urushga tayyorgarlik
Mamlakat qurolli kuchlari vakillari buni tinchlik davridagi odatiy jarayon ekanini, maqsad — ehtimoliy inqiroz yuz bergudek bo‘lsa, kadrlarni oldindan taqsimlab qo‘yishdan iboratligini ta’kidlamoqda.
Polsha qonunchiligiga ko‘ra, safarbarlik chaqiruvi tinchlik davrida ham berilishi mumkin. Bu hujjat fuqaroga muayyan harbiy vazifa yuklatilganini tasdiqlaydi.
Unda mamlakatda safarbarlik e’lon qilingan yoki urush boshlangan taqdirda, chaqiriluvchi aynan qaysi harbiy qismga va qayerga yetib borishi kerakligi ko‘rsatiladi.
Polsha Markaziy harbiy rekruting markazining izohlashicha, bunday varaqalarni tayyorlash va egalariga yetkazish har yili o‘tkaziladigan odatiy jarayon hisoblanadi.
Rossiyaning munosabati
Bu xabar fonida Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin Yevropa Ittifoqining asosiy hujjatlarida 2030 yillar arafasida Rossiya bilan keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rish ssenariysi ochiq-oydin yozib qo‘yilganini ma’lum qildi.
«2030 yilga borib yirik qurolli mojaroga shay turish masalasi Yevropa Ittifoqi hujjatlarida, xususan, Yevropa mudofaasiga bag‘ishlangan va «Yevropani qayta qurollantirish rejasi. 2030 yilga tayyorgarlik» deb nomlangan «Oq kitob»da aniq belgilab qo‘yilgan», — dedi u.





