O‘zbekistonda olti oyida 11 703 kishi ozodlikdan mahrum qilindi
Ularning qariyb yarmi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolangan.
© vesti.azO‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida ozodlikdan mahrum qilinganlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga oshdi. Bu haqda Oliy sud ma’lumot berdi.
Yanvar-iyun oylarida respublika sudlari tomonidan 11 ming 703 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 9 ming 570 nafarni tashkil etgan. Bir yilda qamoq jazosi olganlar soni 2 ming 133 nafarga ko‘paygan.
Hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan — 2 ming 30 nafar. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 1 ming 462 nafar va Toshkent viloyati — 1 ming 452 nafar bilan qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda — 317 nafar.
Qaysi jinoyatlar eng ko‘p sodir etilgan?
Ozodlikdan mahrum qilinganlar orasida 179 nafar shaxs qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun jazolangan.
Yana 1 ming 376 nafar shaxs qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazgani uchun ozodlikdan mahrum qilingan. Bezorilik jinoyati bo‘yicha qamoq jazosi olganlar soni 1 ming 789 nafarni tashkil etgan.
Eng katta ko‘rsatkich giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarda qayd etilgan. Bunday jinoyatlarni sodir etgani uchun 5 ming 788 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilingan. Toshkent shahrida esa ikki nafar shaxsga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Korrupsiya bo‘yicha jazolar
2026-yil yanvar-iyun oylarida qariyb 3 ming 605 nafar shaxs korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan. Biroq ularning barchasiga qamoq jazosi tayinlanmagan.
Jumladan, 779 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilingan. Yana 614 nafar shaxs jarimaga tortilgan, 1 ming 479 nafariga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.
Korrupsiya bilan bog‘liq ishlar doirasida 711 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosini olgan. Bu ma’lumotlar sudlar tomonidan bir xil jinoyatlar uchun turli xil jazo choralari qo‘llanilayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 11-aprelda IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Satimbayev O‘zbekistonda 49 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjudligi va ularda 47 432 nafar mahkum jazo o‘tayotgani haqida ma’lum qilgandi. Jumladan, yopiq turdagi koloniyalarda hozirgi kunda taxminan 26 ming, manzil koloniyalarida esa 11 ming nafardan ortiq mahkum saqlanmoqda.





