Barcha maktab darsliklari 2031-yilgacha yangi alifboga o‘tkaziladi — vazir o‘rinbosari
Vazirlik mulozimi Azizbek Turdiyev har yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin maktab va bog‘chalarda o‘quv seminarlari o‘tkazilishi, o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham bu yangilikdan xabardor bo‘lishi, unga moslashishini aytdi. Uning urg‘ulashicha, qonun kuchga kirgandan so‘ng imtihonlar qonun bilan belgilangan alifboda o‘tkaziladi. Bu borada hech qanday savol bo‘lmaydi, vazirlik bunga tayyor. Vazir o‘rinbosari bu jarayon uchun qo‘shimcha mablag‘ talab etilmasligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda maktab darsliklarini 2027−2031-yillarda yangilangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Senatning 19-sentabrdagi majlisida aytdi.
Senator Dilbar Suvonova alifbo o‘zgarishi munosabati bilan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, dasturlar va adabiyotlarni qayta ishlash muddatlari belgilanganmi-yo‘qmi hamda bunga qo‘shimcha mablag‘lar nazarda tutilganmi, deb qiziqdi.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi ko‘zda tutilyapti. Ijro hokimiyati organlari va Fanlar akademiyasi o‘z takliflarini, jumladan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi — darsliklarni yangilash hamda o‘qituvchi va o‘quvchilarni tayyorlash bo‘yicha takliflarini bergan.
Mulozim darsliklar hozir ham belgilangan davriylik bilan yangilanib borilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 1-sinflar uchun darsliklar— har yili, 2−4-sinflar uchun — uch yilda bir marta, 5−11-sinflar uchun — besh yilda bir marta yangilanadi.
«2027-yildan boshlab, qonun kuchga kirgandan keyin, biz birinchi sinf darsliklarini yangi alifboda chop etamiz va 2031-yilga qadar barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi», — dedi u.
Vazirlik, shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarni moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tayyorlamoqda. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin, 24−28-avgust kunlari maktabgacha va maktab ta’limi tizimida o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Turdiyevning urg‘ulashicha, o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham bu yangilikdan xabardor bo‘ladi, unga moslashadi.
Majlisda islohotdan so‘ng imtihonlar qaysi alifboda o‘tkazilishi masalasi alohida muhokama qilindi.
«Qonun kuchga kirgandan so‘ng imtihonlar qonun bilan belgilangan alifboda o‘tkaziladi. Bu borada hech qanday savol bo‘lmaydi. Biz bunga tayyormiz», — dedi vazir o‘rinbosari.
U boshlang‘ich maktabda yangilangan alifbo bo‘yicha ta’lim yangi darsliklardan boshlanishini, yuqori sinflar uchun qo‘llanmalarni esa bosqichma-bosqich o‘zgartirish nazarda tutilayotganini ta’kidladi.





