Logo

Serbiya O‘zbekistonga Kosovo masalasida minnatdorlik bildirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Belgradda Serbiya TIV rahbari Marko Jurich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raisligi doirasidagi masalalarni muhokama qildi.

Serbiya O‘zbekistonga Kosovo masalasida minnatdorlik bildirdi © Foto: mfa.rs

Serbiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Marko Jurich 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev delegatsiyasi tarkibida Belgradga borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Bu haqda Serbiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlar Prezident Mirziyoyevning tashrifi Serbiya va O‘zbekiston munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun muhim turtki bo‘lishini hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro siyosiy intilishning tasdig‘i ekanini qayd etgan.

Jurich O‘zbekistonda Serbiya Respublikasi elchixonasini ochish bo‘yicha «yakuniy qadamlar» ketayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatik vakolatxonaning ochilishi ikki davlat munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

U, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi va investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida ikki davlatning tegishli idoralari o‘rtasida yuqori darajadagi muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamda, biznes forumlar o‘tkazish va ishbilarmon doiralar vakillari faolligini oshirish muhimligini ta’kidlagan.

Jurich O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

Serbiya diplomatiyasi rahbari ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvning yuqori darajada ekanini aytgan hamda Kosovo va Metoxiya masalasida Serbiya Respublikasining hududiy yaxlitligi va suverenitetini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.

Ma’lumot uchun: Kosovo masalasi Serbiya tashqi siyosatidagi eng muhim va uzoq yillardan beri hal etilmagan masalalardan biri hisoblanadi. 1990-yillarda Kosovoda serb kuchlari va alban qurolli guruhlari o‘rtasidagi mojaro xalqaro inqirozga aylangan. 1999 yil iyun oyida BMT Xavfsizlik kengashi 1244-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, Kosovoda BMTning fuqarolik ma’muriyati va xalqaro xavfsizlik kuchlari faoliyatiga huquqiy asos yaratgan.

2008 yil 17-fevralda Kosovo o‘z mustaqilligini bir tomonlama e’lon qildi. Serbiya bu qarorni tan olmadi va hozirgacha Kosovoni o‘z hududining bir qismi deb hisoblaydi. BMT Xavfsizlik kengashining 1244-sonli rezolyutsiyasi esa shundan keyin ham Kosovodagi xalqaro missiyaning huquqiy asosi sifatida qoldi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Marko Jurich O‘zbekistonning 2027–2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishini alohida qayd etgan. Serbiya TIV mazkur harakatni xalqaro hamkorlik, siyosiy muloqot va a’zo davlatlarning umumiy manfaatlarini ilgari surish uchun muhim platforma sifatida baholagan. Vazirning fikricha, O‘zbekistonning raisligi Serbiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Qo‘shilmaslik harakati nima?

Qo‘shilmaslik harakati — davlatlarni harbiy-siyosiy bloklarga bog‘lanmasdan, mustaqil tashqi siyosat yuritishini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro siyosiy birlashma hisoblanadi.

Uning asosiy tamoyillari davlatlarning suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish kabi qoidalarni qamrab oladi.

Harakat Sovuq urush davrida shakllangan bo‘lib, 1961 yilda Belgradda birinchi sammiti o‘tkazilgan. Shu jihatdan Serbiya uchun O‘zbekistonning bo‘lajak raisligi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston 2027–2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk bor raislik qiladi.

Harakat dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtiradi.

Teglar

Mavzuga oid