Logo

Musayev ishdan olindi, o‘zbek amaldorlari haqoratlandi, Toshkentda asfalt o‘pirildi — hafta dayjesti

Bugun 20:037 daqiqa

Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.

Karimov xotirlandi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning birinchi prezidenti bo‘lgan marhum Islom Karimov xotirasini yodga oldi. 2-sentabr kuni esa Toshkent shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari Karimov nomidagi yodgorlik majmuasiga borib, birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Unga Karimovning rafiqasi, sobiq birinchi xonim Tatyana Karimova va hukumat vakillari hamrohlik qildi.

Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi. Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Lavrov bahosi

Oldinroq Markaziy Osiyoda «geosiyosiy kurash» kuchaygani va mintaqa davlatlari kim bilan do‘stlashishni Moskvadan so‘ramay qo‘yganidan xavotir bildirgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining faoliyatiga to‘xtaldi.

U tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga yo‘llagan tabrigida ikki davlat tashqi siyosat idoralari bundan keyin ham prezidentlar erishgan keng ko‘lamli kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi, Markaziy Osiyo va umuman Yevrosiyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashishini ta’kidladi.

O‘zbek amaldorlari haqoratlandi

Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidentligi saylovi arafasida rossiyalik shaxmat tashkilotchisi Mark Gluxovskiyga tegishli ekani aytilgan audioyozuv tarqaldi. Unda O‘zbekiston vakillari va o‘zbeklar haqida haqoratli hamda kamsituvchi iboralar ishlatilgani eshitiladi. Audioning to‘liq konteksti va uning tahrir qilingan-qilinmagani mustaqil ravishda tasdiqlangan emas.

Mark Gluxovskiy Rossiya shaxmat muhitida tanilgan shaxs bo‘lib, jurnalist va shaxmat tashkilotchisi sifatida faoliyat yuritgan. U bir necha yil Rossiya Shaxmat federatsiyasining ijro direktori bo‘lgan.

Audioyozuvda Gluxovskiy 2018 yilda FIDE prezidenti saylovlari arafasida go‘yoki delegatlarni qanday sotib olgani va ovoz berish sxemalarini qanday tashkil qilgani haqida suhbatdoshiga gapirib beradi.

Yozuvda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov haqida ham haqoratli fikrlar bildirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning FIDE saylovidagi ovozi ahamiyatsiz ekani mazmunidagi fikrlar ham aytilgan.

Gluxovskiy audio muhokamaga chiqqanidan so‘ng, yozuv Niderlandiyada uning roziligisiz olingani va qismlarga bo‘lib tarqatilganini da’vo qildi. U bu holat bo‘yicha politsiyaga murojaat qilganini ham bildirdi.

Mojaro FIDE rahbarligi uchun raqobat kuchaygan bir paytda yuz berdi. Timur Turlov ham tashkilot prezidentligi uchun kurashayotgan nomzodlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston tomonidan bu holatga hozircha munosabat bildirilmadi.

Musayev ishdan olindi

Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirov tomonidan xodimlar puliga «marmar go‘sht» yeyish va 150 ming dollarlik avtomobilni o‘zlashtirishda ayblangan Behzod Musayev Migratsiya agentligi direktori lavozimidan olindi.

Uning boshqa ishga o‘tgani aytildi, ammo qayerga va qaysi lavozimga tayinlangani ochiqlanmadi. Musayev 2024 yildan buyon agentlik direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Musayevning o‘rniga Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Migratsiya agentligi direktori etib tayinlandi. U shu kunga qadar O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida ishlab kelgan.

2026 yilning may oyida Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov EPS–TOPIK imtihonlaridagi ehtimoliy qonunbuzarliklar sabab xalqaro qidiruvga berilgandi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, korrupsiya ortida Musayev turganini iddao qilgan va bu haqda «Koreya 24 soat» Telegram-kanalida ma’lumotlar tarqatgan.

Shuningdek, u o‘zining yoki hamkasblarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan Behzod Musayev uchun har ikki haftada Koreyadan 10 kilogrammdan premium «mramor go‘sht», losos baliqlari va qimmatbaho kosmetikalarni muntazam yuborib turishga majbur qilinganini yozgan. Agentlik esa uning iddaolarini rad etgan.

 

Keyinchalik Toshtemirov Interpolning xalqaro qidiruv ro‘yxatidan sirli ravishda olib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda «Koreya ishi» doirasida 90 mln dollarlik zarar bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha bir necha sobiq mansabdor sud qilinmoqda. Ular orasida DXX sobiq zobiti, podpolkovnik Ganchap Uzoqov, DXX Ichki xavfsizlik departamenti sobiq boshlig‘i, polkovnik Alijon Ashurov, uning o‘rinbosari Temur Shorixsiyev va Migratsiya agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Suxrob Sayfutdinov bor.

Nogironlik varaqasi uchun pora

Bir marta bo‘lsa ham oilaviy poliklinikaga ishingiz tushgan bo‘lsa kerak. Sizdan ham xizmat uchun pul talab qilishganmi? Bu hafta tarmoqlarda tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimidagi korrupsiyaviy holatga oid navbatdagi norozilik keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Nogironlik hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga pul talab qilingani aytilgan shov-shuvli murojaatni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Aktyor Musulmon Yunusov Instagram sahifasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga videomurojaat yo‘llab, nogiron qizi va unga qaravchi sifatida turmush o‘rtog‘iga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda pora so‘ralganini ma’lum qildi.

Yunusovning aytishicha, Sergeli tumanidagi 71-poliklinika hamshirasi uning turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, qizining 18 yoshgacha nogironligini rasmiylashtirish va onasini qaravchi sifatida belgilash uchun 300 dollar so‘ragan. Biroq pul berilmagach, qiziga nogironlik belgilangan, onasiga esa qaravchilik maqomi berilmagan.

U masala yuzasidan Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoya bo‘limiga murojaat qilgan, biroq muammo hal etilmagan. Aktyor imkoniyati cheklangan farzandlari bor, moddiy muammodagi oilalar uchun bunday talablar yanada og‘ir ekanini aytib, holatni Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyatidan nazoratga olishni so‘radi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun davlat tomonidan hech qanday boj, to‘lov yoki yig‘im undirilmaydi.

Toshkentda portlash

Toshkent shahrining Glinka ko‘chasida favqulodda holat sodir bo‘lib, bir kishi jarohatlandi. Voqea 3-sentabr kuni sodir bo‘lgan. Rasmiy idoralar hodisadan so‘ng darhol izoh berdi.

«Veolia Energy» hech qanday sizib chiqish holati aniqlanmaganini bildirgan bo‘lsa, «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmagani hamda hodisa tabiiy gaz tarmoqlari bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» esa avariya ichimlik suvi tarmoqlariga tegishli emasligini bildirdi.

Poytaxt hokimligining yozishicha, diametri 219 mm bo‘lgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan. Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv. sm (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.

Aytilishicha, ayni paytda soha mutaxassislari hodisa sabablari va barcha tafsilotlarni batafsil o‘rganishda davom etmoqda. Tekshiruv yakunlangach, yo‘l qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi va yaqin vaqt ichida yo‘l transport harakati uchun ochiladi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga ko‘ra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

Haydovchilardan o‘z yo‘nalishlarini rejalashtirishda ushbu cheklovni inobatga olish so‘ralgan. Ammo har ikki holatda ham haydovchilarning moddiy zarari kim tomonidan qoplanishi aytilmadi.

«G‘amxo‘rlik» uyida zo‘ravonlik

Andijonda nogironligi bo‘lgan bolalar kaltaklandi. Gap shundaki, ular uchun mo‘ljallangan «G‘amxo‘rlik» markazida tarbiyachilar bolalarni stolga bog‘lab qo‘ygan. Ular qo‘llarida kaltak bilan bolalarni nazorat qilgan. Erkak xodim bolalardan birini uloqtirib yuborgan. Tarbiyachilardan biri bolalardan birining yelkalarini uqalagan. Markazning texnik xodimi esa bolalardan birini kameralar yo‘q xonada do‘pposlagan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarqalgan videolarda aks etgan holatlar bilan bog‘liq 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Tarbiyachi xodimlarning ish faoliyatini yetarlicha nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga nisbatan esa intizomiy choralar ko‘rilgan.

Shifokorlar jalb qilinib, markazdagi bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tarmoqlarda tarbiyachilar faqat ishdan bo‘shatilmasdan, ularga nisbatan jiddiyroq jazo qo‘llanishi va bunday shaxslar bolalar bilan ishlashga noloyiq ekani haqida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, «G‘amxo‘rlik» markazidagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchalari atrofiga qo‘shimcha nazorat kameralari joylashtirilgani ma’lum qilindi.

Avariyaga uchragan hokim

Jizzaxning Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov KIA Seltos rusumli xizmat avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Tarmoqlarda rulda uning hali maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Tan jarohatlari olgan ota-bola dastlab Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax shahridagi filialiga yetkazilgan.

Shifokorlarning ma’lum qilishicha, Eshpo‘latovning ahvoli og‘ir. U jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Hokimning o‘ng soni va chap boldiri singan. O‘g‘li ham jarohatlangan. Uning ahvoli yaxshi ekani, biroq oyog‘ida sinish borligi ma’lum qilingan.

Eshpo‘latov rahbarlik qilayotgan hokimlik matbuot xizmati esa rulda uning o‘g‘li bo‘lmaganini ma’lum qilib, YTHda yuk mashinasi haydovchisini aybdor sifatida ko‘rsatdi.

Eshpo‘latov 2024 yil mart oyidan buyon Zafarobod tumaniga hokimlik qilib kelmoqda.

Holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 69

Barchasi

Mavzuga oid