iPhone 18 Pro va Pro Max $100 ga qimmatlashdi: yangi narxlar qanday?
Apple’ning yangi smartfonlari 18-sentabrdan sotuvga chiqadi. Yangilangan smartfonlarda 2 nanometrli chip, o‘zgaruvchan diafragma va 15 daqiqada 50 foizgacha quvvatlash imkoniyati mavjud.

Apple kompaniyasi iPhone 18 seriyasining yangi Pro modellarini taqdim etdi. Yangi qurilmalar to‘rt xil rangda — burgund, kulrang, qora va havo rangda ishlab chiqariladi.
Kompaniya yangi smartfonlarda Siri’ning sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirgan. Qurilmalar yangi A20 Pro chipi bilan jihozlangan. 2 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan chip 10 yadroli markaziy protsessorga ega. Apple uni dunyodagi eng tezkor chip deya baholagan.
Yangi modellarning grafik ishlash samaradorligi avvalgi avlodga nisbatan 40 foizga oshgan. Shuningdek, smartfonlarning sovutish tizimi ham yangilangan. Unda 80 foiz qayta ishlangan po‘latdan foydalanilgan. Kompaniya bu o‘zgarish A20 Pro chipining samaraliroq ishlashiga yordam berishini ta’kidlamoqda.
Batareya sig‘imi va ishlash muddati ham yaxshilangan. iPhone 18 Pro bir marta quvvatlanganda 36 soatgacha, iPhone 18 Pro Max esa 45 soatgacha video tomosha qilish imkonini beradi.
Smartfonlarda tezkor quvvatlash funksiyasi ham mavjud. U orqali qurilma batareyasini 15 daqiqada 50 foizgacha quvvatlash mumkin.
Kamera tizimida ham qator yangilanishlar amalga oshirilgan. 48 megapikselli asosiy kamera o‘zgaruvchan diafragmaga ega bo‘ldi. U yorug‘lik sharoitiga qarab kameraga tushadigan yorug‘lik miqdorini avtomatik ravishda boshqaradi.
Video suratga olish imkoniyatlari ham kengaytirilgan. Foydalanuvchilar 24 kadr/soniya tezlikda video yozishi, kadr ekspozitsiyasini o‘zgartirishi va obyektni kuzatuvchi fokusdan foydalanishi mumkin.
«Kamera» ilovasiga yangi qo‘lda boshqarish funksiyalari qo‘shilgan. Ayrim dasturiy imkoniyatlar esa eski iPhone modellarida, jumladan iPhone 11’da ham ishlashi mumkin.
Portret rejimida Photographic Styles funksiyasidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgan. U orqali suratdagi teri teksturasi, kontrast va boshqa tasvir parametrlarini o‘zgartirish mumkin.
Shuningdek, Dynamic Island hajmi kichraytirilgan. Endi unda bir vaqtning o‘zida uchtagacha ilova ma’lumotini ko‘rsatish mumkin.
iPhone 18 Pro — $1200, iPhone 18 Pro Max — $1300. Har ikkala model 18-sentabrdan sotuvga chiqadi.


