Logo

Banklar o‘z kartalari o‘rtasidagi to‘lovlarni o‘z infratuzilmasida qayta ishlashi mumkin bo‘ladi

Bugun 08:302 daqiqa

Yangi tartib banklarga bir bank kartalari o‘rtasidagi operatsiyalarni uchinchi tomonsiz qayta ishlash imkonini beradi.

Banklar o‘z kartalari o‘rtasidagi to‘lovlarni o‘z infratuzilmasida qayta ishlashi mumkin bo‘ladi © vaqt.uz

Markaziy bank bank ichidagi hisob-kitoblarni in-house modeli asosida qayta ishlash tartibini tasdiqladi. Adliya vazirligi regulyator boshqaruvining tegishli qarorini 27-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi va hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, banklar bir bank tomonidan chiqarilgan kartalar o‘rtasidagi to‘lov operatsiyalarini uchinchi tomonni jalb qilmasdan o‘z infratuzilmasida qayta ishlashi mumkin. Bunda operatsiyalarni avtorizatsiya qilish, ularga ishlov berish va mablag‘larni o‘tkazish jarayonlari bankning ichki tizimida amalga oshiriladi.

Markaziy bankning «Bank kartalarini chiqarish va ularning muomalasi to‘g‘risida»gi nizomiga kiritilgan o‘zgartishlar kredit tashkilotlariga ushbu modelni ixtiyoriy ravishda joriy etish huquqini beradi. Banklar bunda to‘lov tizimlari va servislari uchun belgilangan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilishi shart.

Banklarga talablar qo‘yildi

In-house modelini joriy etmoqchi bo‘lgan bank bu haqda Markaziy bankni tizim ishga tushirilishidan kamida 30 kun oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi kerak.

Xabarnomada modelni ishga tushirish sanasi, ichki infratuzilmada qayta ishlanadigan operatsiyalar turlari va foydalaniladigan axborot tizimlari haqida ma’lumot berilishi lozim.

Shuningdek, bank axborot xavfsizligi, uzluksiz ishlash va to‘lov ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash choralarini belgilashi kerak. Operatsion hamda texnologik tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash va kamaytirish tartibi ham ichki hujjatlarda aks ettiriladi.

Zaxira tizimi majburiy

Talablar orasida asosiy tizimdan mustaqil ishlaydigan zaxira aloqa kanali va to‘lovlarga ishlov berish uchun mo‘ljallangan zaxira axborot tizimi bo‘lishi ham belgilangan. Bank ularning ishchanligini yiliga kamida bir marta sinab ko‘rishi shart.

In-house modelida hisob-kitoblar faqat bitta bank chiqargan kartalar o‘rtasida amalga oshiriladi. Operatsiyalar real vaqt rejimida yoki kliring sessiyasi yakunlanganidan keyin bajarilishi mumkin.

To‘lovlar haqidagi ma’lumotlar operatsiya amalga oshirilganidan keyin kamida besh yil saqlanishi kerak. Uzilishlar, operatsion hodisalar yoki kiberxavfsizlik insidentlari yuz bersa, bank Markaziy bankni zudlik bilan xabardor qilishi lozim.

Yangi tartib hujjat rasman e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach, 27-noyabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid