Lombardlar aktivlari bir yilda 1,5 baravar oshdi
O‘zbekistondagi lombardlarning jami aktivlari 50 foizga oshib, 937,7 mlrd so‘mga yetdi. Faoliyat yuritayotgan 90 ta lombardning 50 tasi 3 mlrd so‘mdan ortiq kapitalga ega.

2025 yilning 1-avgustida 92 ta lombardning jami aktivlari 625,7 mlrd so‘m bo‘lgan. Bir yil o‘tib, lombardlar soni 90 taga kamaygan bo‘lsa-da, ularning umumiy aktivlari 937,7 mlrd so‘mga yetgan. Ya’ni, aktivlar bir yil ichida 312 mlrd so‘mga yoki 50 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Aktivlarning asosiy qismini esa kreditlar tashkil qilmoqda. Bir yil avval lombard kreditlarining sof qoldig‘i 513,4 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil avgustiga kelib qiymat 692,7 mlrd so‘mga yetgan. Ya’ni kredit portfeli 179,3 mlrd so‘mga kengaygan.
Eng katta lombardlar
Aktivlar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni OLTIN LOMBARD egallagan. Uning jami aktivlari bir yil ichida 62,9 mlrd so‘mdan 165,1 mlrd so‘mga oshgan. Kredit hajmi esa 51,1 mlrd so‘mdan 97 mlrd so‘mga yetgan.
Aktivlar hajmi bo‘yicha yetakchi lombardlar quyidagilar:

Ayrim lombardlarda o‘sish ancha yuqori, masalan, ZOLOTOning aktivlari 9,2 mlrd so‘mdan 31,1 mlrd so‘mga chiqib, 238 foizga oshgan. CREDIT FLEX aktivlari 103 foizga, NAVOIY PLUS 98 foizga, AFINA FINANCE esa 75 foizga ko‘paygan.
Lombardlarning kredit majburiyatlari ham yuqori
Lombardlarning jami majburiyatlari avgust oyida 223,3 mlrd so‘mga yetdi. Bu bir yil avvalgi 129,9 mlrd so‘mga nisbatan 72 foizga ko‘p. Majburiyatlarning asosiy qismini 178,6 mlrd so‘m to‘lanishi kerak bo‘lgan kreditlar, qarzlar va lizinglar tashkil qilgan.
Shu davrda kapitali 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan lombardlar soni ham 45 tadan 50 taga ko‘paygan. Shuningdek, lombardlarning jami kapitali 714,5 mlrd so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yildagi 495,8 mlrd so‘mga nisbatan 44 foizga ko‘p. Ustav kapitali esa 156,5 mlrd so‘mdan 225,3 mlrd so‘mgacha ko‘tarilgan.





