Talabalar kontraktni qachongacha to‘lashi kerak?
O‘zbekistonda universitetda kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar to‘lovni biryo‘la amalga oshirmasdan, yil davomida bosqichma-bosqich to‘lashi mumkin. Vaqt.uz navbatdagi maqolada kontrakt pulini bo‘lib to‘lash tartiblarini tushuntiradi.

Oliy ta’lim uchun to‘lov-kontrakt summasi ko‘plab talabalar va ularning oilalari uchun yil davomida rejalashtiriladigan katta xarajatlardan biri. Shu sababli kontrakt pulini birdaniga to‘lash imkoniyati bo‘lmagan oilalar uchun uni bosqichma-bosqich to‘lash tartibi belgilangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, abituriyentlar kontraktning dastlabki 25 foizini 15-sentabrgacha, yuqori kurslar esa 1-oktabrgacha to‘laydi, keyingi to‘lovlar esa yil davomida 50, 75 va 100 foizgacha yetkazib boriladi.
Bunda dastlabki to‘lov muddati talabaning qaysi bosqichda o‘qiyotganiga qarab farq qiladi:

Mazkur muddatlar oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytirilishi mumkin. Shuningdek, davlat komissiyasi ham belgilangan to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolatiga ega.
Demak, kontraktni «4 ga bo‘lib to‘lash» deganda har safar aynan 25 foizdan to‘lash majburiyati emas, balki belgilangan sanagacha kontraktning jami to‘langan qismini 25, 50, 75 va oxirida 100 foizga yetkazish nazarda tutiladi.
Masalan, Toshkent davlat yuridik universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli uchun 2026/2027-o‘quv yilida bir yillik to‘lov-kontrakt miqdori 22 mln 496 ming 700 so‘m etib belgilangan.

Bunda kontraktning dastlabki 25 foizi 5 mln 624 ming 175 so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi bosqichda jami to‘lov 50 foizga, ya’ni 11 mln 248 ming 350 so‘mga yetkazilishi kerak. Keyingi bosqichlarda ham xuddi shu tartibda to‘lov qilinib, kontrakt summasi bosqichma-bosqich 75 va 100 foizga yetkaziladi.
Kontrakt shartnomasini qanday olish mumkin?
Kontraktni to‘lashdan oldin talaba o‘zining to‘lov-kontrakt shartnomasini olishi va undagi summa hamda to‘lov rekvizitlarini tekshirishi kerak.
Davlat OTMlarining talabalari shartnomani my.gov.uz va kontrakt.edu.uz tizimlari orqali elektron shaklda bepul olishi mumkin.
Shartnomani olish uchun quyidagi amallarni bajarish kerak:
1.My.gov.uz orqali kontrakt shartnomasini olish tartibi

● my.gov.uz saytini oching va shaxsiy kabinetga kiring.
● Qidiruvga «To‘lov-kontrakt shartnomasini olish» deb yozing.
● Davlat OTMlari talabalari uchun «to‘lov-kontrakt shartnomasini olish» xizmatini tanlang.
● Xizmat sahifasidagi «Xizmatdan foydalanish» tugmasini bosing.
● Tizim so‘ragan ma’lumotlarni tekshiring va kerakli ma’lumotlarni kiriting.
● So‘rovni yuboring.
● Ariza 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi
● Ariza tasdiqlangach, tayyor elektron shartnomani shaxsiy kabinet orqali yuklab olish mumkin.
2.Kontrakt.edu.uz orqali shartnoma olish tartibi

● kontrakt.edu.uz saytiga kiring.
● Tizimdagi shaxsiy kabinetga kiring yoki kerak bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘ting.
● Shaxsiy kabinetdan to‘lov-kontrakt shartnomasini olish bilan bog‘liq xizmatni tanlang.
● Shartnoma uchun onlayn ariza yuboring.
● Ariza yuborilgach, uning holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatib boring.
● Ariza tasdiqlangach, elektron shartnomani tizim orqali yuklab oling.
Shartnoma olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?
Kontrakt shartnomasini elektron shaklda olishda alohida hujjat nusxalarini yuklash talab etilmaydi. Talabaning ma’lumotlari tizim orqali shakllantiriladi va shartnoma elektron ko‘rinishda taqdim etiladi.
Shartnomani olgach, undagi kontrakt summasi, talaba ma’lumotlari va to‘lov rekvizitlarini tekshirib olish kerak. Shundan so‘ng kontraktni onlayn yoki bank orqali to‘lash mumkin.





