Logo

Prezident suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilinadi. Shavkat Mirziyoyev taqsimotda shaffoflikni ta’minlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 3,8 millionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gazdan foydalanadi. Joriy yilda ularning ehtiyojlari uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.

Biroq ayrim hududlarda gaz belgilangan muddatlarda iste’molchilarga yetkazib berilmayapti. Natijada aholi qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Tahlillar 46 kundan ortiq muddatda gaz olayotgan iste’molchilar ulushi 22 foiz ekanini ko‘rsatgan.

Muammoning yana bir tomoni narx va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut bilan bog‘liq. Hozir suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha obyektlariga imtiyozli narxlarda sotiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish, import, xarid va yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi farq ortib, budjet subsidiyalariga talabni ko‘paytirmoqda.

Yangi mexanizm taklif qilindi

Taqdimotda suyultirilgan gaz ta’minotini bosqichma-bosqich isloh qilish takliflari bildirildi. Aholiga gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish uchun «Hududgazta’minot» ta’sischiligida «LPG-Trade» mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yangi tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda iste’molchilarga yetkazib berishi ko‘zda tutilmoqda. Bu chakana narxni belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarni joriy etish va ta’minot jarayonini shaffoflashtirishga xizmat qilishi kerak.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xarid qilingan gazning har bir kilogrammiga kompensatsiya to‘lash taklif etilmoqda. Shu tariqa umumiy subsidiyalashgan aniq iste’molchiga yo‘naltirilgan manzilli yordam tizimiga o‘tish maqsad qilingan.

Ijtimoiy soha obyektlariga gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga esa belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika budjeti hisobidan qoplash tartibi ham nazarda tutilmoqda.

Xususiy operatorlar jalb etiladi

Islohotlarda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga ham e’tibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar bo‘lishi talab etiladi. Xizmatlar kamida ikki operator tomonidan ko‘rsatilishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar joriy qilinishi belgilangan.

Shoxobchalar iste’molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq tashkil etiladi. Andijon tajribasini keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Prezident mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qat’iy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish va taqsimotda shaffoflikni ta’minlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gaz to‘ldirish inshootlari va tashish jarayonida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish vazifalari belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid