Logo

AI odamlarni ishsiz qoldiryaptimi? Hozircha yo‘q

Bugun 11:466 daqiqa

AQSHdagi raqamlar sun’iy intellekt hozircha ommaviy ishsizlikka olib kelmaganini ko‘rsatmoqda. «The Economist» hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yil o‘rtasidan beri AI bilan bog‘liq qariyb 200 ming ish o‘rni qisqargan, biroq texnologiya 1 mln atrofida yangi ish yaratgan. O‘zbekistonda esa AI uchun yirik sarmoyalar endi boshlanmoqda va uning bandlikka ta’siri hali muntazam o‘lchanmayapti.

AI odamlarni ishsiz qoldiryaptimi? Hozircha yo‘q © Sun'iy intelekt

Sun’iy intellekt kelajakda ko‘plab odamlarni ishsiz qilishi mumkin. Ammo texnologiyaning dastlabki keng ko‘lamli ta’siri hozircha boshqa manzarani ko‘rsatmoqda.

AQSH iqtisodiyoti avgust oyida 162 mingta yangi ish o‘rni yaratdi. Ishsizlik darajasi 4,1 foizni tashkil etmoqda — bu oxirgi yarim asrdagi oylarning qariyb 90 foizidan pastroq ko‘rsatkich. AI’ning birinchi qurbonlari sifatida ko‘rilgan 20–24 yoshli amerikaliklar orasidagi ishsizlik ham umumiy ko‘rsatkichdan keskin uzoqlashmagan.

The Economist hisob-kitobiga ko‘ra, sun’iy intellekt AQSHda hozirgacha qariyb 1 mln yangi ish o‘rni yaratgan. Bu 2023 yil o‘rtasidan beri AI bilan bog‘langan 200 mingga yaqin qisqartirishdan besh baravar ko‘p.

Bu ommaviy qisqartirishlar bo‘lmayapti degani emas. Microsoft va Meta kabi texnologik kompaniyalar biznesini AI atrofida qayta qurarkan, xodimlar sonini kamaytirmoqda. Block va Intuit ayrim vazifalarni botlarga topshiryapti. Challenger, Gray & Christmas hisobiga ko‘ra, 2026 yilda Amerika kompaniyalari har oy o‘rtacha 16 mingta qisqartirishni AI bilan bog‘lagan.

Biroq bu raqam AQSH mehnat bozorining umumiy ko‘lami fonida uncha katta emas: ish beruvchilar odatiy oyda qariyb 1,7 mln xodimni ishdan bo‘shatadi. Muhimi, AI bir tomonda ishlarni qisqartirayotgan bo‘lsa, boshqa tomonda yangi talab yaratmoqda.

AI avvalo quruvchilar va energetiklarga ish berdi

Yangi ishlarning katta qismi chatbot yoki algoritm yaratish bilan bog‘liq emas. AI’ni ishlatish uchun chiplar, serverlar, ma’lumotlar markazlari, sovitish tizimlari va elektr quvvati kerak.

Goldman Sachs hisobiga ko‘ra, bunday uskunalar va infratuzilmaga yillik xarajat 2022 yildagiga nisbatan qariyb 500 mlrd dollarga ko‘paygan. AQSHda ma’lumotlar markazlari qurilishi yiliga 75 mlrd dollardan oshdi va bir yil ichida qariyb 60 foizga o‘sdi.

Bu xarajatlar faqat texnologik kompaniyalarga daromad bermaydi. Markazlarni qurish uchun elektriklar, sovitish va ventilyatsiya mutaxassislari, elektr tarmog‘i muhandislari hamda uskunalarni o‘rnatuvchi texniklar kerak.

tg_image_2653663217

Foto: Microsoft

The Economist ma’lumotlar markazlari qurilishiga eng yaqin beshta tarmoqdagi bandlikni umumiy qurilish va sanoat tendensiyasi bilan taqqoslagan. 2023 yildan beri ularda kutilganidan qariyb 320 mingta ko‘proq ish o‘rni paydo bo‘lgan.

Indeed’da ma’lumotlar markazlariga oid vakansiyalar ikki yilda ikki baravardan ko‘proqqa oshgan, umumiy vakansiyalar esa kamaygan. LinkedIn hisobiga ko‘ra, 2023–2025 yillarda AQSHda ushbu infratuzilmaga bog‘liq qariyb 500 mingta ish yaratilgan.

Ishchi yetishmasligi maoshlarni ham oshirmoqda. Ma’lumotlar markazlaridagi o‘rnatish va texnik xizmat lavozimlari o‘xshash boshqa ishlarga nisbatan qariyb 40 foiz yuqori maosh taklif qilmoqda. 2026 yil iyunigacha bo‘lgan bir yilda elektr uskunalari ishlab chiqaruvchilarida o‘rtacha soatlik ish haqi 13 foizdan, elektr pudratchilarida esa qariyb 8 foizdan oshgan.

Ofisda ham yangi kasblar paydo bo‘lmoqda

AI faqat maxsus kiyimda ishlaydigan texniklarga talabni oshirayotgani yo‘q. Modellarni yaratuvchi muhandislar, ma’lumotlarni belgilovchi xodimlar, javoblar sifatini tekshiruvchilar, texnologiyani mijoz biznesiga moslashtiruvchi muhandislar va kompaniyaning AI strategiyasini belgilovchi rahbarlar ham ko‘paymoqda.

LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, AI bo‘yicha rahbarlar, muhandislar va direktorlar uchun e’lonlar 2023–2024 yillardagi darajaga nisbatan qariyb ikki baravar oshgan. Platforma 2023–2025 yillarda AQSHda 640 ming atrofida yangi AI’ga xos ish paydo bo‘lganini hisoblagan.

The Economist muhandislar, dasturchilar, matematiklar va ma’lumotlar tahlilchilari bandligini boshqa professional kasblar bilan solishtirgan. 2022 yildan beri bu yo‘nalishlarda umumiy tendensiyadan qariyb 730 mingta ko‘proq ish yaratilgan. Ularning barchasini AI bilan izohlab bo‘lmaydi, biroq texnologiya o‘sishning muhim sabablaridan biri bo‘lishi mumkin.

Yana bir ta’sir unumdorlik orqali yuz bermoqda. AI yuristga shartnomani tezroq tayyorlash, tahlilchiga esa yuzlab sahifalik moliyaviy hisobotni qisqa vaqtda ko‘rib chiqish imkonini beradi. 

Natijada xizmat tannarxi pasayib, talab yetarlicha oshsa, bir xodim ko‘proq ish bajarishi kompaniyaga kamroq emas, aksincha, ko‘proq odam yollash imkonini berishi mumkin.

Oldin AI eng tez siqib chiqarishi kutilgan ayrim kasblarda hozircha shunday holat kuzatilmoqda. 2023–2025 yillarda AQSHda yurist yordamchilari soni 11 foizga, bozor tadqiqotlari tahlilchilari esa 6 foizga ko‘paygan. Mamlakatdagi umumiy bandlik o‘sishi shu davrda qariyb 2,5 foizni tashkil etgan.

Muntazam vazifalarni bajaruvchilar yutqazmoqda

Ijobiy umumiy natija barcha xodimlar himoyalanganini anglatmaydi. 2023 yil yanvaridan beri AQSHda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xodimlari soni qariyb 10 foizga, kotiblar va ma’muriy yordamchilar soni esa 15 foizga kamaygan.

tg_image_2107643915

Foto: TBC UZ

Bu kasblarning katta qismi takrorlanuvchi va aniq qoidalarga asoslangan vazifalardan iborat. AI-agentlar aynan shunday ishlarni tezroq o‘zlashtirmoqda. AQSH Mehnat statistikasi byurosi ofis va ma’muriy yordam kasblarida 2035 yilgacha yana 752 mingta ish o‘rni yo‘qolishini kutmoqda.

Demak, «AI ish yaratmoqda» degan umumiy xulosa ishdan ayrilgan kotib yoki operator uchun taskin bo‘la olmaydi. Yangi ishlar boshqa tarmoqda, boshqa hududda va mutlaqo boshqa ko‘nikmalar bilan paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda AI qancha ish yaratdi?

AQSHdagi natijani O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib bo‘lmaydi. Texnologiyadan foydalanish ko‘lami, sarmoya hajmi va mehnat bozori tarkibi keskin farq qiladi.

Microsoft hisobiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi 15–64 yoshli aholining 7,2 foizi generativ AI vositalaridan foydalangan. Ko‘rsatkich 2025 yilning birinchi yarmidagi 5,7 foizdan oshgan, biroq jahon bo‘yicha 17,8 foizlik va AQSHdagi 31,3 foizlik darajadan ancha past.

tg_image_1942132113

Shu bilan birga, AI uchun zarur infratuzilma O‘zbekistonda ham qurila boshladi. YeTTB ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi IT Park hududida DataVolt kompaniyasining 12 megavatt quvvatli ma’lumotlar markazi barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 250 mln dollar, bank ajratayotgan kredit esa 78 mln dollarni tashkil etadi.

Avgust oyida prezident birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, «10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor» dasturi e’lon qilindi. Dastur AI joriy etish xarajatining yarmini qoplash va yangi modellar yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkonini berishi kerak. Dastlabki bosqich uchun 100 mln dollar ajratilishi aytilgan.

Bu loyihalar AQSHda kuzatilgan mexanizmning bir qismini O‘zbekistonda ham ishga tushirishi mumkin: ma’lumotlar markazi nafaqat dasturchi, balki quruvchi, elektrik, energetik, sovitish tizimi mutaxassisi va texnik xodimlarga ham talab yaratadi.

Korxonalarda AI unumdorlikni oshirsa, mahsulot arzonlashishi va talab ko‘payishi hisobiga qo‘shimcha ishlar paydo bo‘lishi ham mumkin.

O‘zbekistonning AI strategiyasida 2030 yilgacha sun’iy intellekt asosidagi mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 mlrd dollarga, ilmiy laboratoriyalar sonini 20 taga yetkazish belgilangan. 2026 yil uchun mahsulot va xizmatlar hajmi bo‘yicha oraliq maqsad 200 mln dollar.

Hujjat xodimlarni o‘qitish va qayta tayyorlashni ham nazarda tutadi, ammo AI hisobiga yaratiladigan yoki yo‘qoladigan ish o‘rinlari bo‘yicha alohida maqsadli ko‘rsatkich belgilanmagan.

Bu bo‘shliq O‘zbekiston uchun ayniqsa muhim. Mamlakat mehnat bozoriga har yili 500–600 ming yosh kirib kelmoqda. Shu sababli masala faqat AI mavjud ishlarni olib qo‘yadimi, degan savoldan iborat emas.

Texnologiya yangi va yuqori unumli ishlarni mehnat bozoriga kirayotganlar hamda qisqarayotgan kasblardagi xodimlar o‘zlashtira oladigan tezlikda yarata oladimi — asosiy savol shu.

AQSH tajribasi hozircha bir narsani ko‘rsatmoqda: AI ish o‘rinlarini shunchaki yo‘q qilmaydi, ularni tarmoqlar va kasblar o‘rtasida qayta taqsimlaydi.

O‘zbekistonda bu jarayonning foydasini baholash uchun investitsiya va xizmatlar hajmini sanashning o‘zi yetmaydi. Qaysi kasbda nechta ish yaratilgani, qaysilarida bandlik qisqargani va xodimlar yangi vazifalarga qanchalik tez qayta tayyorlanayotgani ham muntazam o‘lchanishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid

AI odamlarni ishsiz qoldiryaptimi? Hozircha yo‘q | Vaqt.uz