Xususiylashtirilgan strategik korxonalarda davlatning maxsus huquqi saqlanib qolishi mumkin
Davlat strategik korxonalarni xususiy investorlarga sotganidan keyin ham ular faoliyatiga aralashish uchun maxsus huquqni o‘zida qoldirishi mumkin. Yangi tartib qaysi korxonalarga nisbatan joriy etilishi esa hozircha ochiq qolmoqda. Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trln so‘mga baholanmoqda.
© Sun'iy intelektBu prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-son «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Farmon davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga qaratilgan.
Davlat qanday maxsus huquqni saqlab qoladi?
Farmonga ko‘ra, strategik ahamiyatga ega korxona xususiylashtirilganidan keyin ham davlat uning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqni saqlab qolishi mumkin.
Bu imkoniyat har qanday korxonaga avtomatik ravishda qo‘llanmaydi. Maxsus huquq milliy xavfsizlikni himoya qilish, iqtisodiy barqarorlikni va jamoat manfaatlarini ta’minlash zarur bo‘lgan hollarda joriy etilishi mumkin.
Bunda muhim jihat shundaki, korxonani sotib olishni rejalashtirayotgan investor xususiylashtirish boshlanishidan oldin davlat bunday maxsus huquqni saqlab qolishi haqida ogohlantirilishi kerak.
Farmonda davlatning maxsus huquqi orqali qanday aniq vakolatlarga ega bo‘lishi batafsil ochib berilmagan. Shuningdek, yangi mexanizm qo‘llanadigan korxonalarning alohida ro‘yxati ham keltirilmagan. Shu sababli hozircha ushbu huquqning amaliy ko‘rinishi, masalan, davlat korxona boshqaruvida qanday ishtirok etishi yoki qaysi qarorlarga ta’sir qilishi aniq emas.
«Oltin aksiya» instituti
Yangi tartib 2022-yilda bekor qilingan «oltin aksiya» institutini eslatadi.
«Oltin aksiya» davlatga ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda maxsus huquq bergan. Xususan, davlat vakili korxonaning kuzatuv kengashiga kiritilishi mumkin edi. Bu institutning huquqiy mazmuni bo‘yicha davlat vakili kuzatuv kengashi tarkibida ishtirok etgan.
Biroq 2022-yil martida qabul qilingan O‘RQ-760-son qonun bilan davlatning ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini beruvchi «oltin aksiya»ga oid normalar qonunchilikdan chiqarib tashlangan.
Qaysi korxonalar strategik hisoblanadi?
Yangi farmonda maxsus huquq qo‘llanadigan korxonalarning alohida ro‘yxati berilmagan.
Avvalgi strategik korxonalar qatorida esa tog‘-kon, energetika, gaz, kimyo va avtomobilsozlik kabi muhim tarmoqlarda faoliyat yuritadigan yirik kompaniyalar bo‘lgan.
Ular orasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «O‘zmetkombinat», «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekko‘mir», «Hududgazta’minot», UzAuto Motors, «O‘zkimyosanoat», «Navoiyazot», «O‘zbekgidroenergo», «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘ztransgaz» va UzGasTrade kabi kompaniyalar mavjud edi.
Biroq ushbu korxonalarning qaysi biriga yangi maxsus huquq tatbiq etilishi farmonda ko‘rsatilmagan.
Xususiylashtirish ko‘lami kengaymoqda
Strategik korxonalarga oid ushbu norma davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha kengroq xususiylashtirish dasturining bir qismi hisoblanadi.
Farmonga ko‘ra, 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushi, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va tadbirkorlik hamda shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqariladi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish rejalashtirilgan.
Avvalgi savdolarda sotilmagan 84 ta aktiv esa boshlang‘ich narxi 1 mln so‘m etib belgilangan holda qayta auksionga chiqariladi. Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trln so‘mga baholanmoqda. Ularni realizatsiya qilishdan yil oxirigacha kamida 14 trln so‘m tushum olish kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Humo Air’ning davlatga qaytarilib, yana xususiylashtirilishi haqida yozgan edik.
Diyora Xabibullayeva





