Kadastrchi va sobiq soliqchi pora bilan ushlandi
Noqonuniy xizmat evaziga pul talab qilgan ikki amaldor tezkor tadbirlar davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ikki nafar mansabdor shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali kadastr muhandisi mahalliy fuqaroga tegishli 2 sotix yer maydonining kadastr pasportini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni va’da qilgan. U bu xizmatni o‘zining vakolatli tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan va evaziga 2,5 ming AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandis pul mablag‘ini olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida ham shunga o‘xshash holat fosh etildi. Tezkor tadbirda Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasining sobiq bosh inspektori fuqarodan pul talab qilgani ma’lum bo‘ldi.
U viloyat iqtisodiy sudida ko‘rilayotgan iqtisodiy ish doirasida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga nisbatan egalik huquqini tiklab berishni va’da qilgan. Bu xizmat uchun u 1983 yilda tug‘ilgan fuqarodan 10 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan ham qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





