Hindiston 1-apreldan dunyodagi eng yirik aholini ro‘yxatga olish jarayonini boshlaydi
1,4 milliarddan ortiq aholiga ega Hindiston 3 million amaldor ishtirokida aholini ro‘yxatga olishni boshlaydi. Ma’lumotlar ilk bor raqamli formatda yig‘iladi.

Hindiston 1-apreldan boshlab mamlakat tarixidagi eng yirik aholini ro‘yxatga olish tadbirini boshlaydi. Ushbu jarayonga 3 milliondan ortiq davlat xizmatchisi va amaldorlar jalb etilgan. Hindiston aholini ro‘yxatga olish komissari Mritunjay Kumar Narayanning so‘zlariga ko‘ra, kampaniya ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda uy-joy va yashash sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plansa, ikkinchi bosqichda har bir fuqaroning ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari qayd etiladi.
BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Hindiston aholisi 1,4 milliard kishidan oshib, Xitoyni ortda qoldirdi va dunyoning eng ko‘p aholisi yashaydigan davlatiga aylandi. Hukumat aholi sonining o‘sishini muammo emas, balki katta imkoniyat deb hisoblamoqda. Dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida ishchi kuchi qarib borayotgan bir paytda, Hindiston o‘zining yosh aholisini jahon mehnat bozori uchun muhim kadrlar manbai sifatida ko‘rmoqda.
Bu galgi ro‘yxatga olishda kasta mansubligi bo‘yicha ham ma’lumotlar yig‘iladi. Bu Hindistonning ichki siyosati uchun o‘ta muhim, chunki ko‘plab siyosiy partiyalar aynan muayyan kasta guruhlari manfaatlariga tayanadi. Kampaniya 2027-yilning martigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Ilk bor ma’lumotlar raqamli formatda yig‘ilayotgani sababli, natijalarning bir qismi jarayon tugashi bilan tezkorlik bilan e’lon qilinishi kutilmoqda.
Inson resursi va iqtisodiy istiqbol
Mutaxassislar Hindistondagi demografik o‘sish iqtisodiy yuksalish uchun «demografik dividend» bo‘lishini prognoz qilishmoqda. Mamlakatdagi aholining aksariyati mehnatga layoqatli yoshda ekani xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va sanoatni rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Raqamli ro‘yxatga olish tizimi esa kelajakda ijtimoiy yordam dasturlarini yanada aniqroq yo‘naltirishga imkon beradi. Bu Hindistonga nafaqat aholi soni, balki iqtisodiy qudrat bo‘yicha ham jahon yetakchilari qatoriga kirishda yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar O‘zbekistonda ham so‘nggi 37 yil ichida ilk marta aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilgan edi. Dastlabki ma’lumotlar iyul oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.





