Pokiston Afg‘onistonga ochiq urush e’lon qildi

Hujumlar natijasida 133 nafar «Tolibon» a’zosi halok bo‘lgan, 200 dan ziyod kishi yaralangan.

Pokiston Afg‘onistonga ochiq urush e’lon qildi

Pokiston 27-fevral kuni tunda Afg‘onistonning Kobul va Qandahor shaharlariga havo hujumlari uyushtirdi va «Tolibon» hukumatiga qarshi ochiq urush e’lon qildi. Bu haqda BBC hukumat rasmiysiga tayanib xabar berdi. Rasmiy Islomobod bu harakatni milliy xavfsizlikka tahdidlarga javob sifatida baholamoqda.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat har qanday tajovuzkor harakatga qarshi turishga qodir ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, vatan himoyasi masalasida murosaga o‘rin yo‘q va har qanday tahdid munosib javob bilan qarshi olinadi.

Bosh vazir matbuot kotibi ma’lum qilishicha, hujumlar natijasida 27 ta «Tolibon» harbiy posti yo‘q qilingan, to‘qqiztasi nazoratga olingan. Shuningdek, 80 dan ortiq tank, artilleriya qurollari va zirhli transport vositalari yo‘q qilingani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 133 nafar «Tolibon» a’zosi halok bo‘lgan, 200 dan ziyod kishi yaralangan.

Pokiston bayonoti

Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif diplomatik urinishlar samara bermaganini bildirdi.

«Pokiston mavjud vositalar va do‘stona mamlakatlar orqali vaziyatni normal ushlab turish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. U to‘laqonli diplomatiya bilan shug‘ullandi. Sabr kosamiz to‘ldi. Endi siz bilan bizning oramizda ochiqdan ochiq urush ketyapti», dedi Asif.

So‘nggi keskinlik 26-fevral kuni «Tolibon» kuchlarining Islomobodga qarshi keng ko‘lamli hujumiga javob sifatida yuz bergan. Afg‘oniston mudofaa vazirligi Xost, Paktiya va Nuriston provinsiyalarida Pokistonga qarshi amaliyotlar boshlanganini ma’lum qilgan. «Tolibon» tomoni 55 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Avvalroq, 21-fevral kuni ham Pokiston Afg‘oniston hududida jangarilarga qarshi bir nechta havo hujumlari o‘tkazganini bildirgan edi. Islomobod mamlakatda sodir etilgan ayrim teraktlar ortida Afg‘oniston hududidagi guruhlar turgani haqida dalillar borligini ta’kidlamoqda va xalqaro hamjamiyatni «Tolibon» hukumatini Doxa kelishuvi majburiyatlarini bajarishga chaqirishga da’vat etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid