Kredit reklamasida qarzning moliyaviy xavflari haqida ogohlantirish majburiy bo‘ladi
Senat ma’qullagan yangi tartibga ko‘ra, kredit va mikrozaymlar reklamasidagi ogohlantirish reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaOliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi. Yangi tartib moliyaviy xizmatlar, xususan kredit va mikrozaymlar reklamasiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytiradi.
Qonun loyihasi mart oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan edi.
Endilikda kredit yoki mikrozaymdan foydalanish hamda qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xavflarga olib kelishi mumkinligi haqida iste’molchilarni ogohlantirish talab etiladi.
Bunday ogohlantiruvchi axborot reklamada shunchaki ko‘rsatilishi bilan cheklanmaydi. U reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim bo‘ladi.
O‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholining kredit olish bilan bog‘liq ehtimoliy xavflar haqidagi xabardorligini oshirish va mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirish.
Yangi qonun bilan sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot ham ijtimoiy axborot tarkibiga kiritilmoqda. Shuningdek, tegishli sohalardagi vakolatli organlar ijtimoiy axborot reklama beruvchilari qatoriga kiritiladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar aholining, jumladan tadbirkorlarning sug‘urta xizmatlari bo‘yicha bilimlarini oshirish, shuningdek kredit mahsulotlaridan foydalanishda o‘z to‘lov qobiliyatini to‘g‘ri baholashiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Kredit reklamalariga qo‘yilayotgan talablar ko‘paymoqda
Bu kredit va nasiya savdosi reklamasiga qo‘yilayotgan yagona yangi talab emas. Avvalroq Prezident qarori bilan jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan kredit, muddatli to‘lov yoki nasiya savdo reklamasida tovarning joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qo‘shib to‘lanishi va uning yakuniy qiymatini aniq ko‘rsatish talabi belgilangan edi.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamasida shartnoma tuzilayotgan paytda aniqlashning imkoni bo‘lmagan kelgusidagi foyda yoki samaradorlik haqida kafolat va’da qilish ham cheklanmoqda.
Shu tariqa, kredit va nasiya mahsulotlari reklamasida iste’molchiga faqat oylik to‘lov yoki mahsulotning jozibador shartlarini ko‘rsatish emas, balki uning umumiy moliyaviy oqibatlari haqida ham ma’lumot berish talabi kuchaymoqda.





