
Aliyev va Pashinyanga BAAda mukofot topshirildi
Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi Insoniy birodarlik bo‘yicha Zayd mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham sovrindorlarni tabrikladi.

Kecha, 4-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida Insonparvarlik birodarligi uchun «Zayd» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan oyda Burj Xalifa shahrida joylashgan Insoniy birodarlik bo‘yicha Zayd mukofoti qo‘mitasi 2026 yilgi laureatlar nomini ochiqlagandi. Nufuzli mukofotga Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi hamda afg‘onistonlik huquq himoyachisi Zarqa Yaftali loyiq deb topildi.

Mukofotni topshirish marosimida Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev qizi bilan, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa rafiqi bilan birga ishtirok etdi.

Tadbir davomida Armaniston va Ozarboyjonda tinchlik o‘rnatish ahamiyatini namoyish etuvchi qisqa film namoyish etildi. Keyin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev sahnaga taklif etildi. Ikki davlat rahbarlariga mukofotni Kardinal Joze Tolentino de Mendonsa va Insonparvarlik birodarligi uchun Zayd mukofoti Bosh kotibi Muhammad Abdussalom topshirdi.
Bu o‘zi qanday mukofot?
Mukofot Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi marhum Shayx Zayd bin Sulton Al Noxayon sharafiga nomlangan bo‘lib, uning maqsadi insonparvarlik birodarligini rivojlantirish va tinch hamkorlikka erishish yo‘lida beg‘araz va doimiy mehnat qilgan shaxslar va tashkilotlarni, ularning vatani yoki joylashuvidan qat’iy nazar, e’tirof etishdan iborat.
2019 yilda ta’sis etilganidan beri, mukofot 15 ta davlatdan 16 nafar laureatni e’tirof etdi. Mukofotning yaratilishi tarixiy Abu Dabi uchrashuviga asoslanadi. O‘shanda Rim katolik cherkovining 266-rahbari, marhum papa Fransisk va Al-Azhar imomi Shayx Ahmad Al-Toyyib uchrashib, birgalikda Insonparvarlik birodarligi to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan.

Mukofotni shu paytgacha quyidagilar qo‘lga kiritgan: Al-Azhar imomi Ahmad Al-Toyyib, marhum Rim papasi Fransisk, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, ekstremizmga qarshi faol Latifa Ibn Ziaten; Iordaniya podshohi Abdulloh II va qirolicha Raniya, haitilik «Foundation for Knowledge and Liberty» tashkiloti, «Community of Sant’Egidio» tashkiloti, keniyalik tinchlik quruvchisi Shamsa Abubakar Fazil, Indoneziya xayriya tashkilotlari «Nahdlatul Ulama» va «Muhammadiyah», dunyoga mashhur xirurg-professor Ser Magdi Yaqub, Chilidagi NNT asoschisi Sestra Nelli Leon Korrea, Barbados bosh vaziri Hon Mia Amor Mottli, oziq-ovqat yordam tashkiloti «World Central Kitchen» hamda yoshlar sog‘lig‘i sohasida innovatsiya yaratuvchi Heman Bekele.
Nega aynan Ozarboyjon va Armaniston?
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2025 yil 8-avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi.

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Qorabog‘ Ozarboyjon tarkibida bo‘lsa-da, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi.
1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarboyjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarboyjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarboyjonga topshirdi.
2023 yil sentabrda Ozarboyjon «aksilterror operatsiyasi» orqali butun Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi.
Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan Oq uyda hujjatni imzolagach, AQSH yetakchisi Donald Trampni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Tabriklar
Insonparvarlik birodarligi uchun Zayd mukofoti laureatlariga bag‘ishlangan tabrik videomurojaatlarini Turkiya prezidenti Reajab Toyyib Erdo‘g‘an, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Livan Respublikasi prezidenti Jozef Aun, Turkiya Respublikasining birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an hamda Iordaniya podshohi Abdulloh II taqdim etdi.
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabriklar ekan, siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosib ekanini ta’kidladi.

«Bugungi notinch dunyoda mas’uliyatli liderlarga, qat’iy siyosiy irodaga va muammolarni muloqot orqali hal qilishga katta ehtiyoj bor. Hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda shunday yo‘l bilan qabul qilingan qarorlar davlatlar va xalqlar o‘rtasida barqarorlik va mustahkam ishonchning asosini yarata oladi. Biroq tinchlikning ne’mati o‘z-o‘zidan kelmaydi. Tinchlik uchun boshqalarni tinglash, eng qiyin sharoitlarda ham kompromiss yo‘llarini topish va qabul qilingan qarorlar uchun mas’uliyatni olish qudrati talab etiladi.
Tarix shuni ko‘rsatadiki, uzoq muddatli va barqaror taraqqiyot faqat kompromiss va o‘zaro hurmat hamda e’tibor muhiti orqali ta’minlanishi mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti bunday nufuzli mukofotning davlat arboblariga taqdim etilayotgani dunyo ahamiyatiga ega muhim mintaqada yuzaga kelgan do‘stlik, hamkorlik va yangi hamjihatlik ruhining ochiq tasdig‘i ekanini aytdi.
«Biz har qanday nizo yoki mojaroni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan, xalqaro qonunchilik va qo‘shnichilik tamoyillari asosida hal etilishini tarafdorimiz. Bugun xalqlarimiz uchun umumiy tinchlik va farovonlikni ta’minlash faqat birlik, o‘zaro ko‘mak va sheriklik orqali mumkin», – dedi Prezident.
Saida Mirziyoyeva — hakamlar hay’ati a’zosi
Bu yilgi tanlov jarayonida O‘zbekiston vakili, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning birinchi va yagona vakili – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ilk bor hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etdi.

U Misrda va Italiyada «Insoniy birodarlik» mukofoti hay’ati yig‘ilishlarida qatnashdi. Shuningdek, Saida Mirziyoyevaning mukofot Bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan hammualliflikdagi maqolasi e’lon qilindi.





