Oltin bozori: 3 oy ichida qaysi davlat eng ko‘p oltin sotib oldi?
O‘zbekiston 3 oy ichida 25 tonna oltin xarid qilib, jahonda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
© https://ft.comO‘zbekiston Markaziy banki 2026-yilning birinchi choragida 25 tonna oltin sotib olib, dunyodagi eng yirik ikkinchi xaridorga aylandi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-mart oylari dunyo markaziy banklari jami 244 tonna sof oltin xarid qilgan. Bu avvalgi chorak va so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natija bo‘ldi.
Geosiyosiy vaziyat, jumladan Eron, AQSH va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar bozorlarda noaniqlikni kuchaytirdi. Shuning uchun markaziy banklar oltinni ishonchli aktiv deb bilib, zaxiralarini shu orqali ko‘paytirmoqda.
Oltin sotib olgan davlatlar
2026 yilning birinchi choragida eng ko‘p oltin sotib olgan Polsha Markaziy banki bo‘ldi. U o‘z zaxiralarini 31 tonnaga ko‘paytirib, 582 tonnaga yetkazdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki oktabrdan buyon davom etayotgan xaridlar seriyasini davom ettirib, 25 tonna oltin sotib oldi. Natijada mamlakatning oltin zaxiralari 416 tonnaga yetdi.
O‘zbekistonda oltin ulushi 2020 yilda umumiy zaxiralarning 57 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 87 foizga yetdi.
Uchinchi o‘rinni 7 tonna oltin xarid qilib, Xitoy Markaziy banki egalladi. Xaridlarni o‘tgan chorakka nisbatan ikki barobardan ko‘proqqa ochirgan Xitoy Markaziy bankining umumiy oltin zaxiralari 2313 tonnaga (umumiy zaxiralarning 9 foiz) yetdi.
Boshqa xaridorlar qatoriga Qozog‘iston (12t), Chexiya (5t), Malayziya (5t), Gvatemala (2t), Kambodja (2t), Indoneziya (2t), Serbiya (1t) va BAA (1t) kirdi.
Oltin sotgan davlatlar
Uch oyda Turkiya taxminan 70 tonna oltin sotib, bozordagi eng yirik sotuvchilardan biriga aylandi. Undan keyingi o‘rinlarni Ozorboyjon va Rossiya 22 tonna oltin sotib, egalladi.
Shuningdek, Qirg‘iziston 1 tonna oltin sotdi, Bolgariya esa yevro joriy etish jarayoni doirasida 2 tonna oltinni Yevropa Markaziy banki ixtiyoriga o‘tkazdi.
Dunyoda oltin narxining keskin o‘sishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki so‘nggi 6 oy davomida hech qancha oltin sotmadi. 2025 yilning I choragida allaqachon 3,6 mlrd dollar oltin sotilgandi.
Tahlilchilar fikrlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bank jahonda sodir bo‘layotgan geosiyosiy muammolar sabab oltin narxi kelajakda bundan ham oshishi mumkinligiga ishonmoqda.
Ma’lumot uchun: 2025-yil davomida O‘zbekiston 7,8 tonna oltin xarid qildi. 2020–2025 yillar oralig‘ida esa jami 54,4 tonna qimmatbaho metall sotib olgan. Hozirda mamlakat 60,850 mlrd dollarlik oltin zaxiralariga ega.





