SSVda islohotlar: vazirlik huzurida uchta tashkilot tuziladi

Bugun 14:544 daqiqa

Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar vazirlik xodimlarining malakasi egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholanib, ularning ishini davom ettirishi yoki ishdan bo‘shatilishi masalasi hal qilinadi.

SSVda islohotlar: vazirlik huzurida uchta tashkilot tuziladi © commons.m.wikimedia.org

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida uchta tashkilot tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 6-may kuni qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, SSV huzurida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi, Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari hamda Kontent mediamarkazi tashkil etiladi.

Ilmiy-tadqiqot markazi sog‘liqni saqlash sohasida davlat siyosatining samaradorligini baholash, aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy ma’lumotlar tayyorlash bilan shug‘illansa, Klinik audit inspeksiyasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi va tibbiy xizmatlar sifati, bemorlar xavfsizligi, klinik protokol va standartlarga rioya etilishini baholash, tibbiyot muassasalari faoliyatini tahlil qilish hamda klinik nazorat tizimini joriy etish uchun mas’ul bo‘ladi.

Kontent mediamarkazi esa yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklida tuziladi va sog‘liqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek, jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yig‘ish hamda tahlil qilish va axborot siyosatini samarali tashkil qilish bilan shug‘illanadi. Kontent mediamarkazi faoliyati hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun tushumlar miqdorining bir foizi miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan ajratmalar, Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, xo‘jalik faoliyatidan tushadigan tushumlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

SSVdagi boshqaruv xodimlarining shtat birliklari

Farmonga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari soni quyidagicha belgilansin:

– Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati – 298 ta (shu jumladan, 1 ta vazirning birinchi o‘rinbosari va 5 ta vazir o‘rinbosari);

– Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi – 68 ta;

– Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi – 42 ta;

– Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari – 128 ta;

– Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi – 30 ta;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari jami – 602 ta, tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari – 18 tadan.

Bunda soha uchun qo‘shimcha ajratiladigan shtat birliklari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlardan 880 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.

Farmonda Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqaruv xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilishi belgilangan. Bunda

– vazirlikning markaziy apparati xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining markaziy apparati xodimlari,

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari xodimlari,

– tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari;

– Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlari;

– Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi xodimlariga Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash razryadlari va ish haqi miqdorlari qo‘llanadi.

«Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi tugatildi

Farmon bilan «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi davlat muassasasining faoliyati tugatildi. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur loyiha ofisiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga oid huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

Vazirlik aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishni ta’minlash maqsadida «Call-markaz» hamda aholi va tibbiyot xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi (Feedback)ni utsorsing asosida yo‘lga qo‘yishi belgilangan.

Tibbiyot assotsiatsiyalari vakolatlari

Tibbiyot assotsiatsiyalariga esa 2026-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi vakolatlar beriladi:

(a) tibbiy yordam ko‘rsatishni standartlashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, ularni muhokama qilishda ishtirok etish va qayta ko‘rib chiqish;

(b) Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining taklifiga ko‘ra statsionar tibbiyot tashkilotlarining tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini baholashda ishtirok etish;

(v) tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash hamda qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil professional ekspert sifatida ishtirok etish;

(g) tibbiy xizmatlar sifati bo‘yicha mustaqil audit o‘tkazish, jamoatchilik va bemorlar qoniqish darajasini o‘rganishni tashkil etish;

(d) sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni kiritish va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish.

SSV xodimlarining malakasini baholash

Hujjatda belgilanishicha, 2026-yil yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholanadi.

Baholash natijalariga ko‘ra hamda mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq xodimlarning lavozimga muvofiqligini ta’minlash, shu jumladan, ularni lavozimda qoldirish, rotatsiya qilish, qayta tayyorlash yoki mehnat shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish choralari ko‘riladi.

Teglar

Mavzuga oid