Biznesdagi o‘zbek futbolchilari: ular futboldan tashqari qanday pul topadi?
Ular asosan ko‘chmas mulk, restoran, ta’lim va oziq-ovqat sohalariga pul tikkan.

Futbolchilar faqat to‘p tepib pul topadi, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Hozir deyarli ko‘pchilik futbolchilar biznes ham qiladi. Kimdir restoran ochgan, yana qaysidirlari qurilish qilyapti. Ayrimlari esa cho‘ntagidagi pullarini reklama ortidan ko‘paytiradi. Xo‘sh, o‘zbek futbolchilari maydondan tashqarida qanday pul topadi? Keling, buni birgalikda ko‘rib chiqamiz.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari faol karerasi davomidayoq turli sohalarga pul tikib, sportdan tashqari daromad manbalarini shakllantiryapti. Masalan, Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov va Abduqodir Husanov kabi futbolchilarni olaylik. Ular ko‘chmas mulk, xizmat ko‘rsatish, ta’lim hamda oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida o‘z loyihalarini yo‘lga qo‘ygan.
Jahon tajribasida ham futbolchilarning sportdan keyingi hayotini ta’minlash maqsadida ularning tijoratga qo‘l urishi odatiy hol sanaladi. Krishtianu Ronalduning «CR7» mehmonxonalar tarmog‘i yoki Devid Bekxemning «Inter Miami» klubiga egalik qilishi bunga yaqqol misoldir. Professional futbolchilik faoliyati nisbatan qisqa bo‘lgani sababli o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari ham topgan mablag‘larini faqatgina bitta yo‘nalishda saqlab qolmay, turli sohalarga yo‘naltirishni boshlagan.
Jaloliddin Masharipov
Jarohati tufayli jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan bu futbolchi so‘nggi yillarda xorij klublaridagi sermahsul faoliyati ortidan asosiy e’tiborni Xorazm va Toshkentdagi ko‘chmas mulk hamda xizmat ko‘rsatish sohalariga qaratib kelmoqda.
Developerlik va ko‘chmas mulk: Masharipov Xorazm viloyatida «JM yevro» nomli 2 qavatli zamonaviy kottejlar qurilishi hamda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 3 qavatli yirik savdo markazi loyihalariga sarmoya kiritgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida xarid qilinib, 400 ming dollar evaziga ta’mirlangan «Oq uy» nomli dacha ham uning mulki sanaladi.

Xizmat ko‘rsatish va restoranlar: Urganch shahridagi «Tokyo» restorani va yana bir nechta ovqatlanish shoxobchalari unga qarashli.
Bundan tashqari, Masharipovga tegishli 5 ta go‘zallik saloni ijara asosida barqaror passiv daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Otabek Shukurov
Mundialning guruh bosqichida jami 238 daqiqa to‘p surgan yarim himoyachi o‘z sarmoyalarini bir-biridan farq qiluvchi, shu bilan birga, jamiyat uchun foydali bo‘lgan sohalarga yo‘naltirishni ma’qul ko‘rgan:
Ta’lim sohasi: davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan «Chicco-29» maktabgacha ta’lim tashkiloti. Bu Shukurovning biznesda ijtimoiy mas’uliyatga ham e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Tijorat ko‘chmas mulki: futbolchida Birlashgan Arab Amirliklaridagi faoliyatidan ilhomlanib nomlangan «Sharjah» savdo majmuasi ham bor.
Oziq-ovqat sanoati: «Goal» moxito salqinlashtiruvchi ichimliklar brendi uning ishlab chiqarish sohasidagi ilk qadamlaridandir.

Abduqodir Husanov
Angliya Premer-ligasidagi ilk o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanov o‘z ismini brendlashtirish orqali sog‘lom ovqatlanish va sport ozuqalari yo‘nalishida o‘z biznesini rivojlantirmoqda:
«AK45» vitaminli ichimliklari: sportchilar va faol hayot tarzini olib boruvchilarga mo‘ljallangan loyiha. Nom Husanovning ism-sharifi bosh harflari hamda uning maydondagi raqami (45) kombinatsiyasidan kelib chiqqan.

«AK45.snack»: sog‘lom va yengil tamaddilar (sneklar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona. (Ushbu brendlar bozorga yaqin yillarda kirib kelgan bo‘lib, hozirda o‘z xaridorlarini topish bosqichida turibdi).
Rustamjon Ashurmatov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi va Rossiyaning «Rubin» klubi himoyachisi Rustamjon Ashurmatov ham joriy yilning may oyida tadbirkorlik sohasiga qadam qo‘ydi:
«AJ full level dry» brendi: terlashga qarshi maxsus vosita ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu loyiha iste’molchilarni 7 kun davomida terlashdan samarali himoya qiladi.

Mahsulot universal bo‘lib, ayollar va erkaklarga birdek mos keladi.
Bu bizneslarni kim yuritadi?
Professional futbolchilarning yillik taqvimi o‘ta tig‘iz: doimiy yig‘inlar, musobaqalar va xorij safarlari ularga o‘z biznesini bevosita va muntazam boshqarish imkonini bermaydi. Shu sababli, Husanov, Ashurmatov, Shukurov va Masharipovlarning tijorat obyektlari asosan ularning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari hamda ishonchli menejerlari tomonidan yuritiladi. Bu amaliyot biznes xavfsizligini ta’minlash va boshqaruvni barqaror ushlab turishning eng an’anaviy usuli hisoblanadi.
Umuman olganda, o‘zbekistonlik sportchilarning topgan pullarini mamlakat ichkarisidagi turli tadbirkorlik sohalariga tikishi ijobiy iqtisodiy tendensiya sanaladi. Bu orqali ular nafaqat sportdan keyingi o‘z kelajagini moliyaviy jihatdan himoyalayapti, balki yangi ish o‘rinlari yaratib, mamlakat iqtisodiyotiga ham bevosita hissa qo‘shyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Jahon chempionatidan qancha daromad olishi haqida yozgan edik. 2026 yilgi Jahon chempionati uchun ajratilgan umumiy moliyaviy mablag‘ 727 million dollarni tashkil etadi. Bu 2022 yilgi Qatar mundialiga nisbatan 50 foizga ko‘p.
Teglar






