Logo

Dorixonalarda dori narxlari nega har xil va xaridor nimalarni bilishi kerak?

Bugun 16:3010 daqiqa

Kuz-qish mavsumida shamollash va gripp kabi kasalliklar ko‘payishi bilan dori-darmonlarga ehtiyoj ham ortadi. Bunda kerakli dorini tanlash bilan birga, uning narxini ham hisobga olish muhim. Shu sababli Vaqt.uz 10 ta bazaviy dorining narxini uchta onlayn dorixona agregatori misolida solishtirdi.

Dorixonalarda dori narxlari nega har xil va xaridor nimalarni bilishi kerak?

Dori-darmon xarid qilish ko‘pchilik uchun kundalik ehtiyojlardan biriga aylanib ulgurgan. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida shamollash va gripp kabi kasalliklar ko‘payishi bilan dorilarga talab ham ortadi. Surunkali kasalliklari borlar esa yil davomida muntazam dori xarid qilishiga to‘g‘ri keladi.

Dori xaridida faqat kerakli preparatni topish emas, uning narxi ham muhim. Bir xil dori turli dorixonalarda har xil narxda sotilishi, brend, doza va qadoq hajmi esa narxdagi tafovutni yanada oshirishi mumkin. Xo‘sh, bir xil turdagi dorini qaysi onlayn dorixonadan arzonroq xarid qilish mumkin? Maqolada shuni ko‘rib chiqamiz.

Tahririyat izohi: ushbu maqola dori vositalari narxlarini solishtirish, ularni tartibga solish mexanizmlarini tushuntirish va xarid vaqtida e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlarni yoritish maqsadida tayyorlangan bo‘lib, biror dori vositasi yoki dorixonani reklama qilishni ko‘zlamaydi.

Shamollash va uning alomatlarida qo‘llanadigan dorilar

Ibuklin Aktiv (tab. №20) og‘riqni kamaytirish va isitmani tushirish uchun qo‘llanadigan dori vositasi. 


Ushbu preparat dorixonalarda retseptsiz beriladi.

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Ibuklin Aktivning 20 ta tabletkali bitta blisterini Apteka.uz va Osonapteka.uz saytlarida 6 ming so‘mdan, Arzonapteka.uz’da esa 10 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.

Ushbu dorixonalardagi narxlar o‘rtasidagi farq 4 ming so‘mni tashkil etadi. Arzonapteka’dagi narx boshqa ikki platformadagiga qaraganda qariyb 67 foiz yuqori. Eng arzon taklifni tanlash orqali bir qadoq uchun 4 ming so‘m tejash mumkin.

Arzonapteka ma’lumotiga ko‘ra, preparat 376 ta dorixonada mavjud. Bu xaridorlarga o‘ziga qulay manzildagi dorixonani tanlash imkonini beradi.

Paratsetamol (500 mg, №10) shamollash paytida isitmani tushirish va og‘riqni kamaytirish uchun qo‘llanadi. «Merrymed Farm» tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ushbu preparatning narxi onlayn dorixonalarda bir-biridan farq qiladi.


Ushbu preparat dorixonalarda retseptsiz beriladi

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Apteka.uz saytida 10 tabletkali qadoqni 2 ming so‘mdan, Osonapteka.uz’da 4 ming so‘mdan, Arzonapteka.uz’da esa 5 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.

Eng arzon va eng qimmat taklif o‘rtasidagi farq 3 ming so‘mni tashkil etadi. Ya’ni, Arzonapteka.uz’dagi boshlang‘ich narx Apteka.uz’dagiga nisbatan 2,5 baravar yuqori. Apteka.uz’da preparat 36 ta dorixonada mavjudligi ko‘rsatilgan. 

Rinoksil sprey (0,1%, 10 ml) burun bitishini yengillashtirish uchun qo‘llanadigan, «Nika Pharm» tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan dori vositasi hisoblanadi.

Ushbu preparat dorixonalarda retsept asosida beriladi. 

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Osonapteka’da preparat 16 ming 100 so‘mdan, Arzonapteka’da 16 ming 800 so‘mdan taklif etilmoqda. Apteka.uz’da esa Moldovada ishlab chiqarilgan Rinoksilning narxi 20 ming 400 so‘mni tashkil etadi. Uchta platformadagi narxlar o‘rtasidagi tafovut 4 ming  300 so‘mga yetadi. Bu eng yuqori narx eng past narxdan qariyb 27 foiz qimmatligini anglatadi.

Preparatning dorixonalarda mavjudligi bo‘yicha ham farq bor. Arzonapteka’da Rinoksil 1 ming 266 ta, Apteka.uz’da esa 57 ta dorixonada borligi ko‘rsatilgan. Bu ma’lumotlar platformalarda aks etgan takliflar qamrovi turlicha ekanini ko‘rsatadi.

ASS 100 mg (20 ta tabletka) — balg‘amni suyultirish va uning nafas yo‘llaridan chiqishini osonlashtirish uchun qo‘llanadigan dori vositasi. 

Germaniyaning «Salutas Pharma» kompaniyasi tomonidan «Sandoz» brendi ostida ishlab chiqariladigan preparat uchta onlayn dorixonada ham 30 ming so‘mdan taklif etilmoqda.

Ushbu preparat dorixonalarda retseptsiz beriladi. 

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Surunkali kasalliklar va boshqa holatlarda qo‘llanadigan dorilar

Enalapril (10 mg, №20) yuqori qon bosimini tushirishda qo‘llanadigan dori vositasi hisoblanadi. Rossiyaning «Sintez OAO» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan preparatning narxi uchta onlayn dorixonada deyarli bir xil.


Ushbu preparat dorixonalarda retsept asosida beriladi.

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Arzonapteka.uz va Osonapteka.uz saytlarida Enalaprilning 20 tabletkali qadog‘i 3 ming 400 so‘mdan, Apteka.uz’da esa 3 ming 700 so‘mdan taklif etilmoqda. Platformalar o‘rtasidagi narx farqi 300 so‘mni tashkil etadi. Bu Apteka.uz’dagi boshlang‘ich narx boshqa ikki platformadagiga nisbatan qariyb 9 foiz yuqori degani.

Mezim Forte (№20) — ovqat hazm qilish fermentlari yetishmovchiligida qo‘llanadigan, tarkibida pankreatin saqlovchi preparat. Uning narxi uchta onlayn dorixonada 16 ming 100 so‘mdan 17 ming 800 so‘mgacha farq qiladi.

Ushbu preparat dorixonalarda retseptsiz beriladi. 

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Osonapteka’da preparat 16 ming 100 so‘mdan, Arzonapteka’da 16 ming 700 so‘mdan, Apteka.uz’da esa 17 ming 800 so‘mdan taklif etilmoqda. Eng yuqori va eng past narx o‘rtasidagi farq 1700 so‘mni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, Apteka.uz’dagi narx Osonapteka’dagiga nisbatan qariyb 11 foiz qimmat.

Dorixonalardagi mavjudlik bo‘yicha ham tafovut bor: Arzonapteka.uz’da preparat 598 ta, Apteka.uz’da esa 55 ta dorixonada borligi ko‘rsatilgan.

Kyupen (50 mg/500 mg, №10) tarkibida diklofenak natriy va paratsetamol saqlovchi, og‘riqni kamaytirish hamda yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘llanadigan preparatdir.


Ushbu preparat dorixonalarda retsept asosida beriladi.

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Ushbu og‘riq qoldiruvchining 10 tabletkali qadog‘i Apteka.uz va Osonapteka’da 8 ming so‘mdan taklif etilgan. Arzonapteka’da esa 10 talik qadoq narxi 70 ming so‘m deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu summa 100 ta tabletkadan iborat katta qadoqqa tegishli. Shu sababli narxlarni taqqoslashda katta qadoqdagi tabletkalar soni ham hisobga olindi. Natijada, 10 ta tabletka Arzonapteka’da 7 ming so‘mga tushadi.

Umuman olganda, uchala onlayn dorixonada ham Kyupen narxlari deyarli bir xil. Arzonapteka’dagi taklifning arzonroq chiqishi esa dorining katta qadoqda sotilishi bilan bog‘liq.

Zodak (10 mg, №30) allergiya alomatlarini kamaytirishda qo‘llanadigan preparat bo‘lib, uning 30 tabletkali qadog‘i Osonapteka’da 35 ming so‘mdan, Arzonapteka’da 36 ming so‘mdan taklif etilgan. Apteka.uz’da esa narx 87 ming so‘mdan boshlanadi.


Ushbu preparat dorixonalarda retseptsiz beriladi. 

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

Arzonapteka va Apteka.uz’da Zodakning dozasi, qadoq hajmi va ishlab chiqaruvchisi bir xil — Chexiyaning «Zentiva» kompaniyasi. Biroq narxlar o‘rtasidagi farq 51 ming so‘mga yetadi.

Osonapteka’da esa Polshaning «Opella Healthcare» (Sanofi) kompaniyasi ishlab chiqargan preparat 35 ming so‘mdan taklif etilgan. Bu narx Arzonapteka’dagi taklifdan 1000 so‘m arzon, Apteka.uz’dagi narxdan esa 52 ming so‘mga past.

Antibiotiklar narxi

Amoksitsillin (500 mg, №10) — bakteriyalar sabab bo‘ladigan infeksiyalarni davolashda qo‘llanadigan antibiotik. Ushbu preparatning narxi uchala onlayn dorixonada farq qiladi.


Ushbu preparat dorixonalarda retsept asosida beriladi.

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

O‘zbekistonda Merrymed Farm ishlab chiqargan ushbu antibiotik Arzonaptekada 5 ming 400 so‘mdan, Apteka.uz da 6 ming so‘mdan, Osonapteka’da esa 6500 so‘mdan taklif etilgan. Eng arzon va eng qimmat narx o‘rtasidagi 1100 so‘mlik farq miqdor jihatidan uncha katta ko‘rinmasligi mumkin, biroq preparatning boshlang‘ich narxiga nisbatan qariyb 20 foizni tashkil etadi.

Siprofloksatsin (500 mg, №10) — bakteriyalar sabab bo‘ladigan infeksiyalarni davolashda qo‘llanadigan antibiotik. Ushbu antibiotikning narxi uchta onlayn dorixonada 8 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha farq qiladi.

Ushbu preparat dorixonalarda retsept asosida beriladi.

Manba: Ekran tasviri rasmiy agregator saytlardan olindi

«O‘zkimyofarm» ishlab chiqargan preparat Arzonapteka’da 8 ming so‘mdan, Osonapteka’da esa 9 ming 700 so‘mdan taklif etilgan. Ya’ni bir ishlab chiqaruvchining dorisi ikki platformada 1700 so‘mga farq qiladi. Bunda Arzonapteka’da preparat faqat bitta dorixonada mavjud.

Apteka.uz’da esa boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchi, ya’ni «Nika Pharm» tayyorlagan Siprofloksatsin-Nika 15 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu O‘zkimyofarm preparatining Arzonapteka’dagi narxidan 7 ming so‘m qimmat. Biroq bu taklif boshqa ishlab chiqaruvchiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, maqolada respublika bo‘yicha onlayn dorixona agregatorlaridagi takliflar orasidan eng past narxlar keltirilgan. Amaldagi narxlar hudud, dorixonaning ijara va logistika xarajatlari hamda boshqa omillarga qarab farq qilishi mumkin. Dorilarning mavjudligi va narxi vaqt o‘tishi bilan ham o‘zgaradi.

Bir xil dori, turli narx

Ko‘rib chiqilgan dorilar kundalik hayotda keng qo‘llanadigan, ko‘pchilik xarid qila oladigan bazaviy preparatlardir. Shunga qaramay, ularning narxi uchta onlayn dorixonaning o‘zida ham bir-biridan ancha farq qiladi. Masalan, Zodakning dozasi, qadoq hajmi va ishlab chiqaruvchisi bir xil bo‘lgan takliflar orasidagi tafovut 51 ming so‘mga yetadi. Paratsetamolning esa eng qimmat taklifi eng arzonidan 2,5 baravar yuqori.

Bu xaridor bir xil dorini tanlagan taqdirda ham, uni qayerdan sotib olishiga qarab ancha ko‘p yoki kam pul sarflaydi. Bunda faqat narxning o‘ziga emas, dorining ishlab chiqaruvchisi, dozasi va qadoq hajmiga ham e’tibor qaratish kerak.

Biroq dorixonalar bilan bog‘liq yana bir muhim jihat bor. Ya’ni ayrim dori vositalari uchun chegaraviy chakana narxlar belgilangan. Xo‘sh, O‘zbekistonda dori narxlari qanday tartibga solinadi va ularni qanday tekshirish mumkin?

O‘zbekistonda dori narxlari qanday tartibga solinadi?

O‘zbekistonda ayrim dori vositalarining ulgurji va chakana narxlari davlat tomonidan cheklanadi. Bunda referent narx tizimi qo‘llanib, preparatlarning narxi belgilangan 10 ta referent davlatdagi narxlar bilan solishtiriladi va ular uchun ruxsat etilgan eng yuqori narx belgilanadi.

Ushbu narxlarni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy referent narxlar ro‘yxati orqali tekshirish mumkin.

Bundan tashqari, tegishli dori vositalarini sotishda qo‘llanadigan ustamalar ham cheklangan. Ya’ni, ulgurji savdoda xarid yoki bojxona qiymatiga nisbatan 15 foizgacha, chakana savdoda esa ulgurji narxga nisbatan 20 foizgacha ustama qo‘llanadi. Bu talablar barcha preparatlarga emas, narxi tegishli tarzda tartibga solinadigan dori vositalariga taalluqli. 

Shunga qaramay, belgilangan narx talablariga rioya qilmaslik holatlari ham uchramoqda. Yaqinda Raqobat qo‘mitasining Toshkentdagi dorixonalarda o‘tkazgan «Sirli mijoz» tekshiruvlarida ayrim dorilar ruxsat etilgan narxdan olti baravargacha qimmat taklif etilgani aniqlangan.

Masalan, «Shunqorlar» dorixonasida 12 ming 800 so‘mlik Polimik 70 ming so‘mdan, «Muno Farm»da esa 50 ming 700 so‘mlik Stimuloton 295 ming so‘mdan taklif qilingan.

Bunday qonunbuzarliklarning oldini olishda xaridorlarning ham ishtiroki muhim. Dori narxini tekshirish va ehtimoliy qoidabuzarliklar haqida xabar berishning bir necha yo‘li bor.

Birinchisi — dori vositalarining belgilangan narxlarini tekshirish va ehtimoliy qoidabuzarliklar haqida xabar berish uchun «PharmUz» mobil ilovasidan ham foydalanish mumkin. Ilova orqali preparatning davlat tomonidan belgilangan referent narxini ko‘rish, agar dori ushbu narxdan qimmat sotilayotgan bo‘lsa, «Shikoyatlar» bo‘limi orqali murojaat yuborish mumkin.

Bunday imkoniyat xaridorga dori narxini oldindan tekshirish va shubhali holat haqida tegishli tashkilotlarga xabar berishda yordam beradi.

Ikkinchisi — «Soliq» mobil ilovasidan foydalanish. Soliq qo‘mitasi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimlari integratsiyasi orqali xarid cheklaridagi ma’lumotlarni belgilangan narxlar bilan solishtirish imkoniyati yaratilgan.

Xaridor dorixonadan dori sotib olgach, «Soliq» ilovasidagi «Chekni skanerlash» funksiyasi orqali QR-kodli chekni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Agar tizimda dori narxi belgilangan chegaradan yuqori ekani aniqlansa, xaridor tegishli murojaat funksiyasi orqali bu haqda soliq organlariga xabar berishi mumkin.

Dorixona chek bermasa-chi?

Dori sotib olayotganda xaridorga fiskal chek berilishi kerak. Agar dorixona chek bermasa yoki QR-kodsiz oddiy terminal kvitansiyasini taqdim etsa, xaridor «Soliq» ilovasining «Soliq hamkor» bo‘limi orqali murojaat qilish imkoniyatini tekshirishi mumkin.

    

Screenshot_20261014_130729

Screenshot_20261014_130715

Murojaatda dorixonaning nomi, manzili va chek berilmagani haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish kerak.

Shu bois, dori sotib olishdan oldin uning belgilangan narxini tekshirish, xarid chekini saqlash va qoidabuzarlikka duch kelganda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish ortiqcha xarajatlarning oldini olishga yordam beradi. 

Farmatsevtika sanoati besh yilda qanday o‘zgardi?

O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda. Ayniqsa, so‘nggi 5 yilda mamlakatda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2,54 trln so‘mdan 5,10 trln so‘mga yetdi. Natijada ishlab chiqarish qiymati qariyb 2 baravarga oshgan.

Yil

Ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi, trln so‘m

2020

2,54 trln so‘m

2021

3,90  trln so‘m

2022

3,40 trln so‘m

2023

4 trln so‘m

2024

4,90  trln so‘m

2025

5,10  trln so‘m

2026-yil yanvar-avgust 

4,40  trln so‘m


Biroq 2021-yilda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,90 trln so‘mgacha yetdi. Shundan so‘ng ishlab chiqarish hajmi har yili oshib, 2023-yilda 4 trln so‘mga, 2024-yilda esa 4,90 trln so‘mga yetgan. 2025-yilda o‘sish sekinlashgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish hajmi 5,10 trln so‘mni tashkil etgan.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyida yirik korxonalar 4,4 trln so‘mlik asosiy farmatsevtika mahsulotlari va preparatlarini ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,9 foizga ko‘p.

Ishlab chiqarishning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan — 2,4 trln so‘m. Sirdaryo viloyatida 913,7 mlrd so‘mlik, Toshkent viloyatida esa 332,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Ayni paytda mamlakatda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi bor, ularning 58 tasi bevosita dori vositalarini ishlab chiqaradi. Shu davrda mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish ham ikki baravarga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq farmatsevtika ishlab chiqarishi 30 foizga oshganiga qaramay, dorixonalarda narxlar nega pasamayotgani haqida yozgan edik. Materialda import xomashyosiga qaramlik, bozordagi raqobat va dori vositalarini taqsimlash tizimi narxlar shakllanishiga qanday ta’sir qilishi yoritilgan.

Teglar

Mavzuga oid