Kelishuv amalga oshsa, Rossiya kompaniyasining 11 mamlakatdagi neft konlari, qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari amerikaliklar nazoratiga o‘tishi mumkin. Biroq buning uchun AQSH hukumatining ruxsati talab etiladi.
Amerikalik milliarder Todd Boeli boshchiligidagi bir guruh tadbirkor Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli xorijdagi mulklarni sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, 16 mlrd dollarga baholangan xorijiy mulklar evaziga G‘arb mamlakatlarida muzlatib qo‘yilgan, qiymati 10 mlrd dollar bo‘lgan «Lukoyl» qimmatli qog‘ozlari beriladi. Xaridorlar guruhi tarkibiga AQSH Xalqaro moliyaviy rivojlanish korporatsiyasi (DFC) ham kirgan.
Muzokaralar bir yildan ortiq davom etgan. Biroq kelishuv hali kuchga kirmagan. Buning uchun AQSH Moliya vazirligining ruxsati olinishi kerak.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar sarflagan mablag‘lari va kelishilgan daromadni qaytarib olganidan so‘ng, AQSH kelgusidagi foydaning bir qismini oladi. Shuningdek, Amerika tomoni yangi kompaniyaning boshqaruv kengashida ham o‘ringa ega bo‘ladi.
Muzokara ishtirokchilarining aytishicha, kelishuv Rossiyaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklashga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, strategik ahamiyatga ega bozorlarda Rossiya kompaniyalarining o‘rnini Amerika kompaniyalari egallashi ko‘zda tutilgan.
«Lukoyl»ning xorijdagi mulklari 11 mamlakatni qamrab oladi. Ular orasida sutkasiga qariyb 350 ming barrel neft qazib chiqaradigan korxonalar, Ozarboyjon va Qozog‘istondagi yirik neft konlari, Niderlandiya, Bolgariya va Ruminiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari bor.
Shuningdek, «Lukoyl»ning bir nechta mamlakatda, jumladan AQSHda ham faoliyat yurituvchi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i mazkur mulklar qatoriga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning yirik banklarida keng ko‘lamli texnik uzilishlar yuz bergani xabar qilingandi.