«Yozning o‘rtasida kelgandi, mana kuzning oxirgi oyida keldi» — oylab kelmaydigan propanni «zapravka»dan olish ham taqiqlanmoqda
Propan ballon aksariyat hollarda kechikib keladigan xonadonlar uchun «zapravka» yagona chora edi. 2027-yil 5-fevraldan bu yo‘l ham yopiladi, ya’ni maishiy ballon to‘ldirgan «zapravka»larga 2,2 mln so‘mgacha jarima belgilandi. Rasmiylar litsenziyali shoxobchalarni tavsiya qilmoqda, biroq Vaqt.uz’ga taqdim etilgan ro‘yxatga ko‘ra, ularning birortasi ham Toshkent shahri va viloyati, Navoiy va Sirdaryoda yo‘q.

Davlat rahbari 2-noyabr kuni yong‘in xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikka ayrim o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Ikki kundan so‘ng, 4-noyabr kuni e’lon qilingan ushbu hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 101¹-modda — «Suyultirilgan uglevodorod gazini chakana realizatsiya qilish tartibini buzish» moddasi bilan to‘ldirildi.

Rasm: Lex.uz’dan ekran tasviri
Unga ko‘ra, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalariga suyultirilgan gazni maishiy gaz ballonlariga to‘ldirib berish taqiqlanadi. Bu qoidabuzarlik uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1 mln 320 ming so‘mdan 2 mln 200 ming so‘mgacha jarima belgilangan.
Jarima gaz ballonini to‘ldirgan fuqaroga emas, balki bu xizmatni ko‘rsatgan gaz quyish shoxobchasiga nisbatan qo‘llanadi.
Qonundagi o‘zgartishlar rasman e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.
Biroq bu o‘zgarish jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilindi. Yangi tartib aholi va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha muammolar tug‘dirishi, gaz ta’minotidagi uzilishlar sharoitida ularni muqobil yo‘ldan ham mahrum qilishi mumkinligi haqida fikrlar bildirildi. Vaqt.uz bu borada aholi, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining munosabatini o‘rgandi.
«Tanlovsiz qolgan iste’molchini jazolaydigan navbatdagi yomon qonun»
Iqtisodchi Otabek Bakirov blogida yangi tartibni tanqid qilib, uni iste’molchilar manfaatini hisobga olmagan, ikki xil standartga asoslangan qonun deb baholadi.
«O‘zi tanlovsiz va talanayotgan iste’molchini jazolaydigan navbatdagi yomon va ikki standartli qonun. Hujjat tilidan oddiy tilga ko‘chirsak, 6 oylab uyiga propan kelmayotgan iste’molchi ilojsizlikdan propan “zapravka”siga borib, propanning kilosini 12–13 ming so‘mdan sotib olmoqchi bo‘lsa, “zapravka” “o‘lganning ustiga tepgandek” yana 2,2 mln so‘mgacha jarima bilan jazolanadi», — deya yozadi iqtisodchi.
Bakirov gaz ta’minoti tashkilotlari aholini o‘z vaqtida propan bilan ta’minlamaganida ularning javobgarligi haqida gap ham bo‘lmasligi, biroq iste’molchiga gazni mustaqil topib olishda yordam bergan «zapravka»lar katta jarimaga tortilishi mumkinligiga e’tibor qaratadi.
«Ikkiyuzlamachilik va ikki xil standart shu darajadaki, Hududgaz yoki achigan xamirturushdan bir dumalatib yangi yasalgan monopolist LPG-Trade propanni aholiga o‘z vaqtida yetkazmasa, hech qanday jazo yo‘q. Lekin aholi propan “zapravka”ga o‘zi borib, ballonini to‘ldirib sotib olmoqchi bo‘lsa, “zapravka”ga otning kallasidek jarima bor», — deydi Bakirov.
Otabek Bakirovning fikricha, yangi jarima gaz quyish shoxobchalarini maishiy ballonlarni to‘ldirishdan butunlay voz kechishga undaydi. Chunki tadbirkorlar nisbatan kichik daromad evaziga katta jarima xavfini bo‘yniga olishni istamaydi.
«Xavfsizlikni ta’minlashning boshqa yo‘li ham bor»
Yangi tartibning asosiy sabablaridan biri sifatida yong‘in xavfsizligi ko‘rsatilmoqda. Biroq Bakirov bu muammoni taqiq va jarima bilan emas, aholiga gaz ballonlarini xavfsiz to‘ldirish imkonini yaratish orqali hal qilish kerakligini ta’kidlaydi.
Iqtisodchi «Lolazor» podkastida ham bu masalaga to‘xtalib, gaz ta’minoti bo‘lmagan hududlarda yashovchilar propan ballonlarini «zapravka»larda to‘ldirishga majbur bo‘layotganini aytdi. Uning fikricha, muammoni taqiqlash bilan emas, xavfsizlik talablariga javob beradigan alohida xizmat va tartib joriy etish orqali hal qilish mumkin. Buning uchun «zapravka»larda aholi ballonlarini to‘ldirishga mo‘ljallangan alohida kolonka tashkil etish, tegishli standartlarni ishlab chiqish va zarur bo‘lsa, litsenziyalash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
«Bu millionlab odamning hayot-mamot masalasi»
Jamoatchilik faoli, «Davletovuz» kanali asoschisi Qobil Xidirov ham «Lolazor» podkastida propan masalasi millionlab odamlarning kundalik hayoti bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
«iPhone’ni O‘zbekistonda bir yilda 440–450 mingta olibdi. iPhone’ni ishlatmasang ham bo‘ladi. Lekin gaz — millionlab odamning masalasi, hayot-mamoti, kichkina bola-chaqasining issig‘i-sovug‘i», — deydi Xidirov.
U yangi tartibning yana bir salbiy oqibati sifatida korrupsiya xavfini ko‘rsatadi. Uning fikricha, katta miqdordagi jarima gaz quyish shoxobchalari va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida noqonuniy kelishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
«Lekin bizda hozir endi jarima. Eng yomoni, bu nima yaratadi? Keyin korrupsiya yaratadi. “Energonazorat” uchun gaz “zapravka”ni bo‘g‘ish sharoiti paydo bo‘ladi. Kelishishga majbur bo‘ladi», — deya xavotir bildirdi Qobil Xidirov.
O‘tgan qishdagi tajriba ham yodga olinmoqda
Bakirov gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lganida propan «zapravka»lardan foydalanish avval ham kengayganini eslatadi. Xususan, o‘tgan yili ko‘mir va o‘tin yoqishga cheklov qo‘yilgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari propan ballonlariga o‘tishga majbur bo‘lgan.
«O‘tgan yili ko‘mir yoqish, o‘tin yoqish taqiqlangan paytda umumiy ovqatlanishda xizmat ko‘rsatuvchilar nima qilishdi? Borib propan olib kelib ishlatishdi. Qimmat bo‘lsa ham. Propanni qayerdan olishdi? «Zapravka»lardan olishdi», — deydi iqtisodchi.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ham o‘tgan qishdagi gaz ta’minoti muammolari ovqatlanish shoxobchalariga ta’sir qilganini eslaydi. Ayrim korxonalar gaz uzilib qolgani sababli buyurtmalarni odatdagidek tayyorlay olmagan va propan ballonlaridan foydalanishga o‘tgan.
«O‘tgan yili sovuq va qor boshlangan paytda bir ovqatlanish joyiga kirsak, “buyurtmalarni vaqtida tayyorlab bera olmaymiz”, deyishdi. Nima uchun desak, “gaz yo‘q, o‘chib qolgan”, deyishdi. “Qanday ishlayapsizlar?” desak, “Ballon olib kelyapmiz, ballonda pishiryapmiz”, deyishdi. Gaz o‘chib qolgan, lekin ular baribir yo‘lini topgan», — deya o‘sha suhbatni esladi Muhrim A’zamxo‘jayev.
Jamoatchilik vakillari yangi tartib gaz ta’minotidagi muammolarni hal qilish o‘rniga aholi va tadbirkorlarning muqobil imkoniyatlarini cheklashi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu xavotirlar, ayniqsa, tabiiy gaz uzilishlari sabab propandan foydalanishga majbur bo‘layotgan kichik biznes uchun dolzarb.
«Gaz bo‘lmasa, choyxona ham ishlamaydi. Biz uchun minus» — navoiylik tadbirkor
Tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar umumiy ovqatlanish korxonalari uchun shunchaki noqulaylik emas, balki ishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan muammo. Vaqt.uz muxbiri Navoiy viloyatidagi choyxona egasi bilan suhbatlashdi.
Uning aytishicha, gaz bosimi pasaygan yoki ta’minot uzilgan paytlarda propan choyxonaning ishlashini davom ettirishga yordam beradigan muqobil manba bo‘lib kelgan. U uchun propan asosiy gazning o‘rnini bosuvchi emas, gaz bo‘lmagan kuni ishni to‘xtatmaslik imkoniyati edi.
«Propan gazni biz ishlatardik. Masalan, gaz o‘chib qolgan payti, gaz tarmog‘ida gaz yo‘q. Lekin choyxona ishlashi, ishchilarga oylik berish, soliq to‘lash kerak. Shu sababli propan ishlatardik. Endi chiqarilgan qonunga asosan o‘ylab ko‘rsak, gaz o‘chib qolsa, o‘sha kuni choyxona ishlamasligi kerak. Chunki propan ishlatib bo‘lmaydi. Bu biz uchun minus», — deydi tadbirkor.
Uning aytishicha, ayniqsa qish oylarida tabiiy gaz bosimining pasayishi ovqat tayyorlashga ta’sir qiladi. Bunday paytlarda propan yordamida taom tayyorlashni davom ettirish mumkin bo‘lgan.
«Qishda, mavsumda, aholi gaz yoqqan vaqtda gaz pasayib qoladi. O‘sha vaqtda past olovda ovqat pishmaydi, shuning uchun propanni baland qilib yoqib, ovqatni pishirib olardik. Bu o‘zimizning misolimiz», — deydi u.
Tadbirkor propan ballonlarini oddiy gaz quyish shoxobchalarida to‘ldirib kelgan. Yangi tartib kuchga kirishi bilan esa bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Uning fikricha, gaz uzilgan paytda choyxonani ishlatishning boshqa yo‘li qolmaydi.
«Shu oddiy “zapravka”dan to‘ldirib kelardik. Endi yo‘q, minus, tamom. To‘ldirilmaydi endi», — deydi u.
Tadbirkor muqobil yo‘l sifatida elektr uskunalarga o‘tish mumkinligini aytadi. Biroq bu gaz ta’minotidagi muammoning yechimi emas, balki yangi sharoitga majburiy moslashish bo‘ladi.
«Yechim yo‘q, tamom. Hamma elektr uskunaga o‘tadi», — deya xulosa qiladi tadbirkor.
Propan faqat maishiy ehtiyoj uchun emas
Suyultirilgan gaz ballonidan uyida ovqat pishiradigan aholi va umumiy ovqatlanish korxonalarigina foydalanmaydi. Qurilishda tom yopish, gidroizolyatsiya, «natyajnoy potolok» o‘rnatish, payvandlash va boshqa ishlar ham gaz ballonlariga bog‘liq. Bu sohada ishlovchilar uchun propan kundalik ishning zarur vositalaridan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan ustalardan biri propan qurilish va ta’mirlashning turli bosqichlarida ishlatilishini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, tomlarni yopish, ayrim qurilish materiallariga qizdirib ishlov berish, «natyajnoy potolok» o‘rnatishda ham gazdan foydalaniladi. Qishloqlarda esa propan ko‘pchilik uchun kundalik ehtiyoj.
«Mana, novostroykalar qurilayotganda ham tomlari, to‘llari shu propan ballon bilan, olov bilan qizdirib yopiladi. Natyajnoy potoloklarda ham shundan foydalaniladi. Qishloqda ham aholi shundan foydalanadi. Agar sizlar buni cheklab qo‘ysangiz, biz nima qilamiz? Ertadan boshlab uyda o‘tirishim kerakmi?» — deydi fuqaro murojaatida.
Bu kabi hali yana yuzlab misollarni keltirishimiz mumkin, ammo ayrimlarinigina yozdik. Bu cheklov faqat aholini emas, ayrim kasb egalarini ishlash va daromad topish imkonidan mahrum qilishi mumkin.
Gaz ta’minotidagi uzilishlar va ballon yetkazib berishdagi uzoq kechikishlar sharoitida propan ular uchun shunchaki muqobil yoqilg‘i emas, ishni davom ettirishning asosiy vositasi bo‘lib kelgan. Ballon yetkazib berishdagi muammolar hal qilinmay turib, yana bir tadbirkorga — «zapravka»ga jarima belgilanishi esa e’tirozlarni tabiiy ravishda kuchaytirdi.
«Respublikada 300 dan ortiq litsenziyali shoxobcha bor»
Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga mas’ul «LPG-Trade» MCHJ direktori Akmal Jo‘rayev O‘zA’ga bergan intervyusida bu masalaga to‘xtaldi. Jurnalist endi aholi ballonini «zapravka»da to‘ldira olmasligi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritishni so‘raganida, u maishiy ballonlarni to‘ldirish uchun maxsus litsenziyaga ega shoxobchalar borligini aytdi.
«Respublikamiz hududida maishiy gaz ballonlariga gaz to‘ldirish shoxobchalari juda ko‘p. U yerlarda bu faoliyatni bemalol amalga oshirsa bo‘ladi. Ya’ni u yerlarda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish bo‘yicha barcha talablar bajarilgan, tegishli litsenziya olingan, qonuniy tomondan barcha choralar ko‘rilgan. Bunday gaz “zapravka”larimiz chekka hududlarda ham, boshqa hududlarda ham bor. Respublikamiz bo‘yicha ularning soni 300 dan ortiq», — dedi Akmal Jo‘rayev.
Vaqt.uz «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati bilan bog‘lanib, ushbu 300 dan ortiq shoxobchaning hududlar bo‘yicha joylashuvi haqida ma’lumot oldi.
Vaqt.uz muxbiriga taqdim qilingan ro‘yxatga ko‘ra, respublikada maishiy gaz ballonlarini to‘ldiradigan 325 ta shoxobcha bor. Biroq ular hududlar bo‘yicha juda notekis joylashgan: shoxobchalarning uchdan biri — 107 tasi birgina Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Faqat Urgut tumanining o‘zida 16 ta shoxobcha bor. Bu Buxoro (7 ta) va Surxondaryo (6 ta) viloyatlaridagi shoxobchalarning jamidan ham ko‘p.
Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa ro‘yxatga ko‘ra bunday shoxobcha umuman yo‘q. Ya’ni bu hududlarda yashovchilar uchun «LPG-Trade» rahbari aytgan muqobil yo‘l amalda mavjud emas.
Aholi nima deydi?
Vaqt.uz ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan izohlarning ayrimlarini jamladi. Ular yangi tartib atrofidagi bahsga yana bir necha muhim jihatni qo‘shadi.
Taqiq xavfni kamaytirish o‘rniga oshirishi mumkin. Qonun yong‘in xavfsizligi maqsadida qabul qilingan bo‘lsa-da, izohlovchilarning bir nechtasi aynan teskari oqibatdan ogohlantirmoqda. Odamlar gazni mashinaga quyib, uyda qo‘lbola usulda ballonga o‘tkaza boshlaydi.
«Endi odamlar mashinasiga propan quyib, ilojsizlikdan uyiga borib, “shlang” bilan gaz ballonga propan o‘tkazishni boshlashadi. Mana, yong‘inga qarshi kurashishning yangicha usuli», — deb yozadi tarmoq foydalanuvchisi.
«Eng yomoni, mashinaga propan quyib, uyda qo‘lbola usulda gaz balloniga o‘tkaziladi. Yashash uchun kurash!» — deb yozgan boshqa biri kishi izohlarda.
Davlat bergan gaz qishga yetmaydi. Shuningdek, fuqarolar aksariyati ballonlar oylab kechikib kelishini aytgan bo‘lsa, boshqa bir kishi izohlarda yetkazilgan gaz ham uzoqqa yetmasligi ta’kidlanmoqda.
«Ayniqsa, hozir dolzarb bo‘lgan propan masalasi. Qish kelmoqda. Davlat bergan propan 10–15 kunga yetadi. Qolgan vaqt xalq majbur “zapravka”dan oladi. Endi “zapravka”ga borsa, quyib bermasa, xalq nima qilishi kerak?!» — deb yozgan Dilshodbek Burxonov.
Ballon yetkazib berish amalda qanday kechmoqda?
Izohlovchilardan biri navbatdagi ballonni qanday olganini batafsil yozgan.
«17 kun “ko‘chaga gaz ballon keldi, navbatingiz keldi” degan xabarlarga ishonib kutdim. Onamnikiga borsam ham kelib qolmasin deb uzoq o‘tirolmay, shoshib qaytardim. 3–4 oyda arang keladigan gazdan faqat bittasini almashtirib berishdi. Yozning o‘rtasida kelgandi, mana kuzning oxirgi oyida keldi, desam, “gaz balloningizni almashtirib bermayman, qayerga shikoyat qilsangiz qilavering”, deyishdi. Uchta ko‘chada 15 tadan oila bor, mashinangizga 150 ta ballon sig‘adi, 45 ta xonadondan bittadan olgan bo‘lsangiz, qolgani qayerga ketdi, desam, milliy gvardiya xodimi “bu ayolning ballonini almashtirmanglar” deb to‘ng‘illadi. Bizda haqingni surishtirsang, aksi bo‘ladi», — deb yozgan Dildora Hasan.
Boshqa davlatlarda bu masala qanday hal qilingan?
Ko‘rsatuvda taklif qilgan xavfsiz to‘ldirish tizimining amaldagi namunasini izohlovchilardan biri xorijdagi tajribasidan keltiradi.
«Ko‘p yildan beri Rossiyada ishlab yashaymiz. Istalgan gaz “zapravka”sida propan ballonni to‘ldirish mumkin: tarozi qo‘yilgan, ballonni taroziga qo‘yib, to‘ldirib ketasiz. Nahotki bizda xalqni shunchalik o‘ylashmasa?» — deb yozgan migrant fuqaro.
Ballon almashtirishdagi Face ID talabi. Ayrim izohlovchilar ballonni faqat egasining o‘zi almashtira olishi ham muammo ekanini aytmoqda. Shuningdek, tartib fevraldan kuchga kirishiga qaramay, ayrim «zapravka»lar ballon to‘ldirishdan hozirdanoq bosh tortayotgani yozilmoqda.
«Gazdagi Face ID’ni olib tashlash kerak. Maktabda, ishda bo‘lganimda uydagilar gaz ballonni almashtira olmadi. Men noroziman. Endi gaz “zapravka” ham to‘ldirib bermayapti», — deb yozgan Xusanov.
«O‘zim tibbiyot institutini bitirgan yoshgina vrachman. Sohamni ham, davlatimni ham yaxshi ko‘raman. Lekin men ham oddiy odamman, oilam va yosh bolam bor. Qishloqda yashaymiz, propan ishlatamiz. O‘zbekistonda birdan qaror chiqadi-yu, odamni eng minimal ehtiyojlaridan ham mahrum qiladi. Qayerga borishni, kimga dardingni aytishni bilmaysan... Biz — xalq nima qilaylik?» — deya yozgan tarmoq foydalanuvchisi.
Jarima soladiganlarning o‘zi ham ballon to‘ldiradi. Propan sotuvchi tadbirkorning aytishicha, bu ehtiyoj nazorat qiluvchilarga ham begona emas.
«Men propan sotadigan tadbirkorman. Bizni jarimaga tortishi kerak bo‘lgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining o‘zlari kelib, gaz ballonga gaz to‘ldirib ketyapti. Ular ham inson, ularga ham gaz kerak. Bu qonunni kim qabul qilgan, bilmadim-u, lekin uni bekor qilish shart!» — deya yozmoqda izohlarda fuqaro.
«Zapravka»larda maxsus postlar ochilishi mumkin
Aholi, tadbirkorlar va jamoatchilik faollaridagi e’tirozlar fonida «Hududgazta’minot» AJ 24-noyabr kuni avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish uchun maxsus postlar tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Kompaniya aholining ballon to‘ldirish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritganini aytdi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish xizmati aholi uchun cheklanmagan. Bu xizmat talablarga javob beradigan, litsenziyaga ega gaz to‘ldirish stansiyalari va shoxobchalarida ko‘rsatiladi. «LPG-Trade» tarmog‘idan tashqari, mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan bunday shoxobcha va stansiyalar soni 360 dan ortiq.
«Hududgazta’minot» avtomobil «zapravka»larida maishiy ballonlarni to‘ldirish xavfsizlik talablarini buzishini ham eslatdi.
Biroq maxsus postlar qachon, qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida tashkil etilishi hozircha noma’lum. Taklif qabul qilinadimi yoki yo‘qmi, bu ham aniq emas. Jarima esa 2027-yil 5-fevraldan, ya’ni qishning eng qahraton paytida kuchga kiradi.
Shoxobchalar soni bo‘yicha raqamlar ham bir-biriga mos kelmayapti: «LPG-Trade» rahbari «300 dan ortiq» desa, «Hududgazta’minot» «360 dan ortiq» deydi. Vaqt.uz’ga taqdim etilgan ro‘yxatda esa 325 ta shoxobcha qayd etilgan va ularning birortasi ham Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashmagan.
Ekspertlar va aholi vakillari ogohlantirganidek, ballonni qonuniy va xavfsiz to‘ldirish imkoni har bir hududda yaratilmas ekan, yangi jarima muammoni hal qilmaydi. U faqat ehtiyojni «zapravka»dan uydagi qo‘lbola usullarga ko‘chirishi mumkin.
Teglar






