Logo

Rossiya «do‘st bo‘lmagan» davlatlar mahsulotlari importiga bojni oshirishni rejalashtirmoqda

Bugun 18:451 daqiqa

Mamlakat Moliya vazirligi 2027-yildan ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun import bojini 7 foizdan 15 foizga ko‘tarishni taklif qildi.

Rossiya «do‘st bo‘lmagan» davlatlar mahsulotlari importiga bojni oshirishni rejalashtirmoqda © foto: kommersant.ru

Taklif Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan davlatlardan, jumladan, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan olib kiriladigan mahsulotlarga taalluqli. Bu haqda TASS xabar berdi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Sazanovning ma’lum qilishicha, taklif Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga yuborilgan. Yangi bojni 2027-yil 1-yanvardan joriy etish rejalashtirilmoqda. U qaysi mahsulotlarga tatbiq etilishi alohida ro‘yxatda belgilanadi.

Hozirda import qilinadigan chig‘anoq va boshqa dengiz maxsulotlari uchun boj stavkasi 7 foizni tashkil etadi. Taklif qabul qilinsa, u 15 foizga ko‘tariladi.

Mazkur tashabbus Rossiyada qimmatbaho dengiz mahsulotlariga solinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha muhokamalar fonida ilgari surildi.

2026-yilning oktabr oyida Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko qimmatbaho dengiz mahsulotlari uchun amaldagi 10 foizlik imtiyozli QQS stavkasini bekor qilib, uni 22 foizga oshirishni taklif qilgandi.

Moliya vazirligi esa ushbu mahsulotlar uchun imtiyozli QQS stavkasini saqlab qolish, biroq Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan davlatlardan keltiriladigan mahsulotlarga import bojini oshirish taklifini ilgari surmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiyada ayrim xorijiy mahsulotlar uchun oshirilgan import bojlari avval ham joriy etilgan. Xususan, 2026-yil 11-noyabrdan Rossiyaga sanksiyalar kiritgan davlatlardan olib kiriladigan kuchli spirtli ichimliklar uchun boj stavkasi 35 foizni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ayrim mamlakatlar uchun yangi savdo bojlarini e’lon qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid