Logo

Afg‘oniston yaqin kunlarda Amudaryodan suv olishni boshlamoqchi

Bugun 08:102 daqiqa

Mamlakat Milliy taraqqiyot korporatsiyasiga ko‘ra, Qo‘shtepa kanalining qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan.

Afg‘oniston yaqin kunlarda Amudaryodan suv olishni boshlamoqchi © Foto: ariananews.af

Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Amudaryodan kanalga suv olish «yaqin orada» boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi 25-noyabr kuni e’lon qilgan videoxabarda ma’lum qildi.

Korporatsiya ma’lumotiga ko‘ra, kanalning asosiy qazish ishlari qo‘rquv va to‘siqlarga qaramay yakunlangan. Ayni paytda kanal trassasi bo‘ylab 47 ta ko‘prik va nazorat inshootlarini qurish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, kanalning bosh qismidagi to‘g‘on va suvni boshqarish inshootlari ham qurilish bosqichida. Amudaryo suvi dastlab to‘g‘onga, keyin esa kanalning asosiy o‘zaniga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Korporatsiya ta’kidlashicha, Qo‘shtepa kanali qurilishi rahbariyatning doimiy nazoratida olib borilmoqda va loyihani tezroq yakunlashga harakat qilinmoqda.

Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning yirik irrigatsiya loyihalaridan biri hisoblanadi. Uning ishga tushirilishi mamlakat shimolidagi minglab gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish imkonini berishi, shuningdek, hududda agrar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Biroq kanalning Amudaryo suv resurslariga ta’siri Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston uchun ham muhim masala hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19-noyabr kunigi matbuot anjumanida Qo‘shtepa kanali 2030 yilgacha Amudaryodan suv olmasligini aytgandi. Vazir suv kam bo‘ladigan yillarda kanal orqali qancha suv olinishi Afg‘oniston bilan muzokaralar mavzusi bo‘lishini ta’kidlagan.

«Qo‘shtepa kanali hali qurilish jarayonida. Afg‘oniston ham Amudaryodan suv olishga haqli. Qancha suv olishi va boshqa masalalar bo‘yicha qurilish tugaganidan keyin kelishuvlar imzolaymiz, degan kelishuvlarimiz bor. Hali u kanaldan suv olmayapti... Qo‘shtepa hali bir chelak ham suv olgani yo‘q. Kanal qachon suv ola boshlashi haqidagi savolga esa «2030 yilgacha olmasligi aniq», — degan edi Hamroyev.

Teglar

Mavzuga oid