Logo

Markaziy bank qaysi banklar tizimli ahamiyatga ega ekanini aytdi

Bugun 20:052 daqiqa

2027-yil uchun tasdiqlangan ro‘yxatga o‘tgan yilgi 7 ta bank kiritilgan. Ularning jami aktivlari mamlakat bank tizimi aktivlarining 60 foizini tashkil qiladi.

Markaziy bank qaysi banklar tizimli ahamiyatga ega ekanini aytdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston Markaziy banki 2027-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi. Undan o‘tgan yilgi yettita bank ham o‘rin olgan bo‘lib, tarkibda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.  Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Qaysi banklar ro‘yxatga kiritildi?

Bank nazorati qo‘mitasi quyidagi banklarni tizimli ahamiyatga molik deb topdi:

№

Bank nomi

1

«O‘zmilliybank» AJ

2

«Agrobank» ATB

3

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB

4

«Asakabank»AJ

5

«Kapitalbank» ATB

6

«Xalq banki» AT

7

«Ipoteka-bank» ATIB

Banklar bir nechta mezon asosida baholangan. Bunda ularning aktivlari va majburiyatlari hajmi, bank tizimining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro bog‘liqligi, xizmatlar qamrovi hamda operatsiyalarining murakkabligi hisobga olingan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga ushbu yettita bankning aktivlari mamlakat bank tizimi jami aktivlarining 60 foizini tashkil etgan.

Tizimli banklarga qanday talablar qo‘yiladi?

Tizimli ahamiyatga molik banklar faoliyati ustidan alohida bank nazorati o‘rnatiladi. Shuningdek, ular tavakkalchilikni hisobga olgan holdagi aktivlarining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha kapital buferini shakllantirishi kerak.

Bu talab banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va ehtimoliy xatarlar yuzaga kelganda ulardan keladigan zararni qoplash uchun qo‘shimcha zaxira yaratishga qaratilgan.

2026-yilning aprel oyida Xalqaro valuta jamg‘armasi ham O‘zbekistonga tizimli ahamiyatga ega davlat banklarini saqlash rejasini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilgandi.

XVJ bahosiga ko‘ra, davlat tijorat banklariga davlat funksiyalarini yuklash moliyaviy xatarlar va budjet xarajatlarini oshirishi mumkin. Shu sababli davlat banklarining tijorat faoliyati bilan davlat vazifalarini bajarishi o‘rtasidagi chegarani aniq belgilash kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Fitch Ratings» O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish jarayoni 2028-yilgacha kechikishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Agentlik «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asakabank»ni xususiylashtirishga tayyorlash ishlari tezlashganini ham qayd etgan. Amaldagi rejaga ko‘ra, ushbu ikki bank 2027-yilning oxirigacha sotilishi kerak.


Teglar

Mavzuga oid

Markaziy bank qaysi banklar tizimli ahamiyatga ega ekanini aytdi | Vaqt.uz