add

Ikki tig‘li pichoq: media suitsid haqida gapirishi kerakmi?

22.09.2025 | 12:00326817

Toshkent shahrida yuz bergan voqea – yoshgina ayol o‘zi va ikki murg‘ak farzandining joniga qasd qilgani haqidagi xabar o‘zbek media segmentida shov-shuvga aylandi. Taassufki, xudkushlik haqidagi shumxabarlar yangilik tasmalarida tez-tez ko‘zga tashlanib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

Ikki tig‘li pichoq: media suitsid haqida gapirishi kerakmi?
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: suitsiddek nozik mavzu mediada yoritilishi, muhokama qilinishi kerakmi?   Gyotening «qotil» qahramoni 1974 yilda sotsiolog Devid Filipps «Verter effekti» nomli psixologik atamani iste’molga kiritdi. Bu suitsid holatlarining mediada keng yoritilishi aholi orasida taqlidga — o‘z joniga qasd qilish holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lishini nazarda tutadi. Suitsid mavzusining ommaviy axborot vositalarida «qonuniylashtirilishi»ni depressiyadagi xavf guruhi o‘z shaxsiy muammolariga yechim sifatida ko‘rishi mumkin. Holatning bunday nomlanishi XVII asrga, Gyotening «Yosh Verterning iztiroblari» romaniga borib taqaladi. Verter ismli bosh qahramon boshqaga unashtirilgan qizni yaxshi ko‘rib qoladi, sevgisiga hech qachon yeta olmasligini anglagach, alamdan o‘z hayotiga nuqta qo‘yadi. Romanning ommalashuvi Yevropa bo‘ylab suitsid holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘ldi, ahamiyatlisi, o‘z joniga qasd qilganlarning ko‘pchiligi aynan roman qahramonidek kiyingan, qo‘lida kitob nusxasini tutgan yoki romanda tasvirlangan o‘lim usulini tanlagan bo‘lib chiqardi. Oqibatda ayrim Yevropa mamlakatlarida bu asar qora ro‘yxatga kiritildi. Ushbu holat hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan, nozik mavzu mediada noto‘g‘ri yoritilsa, aks ta’sirga olib kelishi mumkin. Verter effekti quyidagi holatlarda kuchayadi:
  • omma e’tiborini jalb qilish maqsadida suitsid haqidagi xabar asosiy tasmada berilsa;
  • shov-shuv qo‘zg‘atuvchi sarlavhalar qo‘llanilsa;
  • suitsidni amalga oshirgan shaxsga oid tafsilotlar, masalan, to‘liq ism-sharifi, surati va/yoki vidolashuv maktubi keltirilsa;
  • suitsidni amalga oshirishda qo‘llanilgan usul ochiqlansa, masalan, «o‘zini osib o‘ldirdi», «sirka ichib qo‘ydi», «derazadan sakradi»;
  • jarayon batafsil tasvirlansa, voqeaga oid video yoki fotolar ilova qilinsa;
  • suitsidni amalga oshirgan shaxs va uning harakatiga qahramonlik tusi berilsa, u «o‘ziga xos o‘limni tanladi» kabi jumlalar qo‘llanilsa;
  • holatga romantik tus berilsa;
  • suitsidni amalga oshirgan shaxsning yaqinlaridan ular hali shok holatida bo‘lgan vaqtda intervyu olinsa.
Ayniqsa, taniqli, ommaga mashhur shaxslar o‘z joniga qasd qilsa, xabarning jamoatchilikka ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi, shu bois bunday xabarlar ikki hissa ehtiyotkorlikni talab etadi.   Motsartning xaloskor qahramoni Ammo bu suitsiddek jiddiy masalaga OAV befarq qarashi, mutlaqo yoritmasligi kerakligini ham anglatmaydi. Chunki to‘g‘ri yondashuv tanlanganda media materiallar aksincha, suitsid niyatida yurgan insonlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan holatlar ham uchraydi. Bu, o‘z navbatida, Verter effektiga qarama-qarshi bo‘lgan Papageno effektini o‘rtaga chiqaradi. OAVda suitsidga moyil shaxslarga chigal vaziyatlarni yengib chiqishga yordam beradigan, umid bag‘ishlaydigan samarali usullar haqida hikoya qilish natijasida Papageno effektiga erishish mumkin. Mazkur atama Motsartning «Sehrli fleyta» operasi bosh qahramoni bilan bog‘liq bo‘lib, u suyukli insonini yo‘qotishdan qo‘rqib o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi, lekin do‘stlarining qo‘llov va tasallisi bilan inqirozdan chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Papageno effektining ehtimolini oshirish mumkin, agar mediada:
  • muayyan shaxslar suitsid inqirozlarini yengib o‘tgani haqidagi hikoyalar bayon qilinsa;
  • suitsid holatlari achinish ohangi bilan yoritilsa;
  • murakkab vaziyatlar uchun muqobil yechimlar keltirilsa, o‘xshash holatni boshdan kechirganlar bilan intervyular;
  • xavf guruhini yaqinlariga, professional yordamga murojaat qilishga undovchi jumlalar qo‘llanilsa;
  • maxsus yordam xizmatlari mavjudligi va ular bilan qanday bog‘lanish haqida ma’lumot keltirilsa;
  • suitsidga moyillik belgilari tasvirlansa.
  Suitsidga moyillikni qanday aniqlash mumkin? Toshkent davlat yuridik universiteti psixologi Farangis Sharipova o‘z joniga qasd qilishga moyil xavf guruhiga xos belgilar qanday, degan savolga quyidagicha javob berdi: — Aslida signallar ko‘p, lekin eng muhimi — ularni payqay bilish va e’tiborsiz qoldirmaslik. Bizda empatiya yetishmovchiligi katta muammo. Ko‘pincha jamiyatda insonning ruhiy holatiga katta ahamiyat bermaymiz, undagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lamiz. Suitsidning eng asosiy belgilaridan biri esa aynan hissiy holatlar bilan bog‘liq: tushkunlik va umidsizlik, aybdorlik yoki o‘zini keraksiz his qilish. Ko‘pincha inson suitsid haqida qaror qabul qilganda, unda vaqtinchalik yengillik paydo bo‘ladi va sirtdan xotirjam ko‘rinadi. Shuning uchun hodisadan keyin yaqinlaridan so‘rasangiz: «Hammasi yaxshi edi, oxirgi paytlarda quvnoq va xotirjam, ko‘tarinki kayfiyatda yurgandi», deb javob berishadi. Afsuski, ko‘pincha suitsid niyatlari yashirin qoladi va belgilari yaqqol namoyon bo‘lavermaydi. Shu sababli oilada ishonchli munosabatlarni shakllantirish juda muhim, shunda odam o‘z his-tuyg‘ulari haqida bemalol gapira oladi va yordam so‘rashga jur’at topadi.   Suitsidga moyil insonga qanday yordam ko‘rsatish kerak? Mutaxassis suitsidga moyil insonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni sanab o‘tdi: — Yaqinlaringizda suitsidga moyillik belgilarini sezsangiz yoki ishonchingiz komil bo‘lmasa ham, lekin shubhalansangiz, eng muhimi, befarq bo‘lmaslik. Undan ehtiyotkorlik bilan, ammo ochiqchasiga so‘rash kerak: «Sendan xavotir olyapman, o‘zingni qanday his qilyapsan?», «O‘zingga zarar yetkazish haqida o‘ylayapsanmi?» deb. Xavotir olmang, bunday ochiq, to‘g‘ridan to‘g‘ri savollar suitsidga undamaydi, aksincha, u haqida qayg‘uradigan, uni tinglashga tayyor inson borligini ko‘rsatadi. Xavf ostidagi inson sizga ishonch bildirsa, o‘z kechinmalari bilan bo‘lishishi mumkin. Shunda siz uni hukm qilmasdan, ayblamasdan tinglashingiz kerak. Gapini bo‘lmang, koyimang, his-tuyg‘ularini qadrsizlantirmang, unga nisbatan g‘azab, jahl yoki qo‘rquv bildirmang. Masalan, «Uyalmaysanmi bunaqa degani?», «O‘zingni o‘ylamasang ham bizni o‘yla», «Boshqalarda bundan ham battar», «Shukr qil», «Tavba qil» kabi gaplarni aytish mumkin emas. Bu faqatgina undagi «meni hech kim tushunmaydi», degan fikrni kuchaytiradi. Albatta, uni professional yordamga yo‘naltirish muhim. Birga psixologga, professional yordamga murojaat qilishga undang. Kimningdir suitsidga urinishiga bevosita guvoh bo‘lsangiz, eng avvalo darhol xavfsizlikni ta’minlang, qo‘ldan kelgancha xavfli buyumlarni chetga olib tashlang va tez yordam chaqiring. Hech qachon bu muammoni o‘zingiz hal qilishga urinmang. Bunday vaziyatda faqat professional yordam kerak, sizning kichik xatoyingiz ham qimmatga tushishi mumkin. Yordam kelguncha iloji boricha xotirjam bo‘ling va uning yonida qoling. Muloyim, xotirjam  ohangni saqlang, u bilan gaplashing. Vaziyat tugaganidan keyin ham uni yolg‘iz qoldirmang.   Bu haqida qanday yozish kerak? Yuqorida tilga olingan ikki effekt suitsid tabu mavzuga aylanishi kerakligini ham, romantik/ayblov ohangda berilishi kerakligini ham bildirmaydi. Bu kontekstda medianing kuchini ikki tig‘li pichoqqa o‘xshatish mumkin – noprofessional yondashuv salbiy oqibatlarga olib kelsa, mas’uliyatli, to‘g‘ri yoritish jamoatchilikni ogohlikka chorlaydi, xunuk o‘y-fikrlar girdobida qolgan insonlarga madad vazifasini bajaradi. Avvalo, suitsid har kim o‘z bilganicha yozadigan, «divan mutaxassislari» tahlil qiladigan mavzu emasligini tushunish lozim. Xabarlar bilan ishlovchi media vakillari mazkur mavzuni yoritish bo‘yicha muayyan bilim va malakaga ega bo‘lishi kerak, shu maqsadda UNICEF kabi tashkilotlar tomonidan tayyorlov mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Suitsid haqidagi xabarlarni sun’iy ravishda «hayp»ga aylantirmaslik, ko‘rish va «layk»lar sonini oshirish maqsadida foydalanmaslik muhim. Xabarga ilova qilinadigan surat tanlashda alohida ehtiyotkorlik talab etiladi, neytral, o‘lim usulini aks ettirmaydigan, qo‘rqinch uyg‘otmaydigan yoki holatga romantik tus bermaydigan suratlardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq. Mavzuga aloqador har qanday xabar/tahlil yordam imkoniyati mavjudligi, murakkab vaziyatlarda har doim chiqish yo‘li borligiga ishora berishi lozim. Suitsidga moyillik yoki xavf kuzatilganida quyidagi yordam xizmatlariga murojaat qilish mumkin: 112 — Favqulodda vaziyatlarda shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan yagona dispetcherlik xizmati 103 — Shoshilinch tibbiy yordam +998 71 276 49 66 — Respublika ruhiy salomatlik markazi +998 71 273 02 02 — UNICEF O‘zbekiston Bolalar va yoshlar ruhiy salomatligi bo‘yicha yordam xizmati Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid