
«Imkoniyat yo‘q»: Nima uchun yuan dollarning o‘rnini bosa olmaydi?
Si Jingping yuan dunyoning asosiy zaxira valutasiga aylanishi kerakligini e’lon qildi. Xitoy rahbari buni qudratli moliyaviy davlat barpo etishning ajralmas sharti deb atadi.

Xitoyga «kuchli valuta» kerak
Si Jingpingning fikricha, yuan jahon savdosida, investitsiyalarda va valuta bozorlarida keng qo‘llanilishi lozim. Xitoy raisi xalqaro hisob-kitoblar va zaxiralarda milliy valutaning rolini oshirmoqchi.
Xitoy yetakchisi o‘z rejalari bilan mamlakat Kommunistik partiyasining rasmiy nashri bo‘lmish «Qiushi» jurnali sahifalarida o‘rtoqlashdi. Si Jingpingning aytishicha, Xitoyga pul mablag‘larini samarali boshqarishga qodir «qudratli markaziy bank» zarur.
Bundan tashqari, «global kapitalni jalb qila oladigan va jahon narxlarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadigan» raqobatbardosh moliyaviy institutlar talab etiladi. Xitoy hukumati ancha vaqtdan beri yuanning ommalashishini rag‘batlantirishga urinib kelmoqda. Endi esa Si Jingpingning «kuchli valuta» va buning uchun zarur bo‘lgan moliyaviy poydevor haqidagi so‘zlari yanada dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Aslida, ushbu bayonotlar yuqori martabali hududiy amaldorlarga 2024 yildayoq yo‘llangan edi. Biroq Xitoy yetakchisining mazkur tezislari faqat 2026 yil yanvar oyining oxiriga kelibgina e’lon qilindi. Si Jingpingning maqolasi jahon bozorlarida noaniqlik kuchaygan bir pallada chop etildi.
«Xitoy dunyo tartibining o‘zgarishi har qachongidan ham real ekanini his qilmoqda», — deya ta’kidlaydi «Pantheon Macroeconomics» iqtisodchisi Kevin Lam.


Dunyo bo‘ylab markaziy banklarning oltinni faol sotib olayotgani ham bejiz emas. Dollardan ko‘ra ko‘proq asl metallga afzallik berish holatlari ko‘paymoqda. Masalan, 2015 yilda «yashil valuta»ning banklar zaxirasidagi ulushi qariyb 59 foizni, oltinniki esa taxminan 10 foizni tashkil etgan edi. Hozirda AQSH valutasiga to‘g‘ri keladigan ulush 41 foizga tushgan bo‘lsa, qimmatbaho metallning ulushi 28 foizga yetdi.
Ekspertlarning tushuntirishicha, bunga dollarning qadrsizlanishi va Donald Trampning AQSH Federal zaxira tizimiga o‘tkazayotgan bosimi sabab bo‘lgan. Joriy yilning bahorida regulyator rahbariyati almashishi kutilmoqda. Geosiyosiy taranglik va savdo urushlari ham dollarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Mutaxassislar qayd etganidek, Si Jingpingning yuanga qaratayotgan alohida e’tibori xalqaro maydondagi tub o‘zgarishlarning in’ikosidir.
Xitoyning moliyaviy strategiyasi
Xitoyliklar uzoqni ko‘zlab ish tutish borasida katta tajribaga ega ekanliklari barchaga ma’lum. Shuning uchun ham ularning Amerika dollaridan voz kechish yo‘llarini izlashni bundan 17 yil avval boshlaganlari hech kimni hayron qoldirmaydi.
2008–2009 yillardagi iqtisodiy inqiroz bu jarayonga o‘z tuzatishlarini kiritdi. O‘shanda Xitoy hukumati ilk bor xalqaro hisob-kitoblarni yuanda amalga oshirishga ruxsat berdi. Biroq, bu amaliyot faqat Xitoy Xalq banki tomonidan belgilangan maxsus kurs bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘shandan buyon Xitoy milliy valutasini jahon zaxira valutasiga aylantirish harakati to‘xtagani yo‘q. Shunga qaramay, mazkur jarayon sekin va goh muvaffaqiyatli, goh qiyinchiliklar bilan kechmoqda.


«Yuan xalqaro hisob-kitoblarda o‘z mavqeini bosqichma-bosqich mustahkamlab boryapti. Ayniqsa, Xitoyning Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari bilan savdo aloqalarida bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ikki tomonlama valuta kelishuvlari tuzilib, transchegaraviy to‘lovlar infratuzilmasi rivojlanmoqda», — deydi investitsiyalar bo‘yicha maslahatchi, «Finansologiya» universiteti asoschisi Yuliya Kuznetsova «TRT» nashriga.
Xitoy Xalq banki raisi o‘rinbosari Chju Sinsingning 2024 yilgi bayonotiga ko‘ra, Xitoyning tashqi savdo to‘lovlarining qariyb 30 foizi yuanda amalga oshirilgan. Masalan, Rossiya bilan hisob-kitoblar ham milliy valutada, ham rublda olib borilmoqda. 2025 yil yakuniga kelib, bunday o‘tkazmalar ulushi 99 foizdan oshib ketgan.
Shunga qaramay, ekspertlarning fikricha, yuanning haqiqatda jahon zaxira valutasiga aylanishi haqida gapirishga hali erta. SWIFT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda u transmilliy bank operatsiyalari hajmi bo‘yicha dunyoda atigi beshinchi-oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Uning ulushi 2,5–3,5 foiz oralig‘ida o‘zgarib turadi. Yuan nafaqat dollar va yevrodan, balki Britaniya funt sterlingi va Yaponiya iyenasidan ham orqada qolmoqda. Dunyo oltin-valuta zaxiralarida esa Xitoy valutasining ulushi 2,5 foizdan oshmaydi.
Yuanga nima xalaqit qilyapti?
Ushbu ko‘rsatkichlarning barchasi Xitoy iqtisodiyoti ko‘lamidan ancha past. Global iqtisodiyotda XXRning ulushi qariyb 19–20 foizni, jahon savdosida esa 15 foizga yaqinni tashkil etadi. Qolaversa, yuan hozircha jahon zaxira valutasining fundamental mezonlariga javob bermaydi.
Masalan, u erkin konvertatsiya qilinmaydi. Xitoy Xalq banki hamon yuan kursini nazorat qilib kelmoqda. Boz ustiga, tashqi savdo hisob-kitoblari uchun ichki bozordagidan farq qiluvchi maxsus kurs qo‘llaniladi. Shuningdek, Xitoy yopiq kapital bozoriga ega mamlakat hisoblanadi.


«Zaxira valutasi maqomining ikkinchi tomoni ham bor. Unga bo‘lgan yuqori tarkibiy talab ayirboshlash kursining mustahkamlanishiga olib keladi. Bu, asosan, import ustunlik qiladigan iqtisodiyotlar uchun ijobiy holat. Biroq Xitoy eksportga yo‘naltirilgan. Bunday modelda esa o‘ta kuchli valuta iqtisodiy o‘sish maqsadlari bilan unchalik ham mos kelmaydi», — deydi «WhiteBird» birja savdosi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yan Pinchuk.
Imkoniyat yo‘q
Xitoy hukumatining barcha urinishlariga qaramay, yuan hozircha jahon zaxira valutasi bo‘lishga da’vogarlik qila olmaydi. Shunga qaramay, Pekin tashqi savdoda «yashil valuta»ga (dollarga) qaramlikni izchil kamaytirib bormoqda. Shuningdek, yuan orqali hisob-kitoblarni kengaytirmoqda, oltin jamg‘armoqda va valuta zaxiralarini diversifikatsiya qilmoqda.
«Biroq yaqin kelajakda «Osmonosti mamlakati» dollardan butunlay voz kecha olmaydi. Dollar jahon savdosi, xomashyo bozorlari va global moliya tizimining kalit valutasi bo‘lib qolmoqda», — deydi Yuliya Kuznetsova. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha hech bir valutada dollarni taxtidan tushirish imkoniyati mavjud emas.
Masalan, yevro ikkinchi muhim valuta hisoblanadi, biroq uning imkoniyatlari Yevropa Ittifoqi ichidagi moliyaviy siyosatning tarqoqligi sababli cheklangan. Xitoy hukumatining bugungi bayonotlari moliyaviy suverenitetni kuchaytirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning bir qismidir. Shu sababli rollarning keskin almashishini kutish shart emas.
Ekspertlar kelajakni «yangi dollar»da emas, balki ko‘pqutbli valuta tizimida ko‘rmoqda. «Yashil valuta» o‘zning yetakchi mavqeini saqlab qoladi, biroq uning ulushi mintaqaviy valutalar, oltin va muqobil hisob-kitob mexanizmlari hisobiga asta-sekin kamayib boradi.





