Logo

O‘zbekiston iqtisodiyotiga nimalar xavf solmoqda?

Bugun 21:558 daqiqa

Jahondagi siyosiy vaziyat, iqlim o‘zgarishi va kiberxavfsizlikka oid tahdidlar moliya tizimi uchun yangi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Markaziy bank moliyaviy barqarorlik sharhida O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun eng muhim to‘rtta xavfni ma’lum qildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga nimalar xavf solmoqda? © Foto: lunainc

Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga nafaqat O‘zbekiston ichidagi jarayonlar, balki dunyodagi o‘zgarishlar ham  bevosita bog‘liq. Xalqaro siyosiy vaziyat, global iqtisodiy o‘zgarishlar va turli inqirozlar moliya bozorlari, investitsiyalar hamda tashqi savdo faoliyatiga ta’sir qilmoqda.

Markaziy bank moliyaviy barqarorlik sharhida, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun eng muhim to‘rtta xavfni, ularning oqibatlari va ularga qarshi ko‘rilishi lozim bo‘lgan  choralari haqida ma’lumot berdi.

Hisobotda qayd etilishicha, siyosiy vaziyatlar xalqaro savdo va logistika yo‘nalishidagi uzilishlar, eksport-import xarajatlarining oshishi hamda O‘zbekistonga investitsiya kiritish istagi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Geosiyosiy vaziyat asosiy tashqi xatar bo‘lib qolmoqda

Yaqin Sharqdagi mojaro va dunyoning boshqa hududlaridagi urushlar xalqaro moliya bozorlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Markaziy bankka ko‘ra, bunday vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham qator xavflarni yuzaga keltiradi.

Masalan, xalqaro moliya bozorlarida foiz stavkalari yuqori darajada saqlanib qolishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning xorijdan qarz olish jarayonini  qiyinlashtiradi. Olingan kreditlar uchun to‘lanadigan foizlar hamda davlat qarzini qaytarish xarajatlari ham ortadi.

Bundan tashqari, siyosiy ziddiyatlar xalqaro savdoga ham salbiy ta’sir qiladi. Logistika yo‘nalishidagi uzilishlar, yoqilg‘i narxlarining qimmatlashishi, import va eksport xarajatlarini ko‘paytiradi. Natijada import mahsulotlari qimmatlab, ichki bozorda narxlar oshishiga, ya’ni inflyatsiyaning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, joriy yilda import orqali kirib kelayotgan inflyatsiya ichki narxlarga qariyb 1 foiz qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatmoqda.

Geosiyosiy keskinlik sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirish uchun Markaziy bank bir necha choralarni taklif qildi. Davlat xarajatlarini nazorat ostida ushlab turish, bank tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga tayyorlash hamda xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun zarur choralarni ko‘rish ta’kidlangan.

Tashqi savdoda bitta shimoliy yo‘nalishga (Rossiya va Qozog‘iston orqali o‘tuvchi an’anaviy yo‘lga) qaram bo‘lib qolmaslik uchun yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish va qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini kuchaytirish taklif etilgan.

Mikroqarzlar nega xavfga aylanmoqda?

Markaziy bank moliya tizimi uchun ichki xatarlardan biri sifatida mikroqarzlar bo‘yicha kredit xatari ortayotganiga e’tibor qaratgan. So‘nggi yillarda aholiga berilayotgan mikroqarzlar hajmi oshib bormoqda. Agar qarz oluvchilarning daromadi kreditni o‘z vaqtida qaytarishga yetmasa, muammoli kreditlar (NPL) ko‘payib, banklarning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, ayrim mikroqarzlarning garovsiz ajratilishi bu xavfni yanada oshiradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi 1-iyun holatiga ko‘ra, 23 trln 609 mlrd so‘mga yetgan. Hozirda banklarining jami kredit portfelining 3,7 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu sababli Markaziy bank mikroqarz ajratish talablarni bosqichma-bosqich kuchaytirmoqda. Banklar va mikromoliya tashkilotlari kredit portfelida mikroqarzlarning ulushi 25 foizdan oshmasligi belgilandi. Bundan tashqari, mikroqarz berishda aholini oylik kredit to‘lovlari uning daromadining 50 foizidan oshmasligini va mavjud qarzlari qat’iy hisobga olinishi kerakligini ta’kidlagan. Biroq moliya tizimi uchun xavf faqat kreditlar bilan bog‘liq emas. Raqamli xizmatlarning kengayishi bilan kiberxatarlar ham tobora dolzarb masalaga aylanmoqda.

Kiberhujumlar iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

So‘nggi yillarda bank xizmatlari, mobil ilovalar va onlayn to‘lovlar keng ommalashgani sababli moliyaviy operatsiyalarning katta qismi raqamli platformalar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa qulaylik yaratishi bilan birga, kiberfiribgarlik xavfini ham oshiryapti.

Kiberhujumlar, axborot xavfsizligining buzilishi va shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkin. Natijada banklar va boshqa moliya tashkilotlari qo‘shimcha moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelishi ehtimoli ortadi.

Bu kabi holatlar oddiy fuqarolarga ham bevosita ta’sir qiladi. Bank kartalaridagi mablag‘larning firibgarlik yo‘li bilan yechib olinishi, shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy qo‘lga kiritilishi yoki bank ilovalari orqali noqonuniy operatsiyalar amalga oshirilishi kuzatiladi.

Statistikalar ham kiberxatarlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Birgina 2025 yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarga qariyb 2 trillion so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

So‘nggi yillarda esa kiberjinoyatlar sabab yetkazilgan umumiy zarar 3,7 trillion so‘mga yetib, ularning salkam 98 foiz qismi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklardir. Shu bilan birga, 2021–2025 yillar davomida O‘zbekiston bo‘ylab qayd etilgan kiberjinoyatlar soni 11 baravar oshib, 62 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Shundan 16 mingdan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bunday kiberjinoyatlarni kamaytirish uchun moliyaviy tizimda xavfsizlik choralarini kuchaytirish rejalashtirilgan. Bunda shubhali operatsiyalarni tez aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalanish  va xavfli deb topilgan tranzaksiyalarni vaqtincha cheklash taklif etilmoqda. Aholining kiberfiribgarlik haqida xabardorligini oshirish va moliyaviy savodxonligini kuchaytirish ham ushbu xavfni kamaytirishda asosiy omil bo‘lishi ta’kidlangan.

Iqlim o‘zgarishi: iqtisodiyot uchun yangi xavf

Iqlim o‘zgarishi bugungi kunda nafaqat ekologik muammo, balki iqtisodiyotga ta’sir qiladigan masalaga aylanib ulgurdi. Haroratning oshishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va tabiiy ofatlar moliya tizimiga ta’sir qilyapti. Markaziy bank qayd etishicha, ushbu xatarlar orasida eng jiddiysi butun dunyoda tobora kuchayib borayotgan suv tanqisligidir.

Suv tanqisligi. O‘zbekistonda ham eng katta xavflardan biri suv resurslari bilan bog‘liq. Mamlakatda chuchuk suv iste’molining 92 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli suv taqchilligi ushbu sohaga bevosita ta’sir qilib, hosildorlikning kamayishi, fermerlar daromadlarining pasayishi va kreditlarni qaytarishda qiyinchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hisobotga ko‘ra, 2050 yilda O‘zbekistonning ikki asosiy daryosi Amudaryo va Sirdaryo oqimlari 5 foizdan 15 foizgacha kamayishi prognoz qilinmoqda. Suv tanqisligi hajmi 2030 yilda 7 mlrd kub metrga, 2050 yilda esa 15 milliard kub metrga yetishi mumkin. Quyidagi xaritada viloyatlar kesimida suv tanqisligi darajasi keltirilgan.

1

  Xarita Markaziy bank bergan ma’lumotlar asosida tayyorlandi                          

Qishloq xo‘jaligidagi bunday xavflar bank tizimiga ham ta’sir qiladi. Chunki ushbu soha bank kreditlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda qishloq xo‘jaligiga ajratilgan kreditlarning bank tizimidagi jami kredit portfelidagi ulushi 10,1 foizni tashkil qilgan. Agar iqlim sharoiti sabab korxona va fermerlarning moliyaviy holati yomonlashsa, banklarda muammoli kreditlar miqdori keskin oshishi mumkin.

Shu bilan birga, Markaziy bank tabiiy ofatlar xavfini ham moliyaviy barqarorlikka ta’sir qiluvchi muhim sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Zilzila va tabiiy ofatlar xavfi. O‘zbekiston Hindiston va Yevrosiyo tektonik plitalari tutashgan hududga yaqin joylashgani sababli mamlakatning sharqiy va janubiy hududlari seysmik jihatdan faol hisoblanadi. Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida zilzila xavfi yuqori baholangan. Qolgan hududlarda esa seysmik xavf nisbatan o‘rtacha darajada ekani qayd etilgan. Quyidagi xaritada viloyatlar kesimida zil zila xavfi darajasi keltirilgan.

2

         Xarita Markaziy bank bergan ma’lumotlar asosida tayyorlandi   

Tabiiy ofatlar faqat zilzila bilan cheklanmasligi ham ta’kidlangan. Ayrim hududlarda daryo toshqinlari va yer ko‘chishi xavfi ham yuqori bo‘lib, ular infratuzilma hamda iqtisodiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, yer ko‘chishi xavfi asosan tog‘li hududlarda kuzatiladi.  O‘zbekiston hududining qariyb 90 ming kvadrat kilometri tog‘li hududlardan iborat bo‘lib, ularning 17 foizi ko‘chki xavfi mavjud zonalarga kiradi. Ko‘chkilarning 65–70 foizi qor erishi, kuchli yog‘ingarchilik va yer osti suvlari ta’sirida, 20–25 foizi esa zilzilalar oqibatida yuz beradi.

Ekstremal issiqlik. Yuqori harorat ham iqtisodiyotga ta’sir qiluvchi omillardan biridir. Issiqlik darajasi mehnat unumdorligiga ham salbiy ta’sir qiladi. Ma’lumotlar keltirilishicha, mamlakatning deyarli barcha hududlarida yuqori harorat xavfi o‘rtacha darajada baholangan bo‘lsa-da, Surxondaryo viloyati eng yuqori xavfli hudud sifatida qayd etilgan. Bunga hududning geografik joylashuvi va tog‘lar bilan o‘ralgani sabab havo almashinuvi cheklanishi sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1950–2020 yillar davomida O‘zbekistonda o‘rtacha havo harorati 2,9 darajaga oshgan. Prognozlar natijasiga asr oxirigacha bu ko‘rsatkich yana 1,21–1,94 darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Haroratning oshishi nafaqat aholi salomatligi, balki iqtisodiyotga ham bevosita ta’sir qiladi. Xususan, havo harorati har bir darajaga oshganda elektr energiyasiga bo‘lgan talab o‘rtacha 0,5–8,5 foizga ko‘payishi mumkin. Bu, asosan, turar joy va ish joylarida sovutish tizimlariga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.  Natijada elektr tarmoqlariga yuklama kuchayadi. Elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishi, ayniqsa tariflar oshgan sharoitda, korxonalar va aholi xarajatlarini yanada ko‘paytiradi.

Bundan tashqari, kuchli issiqlik transport infratuzilmasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ayrim yo‘l va binolarning tezroq eskirishiga olib kelishi mumkin. Issiq ob-havo mehnat samaradorligini ham pasaytiradi. Ayniqsa, qurilishda ishlayotganlarning ish unumdorligi 20–30 foizgacha kamayishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish maqsadida Markaziy bank bir qator choralarni taklif qilmoqda. Jumladan, banklarning suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va boshqa iqlim o‘zgarishlariga qay darajada tayyor ekanini aniqlash uchun iqlim stress-testlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, iqlim xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga kredit ajratishda ehtiyotkorroq yondashish, aksincha, qayta tiklanuvchi energiya va boshqa yashil energiya loyihalariga esa ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish taklif etilgan.

Iqlim stress-testi nima?

Iqlim stress-testi — bu iqlim o‘zgarishi banklar faoliyatiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini oldindan tekshirish usuli hisoblanadi.

Test orqali  qurg‘oqchilik, suv tanqisligi yoki boshqa tabiiy ofatlar yuz bersa, fermer va korxonalar kreditlarini o‘z vaqtida qaytara oladimi, banklar esa bundan qanday zarar ko‘rish ehtimoli borligi baholanadi.

Shuningdek, suv tanqisligi kuchaysa yoki havo harorati oshsa, banklarning moliyaviy holati qanday o‘zgarishi ham hisoblab chiqiladi.

Shu orqali banklar ehtimoliy xatarlarni oldindan ko‘rib, zarur choralarni belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu testlarni o‘tkazish iqtisodiyotga keladigan zararlarni oldini olishga yordam berishi mumkin.

Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilayotgan asosiy xavflar geosiyosiy vaziyat, kredit xatarlari, kiberxavfsizlik tahdidlari va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Bu omillar savdo, bank tizimi, ishlab chiqarish hamda aholi daromadlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli ushbu xavflarni oldindan baholash va ularga mos choralarni ko‘rish asosiy vazifa sifatida ko‘rilmoqda. 

 

Teglar

Mavzuga oid