add

O‘zbekistonda 422 sudlanuvchi oqlandi

Kecha 18:552 daqiqa

2025 yil davomida 422 sudlanuvchiga oqlov hkumi chiqarilgan bo‘lib, shulardan 47,5 foizi eski hukmlarga aloqador.

O‘zbekistonda 422 sudlanuvchi oqlandi

2025 yilda O‘zbekistonda 422 nafar sudlanuvchiga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lib, shulardan 47,5 foizi eski hukmlarga aloqador. Bu haqda bugun, 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, 2016-2025 yillarda mamlakatda umumiy hisobda 7129 nafar sudlanuvchiga oqlov hukmi chiqarilgan, shulardan 23 nafari 2024 yilga, 422 nafari 2025 yilga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 829 nafar qatag‘on qurboni, jumladan, taniqli adib Abdulla Qodiriy ham oqlangan.

«Vaqt.uz» jurnalisti 2025 yilda oqlanganlarning 47,5 foizi eski hukmlarga aloqador ekanidan kelib chiqib, bu holatda sudyaning javobgarlik masalasi nima bo‘lishi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi.

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Alisher Usmonovning tushuntirishicha, sudyaning, tergovchining javobgarlik masalasi, albatta, ko‘riladi.

«Agarda sudya yaqqol shu bor haqiqatga ko‘z yumib, adolatsiz qaror chiqargan bo‘lsa, unga alohida. Lekin kechirasiz-u, o‘sha vaqtda ishni ko‘rish jarayonida ish holatlari, sudga taqdim qilingan materiallar bo‘yicha uning aybliligi isbotlangan bo‘lib, keyin qayerdadir yangi bir hujjatlar topilgan bo‘lishi mumkin, aytaylik, yangi dalillar taqdim qilingan bo‘lishi mumkin. Shunga har bir holatda individual yondashamiz. Va agarda, aytyapman-ku, tergov jarayonida va sud jarayonida o‘sha tergovchining, sudyaning aybi bilan oq qora deyilgan bo‘lsa, albatta kerak bo‘lsa, keskin chora ko‘riladi», – dedi Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari.

Biroq Alisher Usmonov sudning aybi bilan noto‘g‘ri hukm chiqarilgan holatlar bo‘yicha aniq raqamlarni keltirmadi.

«Xalqaro standartlarda ham yozib qo‘ygan: sudya qabul qilgan qarori uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agarda yaqqol adolatsiz, uni aniq ko‘rsatadigan bir holat bo‘lmasa… Endi ming afsuski, bu endi kamchilik-da. Sud xatolari mana shu», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, shu matbuot anjumanida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Akmal Shukurovning 2025 yil 9-dekabrda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida ozodlikka chiqarib yuborilgani ortidan qamoqqa olingan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha 3 nafar sudyasi va Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimi ishi bo‘yicha izoh berilmagan va tergov jarayoni ketayotgan ishni muhokama qilish noto‘g‘ri ekani aytilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid