
Putin 9 yil avval o‘zi «yo‘q qilmoqchi» bo‘lgan Suriyaning yangi rahbariga do‘stlik taklif qildi
Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashuvda Vladimir Putin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar «doimiy do‘stlik ruhida davom etishini» bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada Suriyaning yangi prezidenti Axmad ash-Shar’a bilan uchrashuvda ikki davlat «o‘nlab yillar davomida do‘stona munosabatlarni saqlab kelganini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Suriya bilan hamkorlikni kuchaytirish va «foydali tashabbuslarni amalga oshirish»ga intiladi.
«1944 yildan buyon Rossiya va Suriya munosabatlari har doim do‘stlikka asoslangan. Biz Suriyani hech qachon siyosiy vaziyat yoki manfaat nuqtayi nazaridan baholamaganmiz. Biz har doim Suriya xalqi manfaatlarini ustuvor deb bilganmiz», — dedi Putin.Ahmad ash-Shar’a seshanba kuni Moskvaga ishchi tashrif bilan keldi. U avval Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan va islomiy guruh «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni boshqargan. Bu guruh — sobiq «Jabhat an-Nusra», ya’ni «Al-Qoida» tarkibidan ajralib chiqqan bo‘lib, 2024 yil dekabrida mamlakatda hokimiyatni egallab, Bashar Asad hukumatini ag‘dargan. Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu guruh va uning rahbarini «mutaasiblar» deb atagan va ularni «yo‘q qilish»ga va’da bergan edi. Moskva bu tashkilotni 2020 yilda terrorchi guruh deb e’lon qilgan va faoliyatini rasman taqiqlagan. Suriyada «Hayat Tahrir ash-Shom» guruhi Asad rejimi va uni qo‘llab-quvvatlagan Rossiya qo‘shinlariga qarshi jang qilgan. Rossiya aviatsiyasi uzoq yillar davomida guruh pozitsiyalariga havo zarbalari berib kelgan. Ammo Damashqda Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng, ash-Shar’a muxolifat kuchlarining qo‘llab-quvvatiga ega bo‘lib, o‘tish davri hukumatini tuzgan. Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, ash-Shar’a Moskvadagi muzokaralarda ikki asosiy masalani muhokama qilmoqda — Asadning ekstraditsiyasi va uni jinoiy javobgarlikka tortish hamda Rossiya qo‘shinlarining Tartus va Hmeymim bazalaridagi kelgusi mavqeini belgilash.





