
Putin «stavka»ni ko‘tardi: U Donbass masalasida «barcha davlatlar»ga shart qo‘ydi
Abu-Dabining hashamatli zallarida o‘tgan 10 soatlik diplomatik muzokaralar ortidan kutilmagan tafsilotlar sizib chiqdi. Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashilgan bo‘lsa-da, Kreml o‘z talablarini yanada ko‘paytirdi.

Rossiya-Ukraina muzokaralari yakunida Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan prezident ofisi rahbari Budanov muloqot «haqiqatan ham konstruktiv o‘tganini» qisqa va lo‘nda qilib ma’lum qildi. Hozircha erishilgan yagona va salmoqli natija — asirlarni «157 ga 157» formulasi bo‘yicha almashish borasidagi kelishuv bo‘ldi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib xabar bergan Uitkoff o‘z odatiy mo‘’tadil-ijobiy uslubida bayonot berdi.
«Tinchlik muzokaralari atroflicha va samarali kechdi. Hali oldinda ancha ish kutib turgan bo‘lsa-da, doimiy diplomatik muloqot sezilarli natijalar bermoqda va Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlarni olg‘a surmoqda. Muhokamalar davom ettiriladi va yaqin haftalarda navbatdagi siljishlar kutilmoqda», — dedi u.
Amerikaliklar ishtirokida o‘tayotgan deyarli barcha muzokara raundlari shunday izohlar bilan kuzatilmoqda, biroq bu kabi «konstruktivlik»ning cheksiz takrorlanishi hozircha tinchlik sari tashlangan real qadam deb baholash mumkin bo‘lgan natijalarni bermadi.
Moskvaning qat’iy sharti: Donbassni xalqaro tan olish
Boz ustiga, Abu-Dabidagi uchrashuvning ikkinchi raundi davomida Rossiyaning «TASS» davlat agentligiga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva tinchlik bitimi doirasida nafaqat butun Donbass hududini topshirishni, balki uning Rossiya tarkibiga kirishini «barcha davlatlar» tomonidan tan olinishini talab qilmoqda. «barcha davlatlar» deganda aynan kimlar nazarda tutilayotganiga esa aniqlik kiritilmagan. Shunday bo‘lsa-da, bu holat Moskvaning pozitsiyasi keskinlashganidan bilvosita dalolat berishi mumkin — ya’ni Kreml o‘t ochishni to‘xtatish uchun asosiy shart sifatida Donbass (va boshqa egallangan hududlar) ning Rossiya hududi ekanini huquqiy jihatdan tan olinishini talab qilishi ehtimoli bor.
Trampning matbuotga sizdirilgan 27 banddan iborat dastlabki tinchlik rejasida esa mazkur hududlar ustidan Rossiya yurisdiksiyasi faqat Vashington tomonidan tan olinishi haqida so‘z borgan edi. Putin o‘tgan yil oxirida ushbu formulani ochiqlamagan holda, hududlarning «yetakchi xalqaro ishtirokchilar» tomonidan huquqiy tan olinishi haqida gapirgan edi. Zelenskiy esa Ukraina va uning ittifoqchilari tomonidan hududiy yo‘qotishlarni huquqiy tan olish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini, bu yerlar «vaqtincha bosib olingan hududlar» maqomida qolishini allaqachon bildirib o‘tgan.
Jang maydonidagi vaziyat va jamoatchilik fikri
Ma’lum bo‘lishicha, Kiyev hozircha hududiy yon berishlarga mutlaqo rozi emas, bu boradagi muzokaralar hali ham davom etmoqda. Harbiy harakatlar esa to‘xtagani yo‘q. Ukraina Rossiya hududi ichkarisiga dronlar bilan zarba bermoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Ukraina Qurolli Kuchlari ixtiyoridagi ilk uzoq masofali «Flamingo» raketalaridan (uchish masofasi 500 kilometrdan ancha yuqori) ham foydalanila boshlangan. Rossiya armiyasi esa o‘z navbatida Ukrainadagi obyektlarga, jumladan, energetika infratuzilmasiga zarbalar berishda davom etmoqda. Ukraina yaqin kunlarda Belgorodga ham xuddi shunday zarba berib, shaharni elektr va issiqlik ta’minotidan uzib qo‘ydi. Shunga qaramay, energetika tizimidagi nosozliklar va Kiyev hamda boshqa shaharlardagi muzlab qolgan xonadonlar ham Zelenskiyni prinsipial yon berishlarga majbur qila olmadi. Qolaversa, jamoatchilik fikri darajasida ham Ukraina fuqarolarining aksariyati «hududlar evaziga tinchlik» formulasiga qarshi chiqmoqda. Garchi bunday fikrdagilar ulushi 2022 yildagi 80 foizdan hozirgi kunda 52 foizga tushgan bo‘lsa-da, baribir ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Hududiy almashuv va harbiy texnik masalalar
Agar Rossiya Ukraina Qurolli Kuchlarini Donbassdan (hozirda ular hududning 20 foizini nazorat qilmoqda) olib chiqishni talab qilsa, nazariy jihatdan Donbassdagi yerlarni Rossiya qo‘shinlari biroz ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan Sumi va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi hududlarga almashish varianti yuzaga kelishi mumkin. Ammo hozircha u yerlarda faqat kichik hududlargina nazoratga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, Kiyev hozircha bunday almashuvga ham rozi bo‘lmayapti.
Abu-Dabida harbiy masalalar bo‘yicha alohida guruh ham ish olib bordi. Mazkur guruh o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirgan taqdirda kelishish osonroq bo‘lgan texnik jihatlarga e’tibor qaratgan. Bular ko‘plab harbiy mojarolarda qo‘llaniladigan standart amaliyotlardir: og‘ir qurollarni to‘qnashuv chizig‘idan uzoqlashtirish masofasi, ushbu chiziqning aniq belgilanishi, monitoring jarayonlari hamda yuzaga keladigan keskin vaziyatlarni zudlik bilan hal etish tartiblari.
Diplomatik bosim va Yevropa kuchlarining joylashtirilishi
Abu-Dabidagi muzokaralar arafasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskvaning pozitsiyasi keskinlashishi mumkinligiga ishora qildi. Bunda ular Ukraina Qurolli Kuchlarining yangi yil arafasida Putinning qarorgohi joylashgan Novgorod viloyatiga uyushtirgan va ba’zilar tomonidan deyarli unutilgan hujumini eslatib o‘tdi. O‘sha hujumdan so‘ng Moskva haqiqatan ham pozitsiyasi qat’iylashishini va’da qilgan edi, biroq tafsilotlar ochiqlanmadi. Tramp esa o‘z navbatida ushbu hujum aynan Putinning qarorgohiga qarshi qaratilgani haqidagi versiyaga qo‘shilmadi.
Shu bilan birga, Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilari Ukraina hududida Yevropa kuchlarini joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan ko‘rinadi. Kiyevga tashrif buyurgan NATO bosh kotibi Ryutte 3-fevral kuni Oliy Radadagi nutqi chog‘ida shunday kelishuv borligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, «xohlovchilar koalitsiyasi» guruhiga kiruvchi davlatlarning quruqlik, havo va dengiz kuchlari o‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng darhol Ukrainaga joylashtiriladi. Masalaning bunday qo‘yilishi Rossiya pozitsiyasiga mutlaqo zid bo‘lib, Abu-Dabidagi uchrashuv vaqtida bu borada hech qanday murosa belgilari sezilmagan.
Xavfsizlik kafolatlari: «Xohlovchilar koalitsiyasi» rejasi
Britaniyaning «The Financial Times» nashri yaqinda e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, Kiyevga beriladigan xavfsizlik kafolatlari formulasi taxminan quyidagicha ko‘rinish olishi mumkin: Rossiya tomonidan yangi hujum uyushtirilgan taqdirda, AQSH va Yevropa davlatlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan «muvofiqlashtirilgan harbiy javob» qaytaradi. Dastlabki reaksiya bir sutka ichida diplomatik ultimatum shaklida bo‘lishi lozim, shundan so‘ng Ukraina Qurolli Kuchlari harakatga keladi va ularga «xohlovchilar koalitsiyasi» qo‘shinlari qo‘shiladi. Mojaro kengayib ketgan taqdirda esa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi birinchi marta buzilganidan keyin 72 soatdan kechikmay, jarayonga AQSH qo‘shinlari ham jalb etiladi.
Rejaning zaif tomonlari va huquqiy to‘siqlar
Moskvaning «tinchlik rejasi»ni bunday ko‘rinishda qabul qilishi amrimahal. Biroq, bundan qat’i nazar, ushbu rejaning o‘zi ham to‘laqonli hayotiydek ko‘rinmayapti. Birinchidan, bunday kafolatlar hatto NATO Shartnomasining 5-moddasida a’zo davlatlar uchun ko‘zda tutilgan majburiyatlardan ham qat’iyroq ko‘rinmoqda. Finlyandiya bunday o‘ta yuqori majburiyatlarga qarshi chiqqani ham bejiz emas. Shubhasiz, boshqa davlatlar tomonidan ham e’tirozlar yangraydi. Ikkinchidan, qoidabuzarlik faktini tasdiqlash va keng ko‘lamli urushni boshlash mexanizmlari tushunarsiz — jarayon haddan tashqari «avtomatik» tarzda belgilangan. Uchinchidan, «xohlovchilar koalitsiyasi»ning o‘zi huquqiy jihatdan rasmiylashtirilmagan ittifoqdir, qolaversa, unga qo‘shilgan mamlakatlarning qurolli kuchlarini harakatga keltirishning qonuniy mexanizmi ham mavjud emas. To‘rtinchidan, AQSH hozircha bunday rejaga qo‘shilishga tayyorligini hech qanday shaklda tasdiqlagani yo‘q. Jumladan, AQSH Kongressi Senati hatto NATO a’zosi ham bo‘lmagan Ukraina manfaatlari yo‘lida yadroviy davlat bilan deyarli avtomatik va chaqmoq tezligidagi urushga kirishni ko‘zda tutuvchi bitimni hech qachon ratifikatsiya qilmaydi. Shunga qaramay, Rossiyaning o‘zida «g‘alaba» sifatida taqdim etish qiyin bo‘lgan bunday shartlar asosida Moskvaning harbiy harakatlarni to‘xtatishidan nima naf, degan savol ham ochiq qolmoqda.
To‘g‘ri, ushbu rejaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida ham ayrim ma’lumotlar sizdirildi. Unga ko‘ra, «xohlovchilar koalitsiyasi» harbiylari dastlab Ukrainaga joylashtirilmaydi, balki faqat yangi harbiy mojaro boshlanib, unga Ukraina Qurolli Kuchlarining o‘zi kirishganidan keyin (reaksiya ko‘rsatish tartibida) yetib keladi. Rasman bu Moskvaning «Ukrainada hech qanday NATO qo‘shinlari va infratuzilmasi bo‘lmasligi kerak!» degan talabiga mos keladi. Ular amalda urushga kiradimi-yo‘qmi — bu endi butunlay boshqa masala.
Yevropaning muzokaralardagi roli va Fransiya tashabbusi
Yevropa muzokaralar stolida o‘z o‘rniga ega bo‘lishni istayotgani haqida tobora ko‘proq ishoralar bermoqda. Moskva bilan muloqot qilish uchun Yevropa maxsus vakilini tayinlash mavzusi o‘tgan yiliyoq o‘rtaga tashlangan edi. Bu mantiqan to‘g‘ri, chunki Yevropa bilan kelishuvlarsiz Ukrainada biron-bir uzoq muddatli tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Bunday kelishuvning ajralmas qismi bo‘lgan Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning bekor qilinishi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Rossiya tomoni yevropaliklarning prinsipial masalalardagi keskin pozitsiyasini inobatga olib, hozircha ular bilan aloqa qilishga unchalik ishtiyoq bildirmayapti, biroq ertami-kechmi tomonlar baribir muzokaralar stoliga o‘tirishiga to‘g‘ri keladi. Maxsus vakil shaxsi muhim ahamiyatga ega, biroq uning nomzodi ham Moskva, ham Kiyev bilan kelishilgan bo‘lishi lozim. Aks holda, u nizo tomonlarining qo‘llab-quvvatlovidan mahrum, muloqotga qobiliyatsiz bir vakil bo‘lib qolaveradi.
Shuningdek, Fransiya prezidentining maslahatchisi e’lon qilinmagan (va rasman tasdiqlanmagan) tashrif bilan Moskvada bo‘ldi. Aftidan, Putin va Makron o‘rtasidagi yangi muloqotlar ehtimoli muhokama qilingan, biroq Kreml spikeri Peskov ta’kidlashicha, «bu haftada» bunday suhbat rejalashtirilmagan. Bu o‘ziga xos tarzda tushunarli holat. Avval baribir Tramp bilan «fikr almashib olish» talab etiladi.





