add

«Qiyomat soati»: AQSH-Rossiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuv bugun tugaydi

Bugun 20:315 daqiqa

Rossiya va AQSH o‘rtasidagi yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha saqlanib qolgan so‘nggi kelishuv o‘z kuchini yo‘qotmoqda. Bu o‘z navbatida, superdavlatlar tomonidan yadroviy zaxiralarni cheklash tizimiga yakun yasaydi.

«Qiyomat soati»: AQSH-Rossiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuv bugun tugaydi

AQSH va Rossiya o‘rtasidagi «Yangi START» nomi bilan mashhur yadroviy qurollarni qisqartirish bo‘yicha kelishuv muddati bugun 5-fevral kuni yakuniga yetadi. Dunyoning yetakchi rahbarlari ushbu bitimni uzaytirish yoki saqlab qolishga ochiqdan-ochiq chaqirdi.

START (Strategic Arms Reduction Treaty) — Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomadir. AQSH va Rossiya o‘rtasidagi eng so‘nggi ikki tomonlama hujjat 2010 yilda o‘sha paytdagi prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangan bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasidagi yadroviy qurollarni qisqartish bo‘yicha amaldagi oxirgi kelishuv hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishdagi ilk qadamlar 1972 yilda imzolangan Strategik qurollarni cheklash bo‘yicha muzokaralar (SALT-I) bitimiga borib taqaladi.

«Yangi START» shartnomasi har bir tomon uchun joylashtirilgan strategik yadro kallaklari sonini 1550 tagacha, ularni yetkazib berish vositalari — og‘ir bombardimonchi samolyotlar, qit’alararo ballistik raketalar va suvosti kemalaridan uchiriladigan ballistik raketalar miqdorini esa 800 tagacha cheklaydi. Shuningdek, hujjatda shartnoma bandlariga rioya etilishini tekshirish uchun o‘zaro inspeksiyalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

«Eski» START kelishuvlarining taqdiri nima bo‘lgan?

Oldingi bitimlar qatoriga START I va START II kiradi. START I shartnomasi Sovet Ittifoqi parchalanishidan bir necha oy oldin, Sovuq urush davrida AQSH prezidenti Ronald Reygan tomonidan ilgari surilgan edi. Hujjatni Reyganning vorisi, prezident kichik Jorj Bush hamda SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov imzolagan. Kelishuv 1994 yilda kuchga kirib, 2009 yilgacha amal qilgan.

Boshqa tomondan, START II bo‘yicha 1993 yilda kelishib olingan bo‘lsa-da, o‘sha paytda Moskva va Vashington o‘rtasida kuchaygan keskinlik tufayli u hech qachon kuchga kirmagan.

Shunga qaramay, har ikki davlat yadroviy qurolsizlanish g‘oyasiga sodiq qoldi va yangi kelishuv ishlab chiqish uchun muzokaralar stoliga qaytdi. 2010 yilda imzolangan va ratifikatsiya qilingan yangi tartib tom ma’noda «yangi boshlanish» bo‘lishi umid qilingan edi.

Dastlab shartnoma o‘n yillik muddatga, ya’ni 2021 yilning fevraligacha mo‘ljallangan edi. O‘shanda AQSH prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni besh yilga uzaytirishga kelishib olishgan. Bu esa bizni 2026 yilgi yakuniy muddatga yetaklab keldi.

Yangi kelishuv muddati tugagach nima bo‘ladi?

Shartnoma o‘z kuchini yo‘qotsa, dunyoning ikki yirik yadroviy davlati o‘z strategik arsenalining yuqori chegarasi bo‘yicha hech qanday majburiyatga ega bo‘lmaydi.

«Bu global xavfsizlik uchun juda yomon belgi», — dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Agar jarayonga aralashilmasa, dunyo yana bir nazoratsiz yadroviy qurollanish poygasiga duch kelishi mumkin. Kelishuvning bekor qilinishi noaniqliklar davrini ham boshlab beradi. Zero, ushbu bitim joylardagi tekshiruvlar va ma’lumotlar almashinuvi orqali shaffoflik hamda vaziyatni oldindan prognoz qilish imkonini yaratishni ko‘zlagan edi. Bundan asosiy maqsad — bir tomonning noto‘g‘ri ma’lumotlarga tayanib, ikkinchi tomonga asossiz ravishda yadroviy hujum boshlashining oldini olishdan iborat bo‘lgan.

Rossiya va AQSH nimaga erishmoqchi?

2025 yil sentabr oyida Vladimir Putin yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralarga ko‘proq vaqt ajratish maqsadida Rossiya shartnomaga yana bir yil davomida bir tomonlama rioya qilishini taklif etgan edi. O‘shanda AQSH prezidenti Donald Tramp bu taklifni «yaxshi g‘oya» deb atagan bo‘lsa-da, aniq bir majburiyat olmagandi.

O‘sha paytda har ikki yetakchi o‘zaro yaxshi aloqada edi, biroq ko‘plab Yevropa yetakchilari xavotir bildirilganidek, bu yaqinlik Ukraina va Yevropa Ittifoqi manfaatlariga zid ravishda kechayotgan edi.

Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, Tramp o‘z fikridan qaytgandek ko‘rindi. 2026 yil yanvarida «New York Times» nashriga «Yangi START» kelishuvi haqida gapirar ekan, u: «Agar muddat tugasa, tugayversin. Biz shunchaki yaxshiroq kelishuv tuzamiz», — dedi.

Ko‘rinishidan, Tramp dunyodagi eng tez rivojlanayotgan yadroviy davlat — Xitoyni ham ushbu ikki tomonlama kelishuvga integratsiya qilish kerak, deb hisoblamoqda. U o‘zining birinchi prezidentlik davrida ham bunga ishora qilgan edi: o‘shanda Rossiya bilan tuzilgan bir necha yadroviy va qurol nazorati bo‘yicha bitimlarni bir tomonlama bekor qilib, muvaffaqiyatsiz bo‘lsa-da, ularning davomiga Xitoyni jalb qilishni taklif etgandi.

«Yangi START»ning Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qanday aloqasi bor?

2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagach, Moskva va Vashington o‘rtasidagi aloqalar o‘ta sovuqlashdi, biroq bu dastlab «Yangi START» tartibiga ta’sir qilmadi.

Ammo oradan yarim yil o‘tgach, Rossiya o‘zining strategik harbiy obyektlarida AQSH inspeksiyalari o‘tkazilishini taqiqladi. 2023 yilda esa Moskva, AQSHning Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini vaji qilib, «Yangi START» shartnomasidagi ishtirokini to‘xtatayotganini e’lon qildi. Shunga qaramay, Rossiya shartnomada belgilangan qonuniy raqamli cheklovlarga hozirgacha amal qilib kelmoqda.

START shartnomalari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, START I bitimidagi Ukraina bo‘yicha alohida bandlar e’tiborga loyiq. Unga ko‘ra, Ukraina o‘zining sovet davridan qolgan yadroviy kallaklarini Rossiya, AQSH va Buyuk Britaniyadan xavfsizlik kafolatlari olish evaziga Rossiyaga topshirishga majbur bo‘lgan.

Xitoy qanday rol o‘ynaydi?

START shartnomalari ishlab chiqilgan davrda Rossiya va AQSH hali tengsiz yadroviy kuchlar edi. Ammo o‘shandan beri Xitoy iqtisodiy va harbiy superdavlat sifatida ularga yetib oldi. Shu sababli Tramp yangi yadroviy qurolsizlanish shartnomasi faqat Xitoy ishtirokida ma’noga ega bo‘ladi, deb ta’kidlamoqda.

Taxminlarga ko‘ra, Pekin hozirda 600 ga yaqin yadroviy kallakka ega va bu zaxira kundan-kunga ko‘payib bormoqda. 2023 yilda kongress komissiyasi o‘z tarixida birinchi marta AQSH nafaqat bitta, balki ikkita yadroviy raqibni tiyib turish muammosiga duch kelayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Xitoy esa o‘z arsenalini cheklash haqidagi chaqiriqlarni rad etib, uning zaxiralari AQSH va Rossiyanikiga qaraganda hali ham nisbatan kichik ekanini aytmoqda.

«Yangi START» kelishuvini saqlab qolish imkoni bormi?

Hatto Pekin bu borada o‘z pozitsiyasini keskin o‘zgartirgan taqdirda ham, «Yangi START» shartnomasining muddatini uzaytirish yoki uning yangi tahririni qabul qilish ehtimoli past. Bir tomondan, Rossiya o‘tgan vaqt davomida «Yangi START» talablarida ko‘zda tutilmagan, yadroviy qurol tashishga qodir yangi qurol tizimlarini, masalan, «Oreshnik» gipertovushli ballistik raketasi yoki yadroviy qurol bilan jihozlangan «Poseydon» dronini ishlab chiqdi va jangovar navbatchilikka qo‘ydi.

Ikkinchi tomondan, Trampning «Oltin gumbaz» deb nomlangan kosmik asosdagi yadroviy raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish haqidagi taklifi ko‘pchilik tomonidan yadroviy kuchlar muvozanatining asosiy tamoyili — «o‘zaro kafolatlangan halokat» orqali tiyib turish siyosatiga putur yetkazishga urinish sifatida talqin etilmoqda.

Sobiq prezidentlarning fikri qanday?

Barak Obama X ijtimoiy tarmog‘i orqali Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressini «Yangi START» shartnomasini saqlab qolish uchun chora ko‘rishga chaqirdi. Uning fikricha, kelishuvning bekor qilinishi «o‘n yillik diplomatiya natijalarini ma’nosiz ravishda yo‘qqa chiqaradi va dunyoni xavfliroq qilib qo‘yadigan yangi qurollanish poygasini keltirib chiqarishi mumkin».

Hozirda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan Dmitriy Medvedev shartnomaning tugashi «barchani hushyor torttirishi kerakligini» va muqobil choralar ko‘rilmasligi «Qiyomat soati»ning harakatini yanada tezlashtirishini aytdi.

Teglar

Mavzuga oid