add

Qozog‘iston mehnat bozori markaziy osiyolik migrantlar uchun ochilishi mumkin

Bugun 12:592162 daqiqa

Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan yirik davlat loyihalarida kadrlar tanqisligi kuchayishi mumkinligi aytilmoqda.

Qozog‘iston mehnat bozori markaziy osiyolik migrantlar uchun ochilishi mumkin

Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi — Majlis bosh vazir O‘ljas Bektenovga yuborgan deputatlik so‘rovida mehnat bozorida kutilayotgan kadrlar tanqisligi muammosini ko‘tarilgan. Deputatlar iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar amaldagi mehnat migratsiyasini tartibga solish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilayotganini ta’kidlamoqda.

So‘rovda so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda yuridik shaxslar soni qariyb 49 foizga oshgani, asosiy o‘sish kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etilgan. Biroq deputatlar fikricha, biznes faolligining o‘sishi doim ham barqaror va uzoq muddatli ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelmayapti.

Alohida e’tibor yirik davlat loyihalariga qaratilgan. Issiqlik elektr stansiyalari, atom elektr stansiyasi qurilishi, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun minglab malakali mutaxassislar talab etiladi. Deputatlar ichki mehnat resurslari bunday hajmdagi ehtiyojni to‘liq qoplay olmasligini istisno qilmayapti.

Mehnat resurslarini rivojlantirish markazi prognozlariga ko‘ra, 2025–2035 yillarda Qozog‘iston iqtisodiyotiga qariyb 3 million yollanma ishchi kerak bo‘ladi. Ulardan 813 ming nafarini ishchi kasb egalari tashkil etishi mumkin. Eng katta talab sanoat va qurilish sohalarida kutilmoqda.

Deputatlar kadrlar taqchilligini bartaraf etishning ikki asosiy ssenariysini ko‘rsatmoqda. Birinchi yo‘l — ish haqini oshirish, kadrlar tayyorlashni jadallashtirish va ichki mehnat resurslarini qayta taqsimlash. Bu usul tashqi ishchi kuchiga bog‘liqlikni kamaytirsa-da, ko‘proq vaqt va mablag‘ talab qiladi.

Ikkinchi variant — mehnat migratsiyasidan faol foydalanish. Qozog‘iston Markaziy Osiyoda eng yuqori ish haqi darajasiga ega mamlakat sifatida xorijiy ishchi kuchi uchun jozibador bo‘lib qolmoqda. Biroq deputatlar migrantlarning katta qismi noqonuniy ishlayotgani korrupsiya va yashirin bandlikni kuchaytirayotganini ta’kidlagan.

Shu sababli so‘rovda migratsiyani kengaytirish emas, balki uni qat’iy tartibga solish taklif etilgan. Xususan, tarmoqlar bo‘yicha kvotalar joriy etish, ish beruvchilar javobgarligini oshirish, soliq va integratsiya mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo davlatlari investitsiya oqimining asosiy qismi Qozog‘iston biznesining O‘zbekistondagi loyihalariga to‘g‘ri kelayotganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid