2025 yilda bankomatlar bilan 290 ming muammo kuzatildi — Senat
Jinoyatchilikni jilovlashda muammoga duch kelayotgan ichki ishlar xodimlari bankomatda «tiqilib» qolgan kartalarni chiqarishga jalb etilyotgani Senatda keskin tanqid qilindi.
© kupibilet.ruSenat yalpi majlisida ma’lum qilinishicha, 2025 yilning o‘zida aholi bankomatlar orqali naqd pul yechishda 290 ming marta muammoli holatga duch kelgan. Ko‘plab holatlarda mijoz hisobidan mablag‘ yechilgan bo‘lsa-da, bankomat naqd pulni bermagan yoki plastik karta qurilma ichida «tiqilib qolgan».
Senatorlar muammoning eng og‘ir jihati sifatida servis xizmatlarining sust ishlayotganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, minglab fuqarolar murojaat qilganiga qaramasdan, pulni tezkor qaytarish yoki kartani bir necha daqiqa ichida bankomatdan chiqarib berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Murojaatni hal qilish muddati
Banklarga yuborilgan 290 mingta murojaatning 97 mingtasi 2–3 ish kunida ko‘rib chiqilgan. Yana 22 mingta murojaat 4–6 ish kunida hal etilgan bo‘lsa, 9,7 mingta holatda fuqarolar 7–15 kun kutishga majbur bo‘lgan. Qariyb 10 mingta murojaat esa 15 kundan ortiq muddatda ko‘rib chiqilgan.
Senatorlar bu holat aholi uchun jiddiy muammo tug‘dirayotganini ta’kidladi. Xususan, oziq-ovqat yoki dori-darmon uchun naqd pulga muhtoj odamlar o‘z mablag‘ini kunlab kutishga majbur bo‘lgani tanqid qilindi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining «102» tizimiga bankomatlar bilan bog‘liq 3122 ta murojaat kelib tushgan.
«Ya’ni, ichki ishlar bo‘limlari, masalan, jinoyatchilikni jilovlashda muammolarga duch kelayotgan bir paytda, fuqaroning bankomatda tiqilib qolgan kartasini chiqarib olishga ham jalb qilinmoqda» —Senator
Muhokamalar yakunida Markaziy bankdan bankomatlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va fuqarolar murojaatlarini tezkor hal qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish talab qilindi.
Avvalroq Markaziy bank asossiz komissiya ushlanishi yoki bank kartasidan pul yechilgani holda naqd pul berilmaslik kabi holatlar yuzasidan tijorat banklari va to‘lov xizmatlarini bankomatlar ishini tubdan yaxshilashga chaqirgan edi.





