Toshkentda ijara narxlari keskin oshib bormoqda

Bugun 10:232 daqiqa

Ayrim tumanlarda narxlar bir yil ichida qariyb 20 foizgacha o‘sgani kuzatilgan.

Toshkentda ijara narxlari keskin oshib bormoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

2026 yil aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara bozorida narxlar o‘sishi davom etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida Toshkent shahri bo‘yicha uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga yuqori hisoblanadi. Shaharning markaziy hududlarida narxlar hanuz eng qimmat segment sifatida saqlanib qolmoqda.

Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi. Xususan, Mirobod tumanida bir kvadrat metr uchun ijara qiymati o‘rtacha 11,5 dollarga yetgan. Shayxontohur tumanida bu ko‘rsatkich 11,2 dollar, Yakkasaroy tumanida esa 10,5 dollar atrofida shakllangan.

Yillik o‘sish sur’atlari bo‘yicha esa Yashnobod tumani yetakchilik qildi. Bu hududda ijara narxlari bir yil davomida 18,2 foizga oshgan. Keyingi o‘rinlarda Bektemir tumani 16,7 foiz va Yunusobod tumani 14,3 foizlik o‘sish bilan qayd etildi. Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham ikki xonali o‘sish sur’atlari saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda narxlar nisbatan past saqlanmoqda. Masalan, Bektemir tumanida ijaraning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun 6,7 dollar, Sergeli tumanida 7,3 dollar va Uchtepa tumanida 7,7 dollar darajasida qayd etildi.

photo_2026-05-18_10-24-41

Manba: ITIM

Mutaxassislar fikricha, poytaxtda ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘smoqda. Bir yil ichida ijara narxlari o‘rtacha 9,1 foizga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 2026 yil mart oyi holatiga ko‘ra uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun 8,9 dollarni tashkil etgan edi.

Teglar

Mavzuga oid