«Raqamlarning o‘ynashi «1984» asariga o‘xshaydi» — gaz qazib olish tarixiy minimumga yaqinlashdi

O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yildan yilga kamaymoqda. Energetika vaziri bu jarayonni «tabiiy pasayish» deb izohlayotgan bo‘lsa, «O‘zbekneftgaz» yangi zaxiralar yetishmayotganini asosiy muammo sifatida ko‘rsatmoqda.

«Raqamlarning o‘ynashi «1984» asariga o‘xshaydi» — gaz qazib olish tarixiy minimumga yaqinlashdi

O‘zbekistonda 2026 yil mart oyida tabiiy gaz qazib olish hajmi keskin qisqarib, tarixiy minimumga yaqinlashdi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, oy davomida atigi 2,7 mlrd kub metr gaz qazib olingan. Bu 2025 yil mart oyiga nisbatan 1,2 mlrd kub metrga yoki 30,8 foizga kam degani.

Yilning dastlabki choragi yakuni bo‘yicha ham pasayish davom etgan. 2026 yil yanvar–mart oylarida jami 9,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga qisqargan.

Agar ikki yillik dinamikaga qaralsa, vaziyat yanada jiddiyroq ko‘rinadi. 2024 yil bilan taqqoslanganda, tabiiy gaz qazib olish 17,2 foizga, neft qazib chiqarish 12,2 foizga, gaz kondensati esa 26 foizga kamaygan.

Kunlik hajmlar ham tushib ketmoqda

Muammo faqat yillik statistikada emas, kunlik qazib chiqarish hajmlarida ham yaqqol ko‘rinmoqda. 2025 yil mart oyida mamlakatda kuniga o‘rtacha 125,8 mln kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, 2026 yil mart oyida bu ko‘rsatkich 87,1 mln kub metrga tushib ketgan.

Hatto 2026 yil fevral oyidagi kunlik 114 mln kub metrlik hajm ham mart oyidagi natijadan yuqori bo‘lgan. Bu esa pasayish jarayoni tezlashganini ko‘rsatadi.

Holbuki, davlat strategiyasiga ko‘ra, 2026 yilda mamlakatda 40,2 mlrd kub metr yoki kuniga o‘rtacha 110,1 mln kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgan edi. Biroq yil davomida bu maqsad qanday bajarilayotganiga oid boshqa ochiq raqamlar e’lon qilinmagan.

«Raqamlarni o‘ynashi xuddi “1984”dagi holatga o‘xshaydi» — Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham gaz qazib olishdagi keskin pasayish O‘zbekiston tarixida deyarli kuzatilmagan holat ekanini ta’kidlagan.

Uning fikricha, rasmiylar tomonidan so‘nggi yillarda «juda yirik» va «anomal yuqori bosimli» yangi gaz konlari ochilgani haqida bir necha bor bayonotlar berilgan bo‘lsa-da, amaliy natijalar aksincha bo‘lmoqda — qazib chiqarish hajmi oyma-oy kamayishda davom etmoqda.

Bakirov gaz qazib olishdagi keskin qulashi sabablari yuzasidan ochiq savollar ham qo‘ygan:

«Bu qaysidir yirik kondagi muammo bilan bog‘liqmi? Yo davom etayotgan tizimli inqirozning yangi tubimi? Energetika vazirligi nima deydi? “Anomal yuqori bosimli”, “juda yirik” gaz konlari ochildi, deya yuqoriga berilgan raportlardan keyin ahvol yaxshilanish o‘rniga oydan-oyga tobora og‘irlashayotganiga biron-bir izoh bormi?», — deya yozgan edi Otabek Bakirov o‘z blogda.

Bundan tashqari, «Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi rasmiy statistikalar qanday taqdim etilayotganini ham tanqid qilgan. Unga ko‘ra, avval kunlik 88 mln kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik bu hajm 76 mln kub metrga tushgan. Hozir esa 66 mln kub metr atrofidagi ko‘rsatkichni 70 mln kub metrga chiqarish «o‘sish» sifatida ko‘rsatilmoqda.

«Tasavvur qiling, ikki yil ichida “O‘zbekneftgaz”ning o‘zi bergan raqamlari bo‘yicha qazib chiqarish kunlik 88 million kubdan 66 million kubga tushib qolgan. Men osmondan olayotgan raqamlar emas, bular o‘zlari berayotgan, ochiqlayotgan raqamlar bo‘yicha gapiryapman. Va endi shu 66 ni 70 ga chiqarishmoqchi», — degan Otabek Bakirov.

Iqtisodchi bu holatni «1984» asaridagi voqealarga qiyoslab, ayrim hollarda pasayish ham «yaxshilanish» sifatida talqin qilinayotganini aytgan.

«Raqamlarni o‘ynashi xuddi Oruellning “1984” asarida shokolad taqsimotini 30 grammdan 20 grammga “oshirish” to‘g‘risidagi topshiriqqa o‘xshaydi-da», — deya fikr bildirgan u.

Bakirov, shuningdek, Energetika vazirligi avval gaz qazib olish 2026 yilga borib barqarorlashishini aytganini eslatib, amaldagi strategiyaga ko‘ra esa 2025 yilgacha gaz qazib olish hajmi qariyb 5 mlrd kub metrga kamayishi prognoz qilinganini ta’kidlagan.


«Gaz qazib chiqarish pasayishi aniq edi» — energetika vaziri

12-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan energetika haftaligi doirasida «Gazeta.uz» Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga gaz qazib olish hajmi kamayishi sabablari yuzasidan savol bilan murojaat qilgan. Unda vazir pasayish holati kutilgan ekanligini ta’kidlagan.

«Bu bo‘yicha oldin ham aytganmiz, bizda yildan yilga, baribir, tabiiy pasayish kuzatilmoqda. Gaz qazib chiqarish pasayishi aniq edi, buni ko‘rsatganmiz. Faqat asosiy maqsad — buni barqarorlashtirish va hajmlarni ushlab borish», — degan u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun «O‘zbekneftgaz» va boshqa hamkorlar bilan birgalikda burg‘ilash, yangi uskunalar sotib olish, geologiya-qidiruv va yangi maydonlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, SOCAR va BP bilan hamkorlik aynan Ustyurt mintaqasida yangi konlar va yangi maydonlarni ochishga qaratilgani ta’kidlangan. Asosiy pasayish qaysi konlarda kuzatilayotgani haqidagi savolga Energetika vazirligi rahbari gap eski konlar haqida ketayotganini ta’kidladi.

«Asosiy pasayish, bilasizlar, Sho‘rtanda, ya’ni Buxoro-Xiva va Qashqadaryo hududlaridagi, o‘sha eski va doim aytganimizdek, 85−90 foizga o‘zlashtirib bo‘lingan konlarda yuz bermoqda», — dedi vazir.

Mirzamahmudov bundan avval, 2025 yil 11-dekabr kuni parlament deputatlari oldidagi hisobotida ham 2026 yilda yangi konlarni ishga tushirish orqali gaz qazib olishdagi pasayishni to‘xtatish rejalashtirilayotganini bildirgan edi. Vazir bu borada asosiy umidlardan biri sifatida Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududi, Mo‘ynoq tumanida ochilgan yangi konni tilga olgan.

«Xabaringiz bor, Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududida, Mo‘ynoq tumani hududida yangi kon ochildi. Va eng quvonarlisi, ushbu konni hozirgi kunda tizimga ulab, ikkita qudug‘i ulanishi natijasida sutkasiga qo‘shimcha 3 million kub metr gaz qazib chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi», — degan edi Jo‘rabek Mirzamahmudov parlamentdagi chiqishida.

Vazirning aytishicha, yil yakunigacha yana yettita quduqni burg‘ulash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ularni tizimga ulash uchun quvurlar olib kelinmoqda va tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, Energetika vazirligi SOCAR bilan geologiya-qidiruv ishlari boshlanganini, «O‘zbekneftgaz» esa o‘z loyihalarini davom ettirayotganini ma’lum qilgan.

«Umid qilamizki, keyingi yili yangi konlar hisobidan qazib chiqarish keskin pasayishi tendensiyasini barqarorlashtirishga erishamiz», — degan edi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» rahbariyati ham gaz qazib chiqarishdagi muammolarning asosiy sabablarini ochiqladi. Xususan, 2026 yil 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Abdug‘ani Sanginov tabiiy gaz qazib olish hajmlarining barqaror o‘sishiga yangi zaxiralarning yetarli darajada qo‘shilmayotgani asosiy to‘sqinlik qilayotganini aytgan.

«Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror oshirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil — yangi zaxiralarning yetarli darajada qo‘shimcha qilinmayotganidir. Aksar istiqbolli investitsiya bloklari xususiy investorlarga berilgan bo‘lsa-da, ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari sust olib borilmoqda», — degan Abdug‘ani Sanginov.

Shu tariqa, O‘zbekistonda gaz qazib chiqarish hajmlaridagi pasayish endi vaqtinchalik tebranish emas, balki uzoq muddatli tendensiya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Rasmiylar bu jarayonni tabiiy kamayish va eski konlar holati bilan izohlayotgan bir paytda, ochiqlangan raqamlar sohadagi muammolar kutilgandan ham chuqurroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov mavjud gaz zaxiralari «Uchta O‘zbekistonni boqa oladi», deb
ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va «O‘zbekneftgaz»da keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilganini ma’lum qilgan edi. Prezidentga ko‘ra, tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlangan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 126

Barchasi

Mavzuga oid