Odometr ko‘rsatkichlarini soxtalashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Bugun 08:252 daqiqa

Shuningdek, haydovchilik huquqidan mahrum qilish muddatini muddatidan oldin qisqartirish tartibi o‘zgartirilib, ushbu masala endi faqat sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Odometr ko‘rsatkichlarini soxtalashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

O‘zbekistonda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, unga ko‘ra avtomobil odometri ko‘rsatkichlarini o‘zgartirganlik uchun javobgarlik joriy etiladi hamda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlarda pedagog yoki psixolog qatnashishi majburiy qilib belgilanadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun muhokamasi doirasida ma’lum qilindi. Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi yangi tartib

Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida Kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu norma iste’molchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq ma’lumot olish huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi.

Voyaga yetmaganlar huquqlari

Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi – voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.

Bu voyaga yetmaganlarning ruhiy holatini inobatga olish, ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish va xalqaro standartlarga mos ravishda bola manfaatlarini himoya qilish kafolatini yaratadi.

Shuningdek, Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga bo‘lgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi. Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qo‘llanilmaydi.

Mavzuga oid