
TikTok’dagi raqamli konslager: So‘z erkinligi qayerda va qanday «yo‘q qilindi»?
Bir paytlar «Xitoyning ayg‘oqchilik quroli» deb tamg‘alangan TikTok, Amerika nazoratiga o‘tgach, haqiqiy raqamli qamoqxonaga aylandi.
© Фото: TRT RussianBundan bir necha yil avval G‘arb uchun TikTok «Xitoyning ayg‘oqchilik vositasi», «avtoritar platforma» va demokratiyaga tahdid kabi qo‘rqinchli qiyofada gavdalantirilgan edi. Siyosatchilar taqiqlarni, maxsus xizmatlar surishtiruvlarni, OAV esa foydalanuvchilarni zudlik bilan «himoya qilish»ni talab qilardi.
Paradoks shundaki, aynan TikTok Xitoy kompaniyasining to‘liq nazorati ostida bo‘lgan davrda u qat’iy mafkuraviy senzura mavjud bo‘lmagan kam sonli platformalardan biri bo‘lib qolayotgan edi. Algoritmlar hali takomillashmagan bo‘lsa-da, ular yagona siyosiy nazorat chizig‘iga moslashtirilmagandi. Platforma Xitoy o‘z ta’sirini kuchaytirganida emas, balki TikTok G‘arbning siyosiy va korporativ bosim tizimiga tortilganidan keyin o‘zgara boshladi.
Platformadan qurolga
Bugun TikTok AQSH intilayotgan raqamli konslager va yoppasiga senzuraning bir qismiga aylanmoqda. Bu harakatlar so‘nggi yillarda Falastin ozodligi yo‘lidagi kurashning baland ovoziga aylangan platformalarni neytrallashtirish orqali Izrailning talablarini qondirishga qaratilgan.
TikTok’ning yangi — Amerika tuzilmasini (TikTok USDS Joint Venture LLC) yaratish bo‘yicha kelishuv 2026 yilning 22-yanvarida yakuniga yetdi. Bu Amerika hukumatining ko‘p yillik bosimi, qator qonunlar, taqiqlash tahdidlari hamda foydalanuvchilar ma’lumotlari va algoritmlarni Oracle, Silver Lake va MGX boshchiligidagi Amerika investorlari konsorsiumiga o‘tkazish talablaridan so‘ng sodir bo‘ldi.
TikTok’ning yangi bosh direktori Adam Presser 2025 yilda Butunjahon yahudiylar kongressi tadbirida so‘zga chiqib, platformaning yangi me’yorini amalda tasdiqladi: sionizmni tanqid qilish nafrat tili (hate speech) bilan tenglashtiriladi.
«Siz: “Men g‘ururli sionistman”, deyishingiz mumkin, ammo kimnidir kamsituvchi ma’noda “sionist” desangiz, bu nafrat ritorikasi sifatida baholanadi», dedi u moderatsiya mantig‘ini tushuntirar ekan.
Shunday qilib, mafkura bilan ijobiy identifikatsiya qilishga ruxsat beriladi, uning tanqidiy ma’noda qo‘llanilishi esa bloklanadi.
Sionizm etnik kelib chiqish, din yoki irq emas, balki siyosiy mafkura ekani prinsipial jihatdan muhim ahamiyatga ega. Mafkura tanqidini nafrat tiliga tenglashtirish diskriminatsiyaga qarshi kurashni emas, balki Amerika qonunchiligida ham, so‘z erkinligining xalqaro standartlarida ham mustahkamlanmagan yangi senzura me’yorining joriy etilishini anglatadi.
Ravshan AQSH «milliy xavfsizlik» nuqtai nazaridan TikTok’ning sotilishini talab qildi, biroq bu kelishuv platformaning Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi kontent hamda Izrailning G‘azo sektoridagi harakatlari haqidagi materiallarni tarqatayotgani sababli keskin tanqid qilinishi kuchaygan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng platformada ilgari deyarli kuzatilmagan jarayonlar boshlandi: G‘azodagi urushni yorituvchi akkauntlarning ommaviy bloklanishi, vayronagarchiliklar va qurbonlar muhrlangan videolarning o‘chirilishi, millionlab auditoriyaga ega influyenserlarning bloklanishi hamda «sionizm» so‘zini tanqidiy, tarixiy yoki tahliliy kontekstda qo‘llaganlik uchun avtomatik taqiq joriy etilishi shular jumlasidandir.
Presserning o‘zi o‘sha konferensiyada TikTok’ni antisemitik kontent haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlovchi ikki mingdan ortiq yahudiy tashkilotlari xizmatidan foydalanayotganini bildirdi.
«2024 yildan buyon biz nafrat tashviqotini o‘z ichiga olib, bloklangan kontent hajmini uch baravarga oshirdik», — dedi u.
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, aynan TikTok Falastin g‘oyasini keng ommaga taqdim etib, an’anaviy medianing mojarolarni talqin qilishdagi monopoliyasini parchalash orqali Amerika yoshlari o‘rtasidagi ijtimoiy kayfiyatning o‘zgarishida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Izrail bosh vaziri Binyamin Netanyahu bejizga TikTok’ni eng nufuzli va «xavfli» platformalardan biri deb atamagan edi. Nazorat o‘zgargandan so‘ng, ushbu «xavf» taqiqlar orqali emas, balki ruxsat etilgan tilning yangi chegaralari — ya’ni mafkura tanqidini qoida buzarlikka aylantirish orqali bartaraf etildi.
TikTok kelishuvdan so‘ng: raqamli konslager va G‘azodagi sukunat
Falastinlik jurnalist Bisan Ovdaning TikTok’da bloklanishi bilan bog‘liq voqea platforma Amerika investitsiya tuzilmalari nazoratiga o‘tgach, aslida nimaga aylanganini yaqqol ko‘rsatib berdi. Rasman uning 1,4 million obunachiga ega akkaunti xalqaro bosim va ommaviy axborot vositalaridagi rezonans fonida bir kundan keyin tiklandi. Biroq, aslida gap ovozni qaytarish haqida emas, balki uni yakkalab qo‘yish haqida bormoqda: uning aksariyat videolari «tavsiya qilish uchun mos emas» deb e’lon qilingan, akkauntini qidirib topish sun’iy ravishda qiyinlashtirilgan, sahifaning o‘zi esa «algoritmik soya» rejimida qolgan.
Ilk bor senzura shunchaki voqea bo‘lishdan to‘xtab, kundalik holatga aylanmoqda. Algoritmik cheklovlar hech qanday iz qoldirmaydi: na xabarnoma, na apellyatsiya berish imkoniyati va na rasmiy taqiq bor. Inson bloklanmagan — uni shunchaki ko‘rmay qo‘yishadi.
Ovda G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarning eng taniqli guvohlaridan biriga aylangan edi. U o‘zining har kungi videokundaliklarini: «Men g‘azolik Bisanman va men hali ham tirikman», degan jumlalar bilan boshlardi. Uning kontenti rasmiy bayonotlarning pardozlangan tilini parchalab, urushni cheksiz tirik qolish tajribasi sifatida ko‘rsatar edi.
Aynan mana shu nazorat qilib bo‘lmaydigan nigoh uning platformadagi ishtirokini tizim uchun muammoga aylantirdi — bu muammo moderatsiya uchun emas, balki AQSHdagi kelishuvdan so‘ng neytral media-makondan ko‘ra ko‘proq boshqariladigan sukunat va izrailparast senzura vositasiga aylanib borayotgan tizim uchun paydo bo‘ldi.
E’tiborlisi shundaki, Ovdaning «tiklangan» akkauntidagi so‘nggi videolar 2025 yilning sentabriga tegishli. Bu TikTok AQSH investitsiya fondlari, jumladan, Donald Trampning atrofidagilar bilan bog‘liq tuzilmalar nazoratidagi alohida Amerika bo‘linmasi tashkil etilganini e’lon qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Shu paytdan boshlab platforma shunchaki ijtimoiy tarmoq bo‘lishni to‘xtatib, kimni va nimani ko‘rish mumkinligini belgilab beruvchi «siyosiy jihatdan maqbul bayonotlar» infratuzilmasining bir qismiga aylandi.
Bu jarayonlar atrofidagi umumiy vaziyat algoritmik senzurani yanada yaqqolroq namoyon etadi. O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotlarga qaramay, Izrailning G‘azoga zarbalari davom etmoqda. «Anadolu» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning oktabridan buyon sektorda kamida 260 nafar falastinlik jurnalist o‘ldirilgan. Shu bilan birga, Izrail sudlari xorijiy muxbirlarni armiya nazoratidan tashqari holda G‘azoga kiritish haqidagi qarorni yana ortga surmoqda. Bunday sharoitda bloklashlar, «yashirin taqiqlar» va tavsiyalardan mahrum etishlar oddiy texnik choralar bo‘lmay qoladi — ular raqamli konslager elementlariga aylanadi. Bu yerda sukut saqlash taqiqlar orqali emas, balki algoritmlar yordamida ta’minlanadi.
G‘azo — haqiqat mezoni
G‘azodagi urushgacha raqamli senzura soxta xabarlar, nafrat tili yoki ekstremizmga qarshi kurash ekani haqidagi tasavvurni saqlab turish mumkin edi. Biroq aynan G‘azo voqealari neytral algoritmlar to‘g‘risidagi afsonaning butunlay puchga chiqqan nuqtasi bo‘ldi.
G‘azo shunchaki istisno emas, balki o‘ziga xos sinov maydoniga aylandi. Aynan shu yerda G‘arb platformalari ilk bor senzuraning sinxron modelini amalda sinab ko‘rdi: vizual dalillarni o‘chirish, arxivlarni yo‘q qilish va «nozik kontent» bahonasi bilan turli ovozlarni bo‘g‘ish shular jumlasidandir.
G‘arb platformalari — Meta, YouTube, X, LinkedIn va tobora TikTok ham — bir xil uslubda harakat qila boshladi: tinch aholi vakillari orasidagi qurbonlar aks etgan videolarni yashirish, kontentni hech kim ko‘rmaydigan darajada «nozik» deb belgilash, jonli efirlarni bloklash, guvohlik arxivlarini o‘chirib tashlash, jurnalistlar va huquq himoyachilarini monetizatsiyadan mahrum qilish avj oldi. Rasman bular «hamjamiyat qoidalari» bilan xaspo‘shlansa-da, amalda siyosiy maqsadga muvofiqlik tamoyili asosida bajarilmoqda.
Falastinni yoqlovchi kontentlar millionlab ko‘rilishlar va yoqtirmalar to‘playdi, ya’ni iqtisodiy jihatdan o‘ta foydali. Biroq, bunday kontentlarning siqib chiqarilishi pul bilan emas, balki mafkura bilan izohlanadi. G‘arb platformalari monetizatsiya mantig‘iga emas, balki siyosiy sodiqlikka mos keladigan ruxsat etilgan fikr chegaralarini o‘rnatadi.
Aynan shu pallada senzura shunchaki nazariya bo‘lishdan to‘xtadi va G‘arbdagi taniqli shaxslarga ham daxl qila boshladi. 2023 yil dekabr oyida amerikalik yozuvchi va falastinparast faol Shon Kingning Instagram’dagi sahifasi Meta kompaniyasi tomonidan bloklandi. Bunga uning Izrail armiyasining G‘azodagi harakatlarini keskin tanqid qilgani sabab bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda Meta va boshqa ijtimoiy tarmoqlar britaniyalik xonanda va faol Lowkey’ning ham akkauntlarini yopib qo‘ydi.
2025 yil avgust oyida X tarmog‘i hatto o‘zining Grok sun’iy intelleptini ham blokladi. Buning sababi botning Izrail va AQSHning G‘azodagi amaliyotlarini «genotsid» deb atagani bo‘ldi. Faoliyati qayta tiklanganidan so‘ng, Grok o‘z akkaunti moderatsiya tizimi tomonidan avtomatik ravishda tamg‘alanganini ma’lum qildi. Tarmoq botning G‘azo bo‘yicha Xalqaro sud hisobotlariga tayanganini nafrat tili haqidagi qoidalarning buzilishi deb baholagan. Ushbu hodisadan so‘ng Grok’ning G‘azodagi genotsid masalasiga yondashuvi o‘zgardi: endilikda bot bu holat «isbotlangan» degan fikrni bildirmayapti.
2025 yil oktabr oyi boshida YouTube’dan Falastinning uchta yirik huquqni muhofaza qiluvchi tashkiloti akkauntlari o‘chirib tashlandi. Buning oqibatida Izrail tomonidan G‘azo va bosib olingan G‘arbiy sohilda xalqaro huquqning ko‘plab buzilishlarini hujjatlashtirgan 700 dan ortiq video yo‘q qilindi.
Raqamli totalitarizm
Biz totalitarizmni davlat, qatag‘onlar, politsiya va qamoqxonalar bilan bog‘lashga odatlanganmiz. Biroq raqamli davr boshqa bir modelni — davlatsiz totalitarizmni yuzaga keltirdi. Bu yerda forma kiygan nazoratchi yo‘q. Shikoyat qilish mumkin bo‘lgan qonun yo‘q. Apellyatsiya beriladigan sud yo‘q. Faqatgina algoritm, «qoida buzilishi» tugmasi va ko‘rinmas hukm — g‘oyib bo‘lish mavjud.
Insonni qamoqqa tashlashmaydi. Uni shunchaki ko‘rmay qo‘yishadi. Va bu demokratik jamiyatdagi asosiy huquqlarga — so‘z erkinligi, fikr bildirish huquqi va tafakkur huquqiga tashlangan eng jiddiy tahdidlardan biriga aylanmoqda. Bugun aynan texnologik korporatsiyalar kimning dardi qonuniy, kimning qurbonlari hamdardlikka loyiq, qaysi so‘zlar joiz va qaysi mavzular siqib chiqarilishi kerakligini hal qilmoqda. Suverenitet davlatlardan platformalarga o‘tdi. Va ular insonparvarlik yoki prinsiplardan kelib chiqib emas, balki siyosiy va moliyaviy hisob-kitoblar asosida ish ko‘rmoqda.
TikTok «Xitoyniki» bo‘lgani uchun emas, balki G‘arb mediasining voqealarni talqin qilishdagi monopoliyasini buzgani va vizual dalillarning tahririy filtrlarsiz tarqalishiga imkon bergani uchun muammoga aylandi. U an’anaviy ommaviy makondan siqib chiqarilganlarga ovoz bergan edi. Aynan shuning uchun ham uni qo‘rqitishga, bo‘ysundirishga va «mas’uliyatli moderatsiya» tizimiga moslashtirishga urinishdi. Shundan so‘ng platforma yaqqol G‘arbona tus oldi.
Shunday bo‘lsa-da, raqamli totalitarizm deyarli har doim muqarrar qarshilik va raqobatni keltirib chiqaradi. TikTok Amerika investorlari nazoratiga o‘tkazilgandan so‘ng foydalanuvchilar ommaviy ravishda muqobillarni izlay boshlagani va ulardan biri — UpScrolled sanoqli kunlar ichida AQSH va boshqa bir qator davlatlarda yuklab olish bo‘yicha yetakchiga aylangani e’tiborga molik. Kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan dasturchi Issam Hijazi tomonidan asos solingan platforma xronologik tasma, manipulyativ algoritmlardan voz kechish va faqatgina noqonuniy kontentni moderatsiya qilishni va’da bermoqda. Bu hozircha tizimga berilgan to‘liq javob bo‘lmasa-da, muhim turtkidir: so‘z erkinligi asosiy platformalardan siqib chiqarilsa, u muqobil yo‘llar orqali o‘ziga yo‘l ocha boshlaydi.
Afsonaning yakuni
Bugungi masala TikTokni qanday saqlab qolishda emas. Masala shundaki, algoritmik suverenlar tomonidan nazorat qilinmaydigan raqamli makon mavjudmi?
G‘arb o‘n yillar davomida dunyoga so‘z erkinligi, demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha saboq berib keldi. Ammo aynan raqamli makonda ushbu afsona hammasidan ham tezroq chilparchin bo‘ldi. So‘z erkinligi Pekinda vafot etgani yo‘q. U Kremniy vodiysida — buni «mas’uliyat» deb ataganlarning olqishlari ostida jon taslim qildi.
Bugun biz raqamli konslager voqeligida yashayapmiz: bu yerda korporatsiyalar kim gapirishga haqli ekanini hal qiladi, algoritmlar kimning ovozi eshitilishini belgilaydi, sukunat esa tayoq yoki tazyiq bilan emas, balki interfeys orqali majburan o‘rnatiladi.
Tarix bir necha bor shuni ko‘rsatganki, nutqni nazorat qilishga asoslangan tizimlar vaqt o‘tib nazoratdan chiqadigan ovozlarni keltirib chiqaradi. Bu ovozlar avvalgilaridan ham balandroq yangraydi.





