Xitoy hamma yerda: qanday qilib mamlakat O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylandi?

17.02.2026 | 19:454 daqiqa

Bir necha yil avval Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotida asosiy hamkor davlat edi. Biroq, hozir vaziyat o‘zgarib Xitoy katta farq bilan Rossiyadan o‘tib ketishga ulgurdi. Bu qanday amalga oshdi? Xitoy bilan hamkorlik xavf tug‘diradimi? Nima qilish kerak? Bular haqida Vaqt.uz’da tanishing:

Xitoy hamma yerda: qanday qilib mamlakat O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylandi?

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga 2025 yil davomida kirib kelgan xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 40 foizi Xitoyga to‘g‘ri kelgan. Yilning 9 oyida 25 mlrd dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, Xitoyning sarmoyalari bunda qariyb 10 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Taqqoslash uchun investitsiyalar bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rindagi 5 ta davlat ulushi atigi 26 foizni tashkil qiladi. Bu yirik farqning o‘zi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi.

Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha avvalgi yillarda Rossiya va Turkiyaning ham ulushi salmoqli bo‘lgandi.

O‘zbekiston xorij kapitali ishtirokida ochilgan korxonalar sonida ham Xitoy katta farq bilan yetakchilik qilmoqda.

1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatdagi chet el kompaniyalarining 28 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda ancha farq bilan ortda — Rossiya (17 foiz), Turkiya (12 foiz) va Qozog‘iston (7 foiz) bormoqda.

So‘nggi bir yil ichida xitoylik investorlar O‘zbekiston hududida jami 1751 ta kompaniya ochdi. Bu mutlaqo rekord ko‘rsatkich. Ikkinchi o‘rindagi Turkiya oxirgi bir yilda 300 ta ham kompaniya ochmagan.

Xitoy har doim ham xorijiy korxonalar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lmagan. 2022 yillarda Rossiya va Turkiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha oldinda edi. Biroq, so‘nggi yillarda Xitoy katta farq bilan boshqalardan o‘tib ketishga erishdi.

Xitoy boshqa iqtisodiy sohalarda ham yetakchi

O‘zbekistonning Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 2025 yilda 17,2 mlrd dollarni tashkil qildi va bu birinchi ko‘rsatkich bo‘ldi. Keyingi o‘rindagi Rossiya bilan 12,9 mlrd dollarlik savdo qilingan.

Yil davomida Xitoy bilan Rossiyaga nisbatan 33 foizga ko‘proq tashqi savdo qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu farq atigi 5,8 foizni tashkil qilgandi.

Davlat tashqi qarzida ham davlatlar kesimida Xitoy birinchi o‘rinda turibdi — 3,7 mlrd dollar. Ikkinchi o‘rindagi Yaponiyadan O‘zbekistonning 3,1 mlrd dollar qarzi bor.

Yangi temir yo‘l — iqtisodiy hamkorlikka yangi drayver

Uzoq yillardan beri Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurish loyihasi muhokama qilinadi. Bir necha yillardan beri «Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish bo‘yicha bu uchta davlat o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda.

Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 mlrd dollarga baholanmoqda. Loyihaning asosiy moliyalashtiruvchisi Xitoy bo‘ladi.

1

4,7 mlrd dollarlik mablag‘ning 2,3 mlrd dollari Xitoy tomonidan 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi.

Qolgan 2,4 mlrd dollar uch davlat tomonidan quyidagicha moliyalashtiriladi: Xitoy — 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — har biri 24,5 foizdan.

Temir yo‘l uzunligi 533 km bo‘lib, shundan taxminan 312 km Qirg‘iziston hududidan o‘tishi reja qilingan. Loyiha 2030 yilgacha amalga oshirilishi reja qilingan.

«Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston» temir yo‘li ishga tushirilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada oshirishi kutilmoqda.

Nega aynan hozir iqtisodiy aloqalar kuchayib ketdi?

Uzoq yillar davomida O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori Rossiya bo‘lib kelgan edi. Tashqi savdodan tortib, investitsiyagacha Rossiya yetakchilik qilardi.

2022 yilda boshlangan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tufayli Rossiyaga G‘arb mamlakatlari tomonidan sanksiyalar qo‘llanildi. Bu esa boshqa davlatlar uchun iqtisodiy munosabatlarni davom ettirishni xavf ostiga qo‘ydi.

2023 yilda Xitoy iqtisodiyoti pandemiyadan so‘ng nihoyat tiklanishi kutilgandi. Ammo iqtisodiy o‘sish bo‘yicha o‘ta ijobiy kutilmalar o‘zini oqlamadi.

Xitoylik mahalliy investorlar esa bunday iqtisodiy vaziyatda potensial tashqi bozorlarni qidira boshladi va ulardan biri O‘zbekiston bo‘ldi. Hamkorlik ikki tomonlama ham manfaatli edi.

Rivojlanayotgan va hali ko‘p jihatdan to‘yinmagan bozor xitoylik investorlar uchun jozibador bo‘lib chiqqan bo‘lsa, O‘zbekistonga Rossiyadan qolgan iqtisodiy bo‘shliqni to‘ldirish uchun bu hamkorlik qo‘l keldi.

Hamkorlik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinmi?

Ha. Bir davlatga haddan ortiq iqtisodiy bog‘liqlik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zbekistonning Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasining 86 foizi import hisoblanadi. Bu anchagina sezilarli ko‘rsatkich.

Taqqoslash uchun 2022 yilda bu ko‘rsatkich nisbati 72 foiz edi. O‘sha yili asosiy savdo hamkor Rossiya bo‘lgan va tashqi savdoning anchagina ko‘proq qismi — uchdan biri eksport hisobiga shakllangan.

Ma’lumotlar ko‘rsatib turibdiki, vaziyat u qadar barqaror emas. O‘zbekiston tashqi savdoda nisbatan balansga ega asosiy hamkor o‘rniga «ko‘proq sotib, kamroq oladigan» Xitoy bilan hamkorlik qilmoqda.

Xitoy bilan import va eksport o‘sishi o‘rtasidagi farq vaqt o‘tishi bilan faqat kengayib bormoqda.

Tahlilchi Timurmalik Elmurodovning yozishicha, Xitoyning asosiy hamkorga aylanayotgani «yaxshi» yoki «yomon» deb yakuniy xulosa qilib bo‘lmaydi. Masalaning ikki tomoni bor:

«Ijobiy tomoni: O‘zbekistonga hozir hajm, tezlik va uzoq muddatli pul kerak.

Xitoy buni bera oladi — va eng muhimi, berishga tayyor. Rossiya va Turkiya? Ular hozir ko‘proq o‘z ichki muammolari bilan band, resurs ham, fokus ham cheklangan.

Salbiy tomoni: bitta hamkor juda kattalashib ketsa, tizim sezuvchan bo‘lib qoladi. Har qanday o‘zgarish (bozor, siyosat, risklar, pul narxi) avvalgidan kuchliroq uradi.

Shuning uchun gap Xitoyni «cheklash» yoki «to‘xtatish»da emas (bu na kerak, na real). Masala — boshqalarni qanday ko‘proq jalb qilishda», — deydi tahlilchi.

2026 yilda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Bu mamlakatga Yevropa, AQSH va boshqa bozorlarga intilishga qisman yordam beradi.

Iqtisodiy jihatdan bitta hamkorga qattiq bog‘lanib qolish, yuqorida aytilganidek, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 130

Barchasi

Mavzuga oid