Saida Mirziyoyeva AQSH vakili bilan Mar-a-Lagoda uchrashdi

Bugun 10:101 daqiqa

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashdi.

Saida Mirziyoyeva AQSH vakili bilan Mar-a-Lagoda uchrashdi

6-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uchrashuv Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan. Tomonlar muloqot davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

«AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan Mar-a-Lagoda uchrashganimdan mamnunman. Samimiy mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bo‘lib o‘tgan mazmunli va konstruktiv muloqotni yuksak qadrlayman hamda yaqin kunlarda Vashingtonda samarali uchrashuvlar o‘tkazilishiga umid qilaman», — deydi Saida Mirziyoyev.

O‘z navbatida, Serjio Gor ham ushbu uchrashuvga ijobiy baho berdi.

«Prezident Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi sifatida, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevani Mar a Lagoda kutib olishdan juda mamnunman. AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun shu hafta Vashingtonda samarali uchrashuvlarni intiqlik bilan kutaman!», — deb yozib qoldirdi X sahifasida.

Shuningdek, e’lon qilingan suratda, AQSH prezidentining qizi Tiffani Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Maykl Bulos ham aks etgan.

Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid