
Zelenskiy yangi tinchlik rejasining 20 ta bandini oshkor qildi
Ukraina prezidenti 2025 yilning so‘nggi kunlarida urushga nuqta qo‘yishi kutilayotgan «bazoviy hujjat»ning mazmunini ma’lum qildi. Unda hududlar taqdiri, NATO o‘rniga AQSH kafolati va Zaporijjya AES bo‘yicha kutilmagan murosalar taklif etilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24-dekabr kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida so‘nggi haftalarda Ukraina, AQSH va Rossiya tomonidan muhokama qilinayotgan tinchlik rejasining 20 ta bandini sanab o‘tdi. Bu haqda «RBK Ukraina» va «Suspіlne» o‘z muxbirlariga tayanib, xabar bermoqda. Zelenskiy ushbu rejani «urushni tugatish to‘g‘risidagi bazaviy hujjat» deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev muhokama qilinayotgan bandlar bo‘yicha Rossiya tomonidan munosabat kutmoqda.
«Shundan so‘ng biz keyingi qadamlarimizni va u yoki bu qarorlar uchun ehtimoliy vaqt chegaralarini tushunib olamiz», - degan u.
«Agar biz aynan bugun mavjud bo‘lgan mana shu 20 ta band haqida gapiradigan bo‘lsak, bu sezilarli evolyutsiyani bosib o‘tgan ramkali (asos) hujjatdir — bu ilgari 28 ta banddan boshlangan hujjat. <…> Natijada, bugun mana shunday ko‘rinishdagi hujjat bor — bu loyiha. Bu hozircha tomonlar kelishgan hujjat emas, lekin unda urushni qanday tugatish taklif qilinayotgani bo‘yicha muayyan mantiq shakllantirilgan», — degan Zelenskiy.
Mana bu rejaning barcha bandlari:
1) Ukraina suverenitetini tasdiqlash.
2) Rossiya va Ukraina o‘rtasida hujum qilmaslik to‘g‘risida so‘zsiz kelishuv ko‘zda tutiladi. To‘qnashuv chizig‘ida monitoring mexanizmi yaratiladi.
3) Ukraina mustahkam xavfsizlik kafolatlarini oladi.
4) Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) soni tinchlik davrida 800 ming kishi atrofida bo‘ladi.
5) AQSH, NATO va Yevropa Ukrainaga 5-modda misolida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi. Agar RF Ukrainaga bostirib kirsa — harbiy javob va sanksiyalarning qayta tiklanishi sodir bo‘ladi. Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa yoki provokatsiyasiz Rossiya hududiga o‘t ochsa — xavfsizlik kafolatlari bekor qilinadi. Agar Rossiya Ukrainaga o‘t ochsa — xavfsizlik kafolatlari kuchga kiradi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bandda AQSH uchun xavfsizlik kafolatlari evaziga kompensatsiya to‘lash haqida ham aytilgan edi, ammo hozir bu band o‘chirib tashlangan. Ushbu kelishuv bo‘yicha ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari istisno etilmaydi.
«Gap 30 ta davlat bilan ikki tomonlama kelishuvlarimiz imkoniyatlari haqida ketmoqda, biz bunday imkoniyatlar bizda qolishini xohlaymiz. Bu Xohlovchilar koalitsiyasi mamlakatlari — 30 ta davlat, bular ham Yevropa, ham Kanada, ham Yaponiya bo‘lib, ular xavfsizlikni ta’minlashda u yoki bu ko‘rinishda biz bilan birga bo‘lishga tayyor», - dedi Ukraina prezidenti.
6) Rossiya Yevropa va Ukrainaga nisbatan hujum qilmaslik siyosatini barcha zarur qonunlar va hujjatlarda, jumladan, Davlat Dumasida ratifikatsiya qilish orqali mustahkamlaydi.
7) Ukraina ma’lum bir vaqtda Ittifoq a’zosiga aylanadi va Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqini oladi.
«Ukraina uchun ittifoqqa a’zolik — xavfsizlik kafolatlarining bir qismi, Kiyev a’zo bo‘lishning aniq sanasini mustahkamlab qo‘ymoqchi», - deb qayd etdi Zelenskiy.
8) Ukraina uchun alohida investitsiya shartnomasida belgilanadigan global rivojlanishning mustahkam paketi. U, xususan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi: investitsiya qilish uchun rivojlanish jamg‘armasi, gaz infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni tiklash, foydali qazilmalar va tabiiy resurslarni qazib olish.
9) Ukraina iqtisodiyotini tiklash, zarar ko‘rgan tuman va hududlarni rekonstruksiya qilish, gumanitar masalalarni hal qilish uchun bir nechta jamg‘armalar tashkil etiladi. Maqsad — 800 milliard dollar jalb qilish.
10) Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Ukraina AQSH bilan erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish jarayonini tezlashtiradi. Vashington ham Ukraina, ham Rossiya bilan erkin savdo to‘g‘risida bitim tuzishni xohlamoqda.
11) Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, yadroviy bo‘lmagan davlat bo‘lib qolishini tasdiqlaydi.
12) Zaporijjya atom elektr stansiyasi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bo‘yicha murosa topilmagan. Vashingtonning taklifi — stansiya Ukraina, AQSH va Rossiya tomonidan birgalikda ekspluatatsiya qilinadi. AQSH nazoratni teng taqsimlashni taklif qilmoqda, bunda amerikaliklar ushbu qo‘shma korxonaning bosh menejeri bo‘ladi. Ukrainaning taklifi boshqacha: Zaporoje AES AQSH va Ukraina tarkibiga kiruvchi — 50 ga 50 qo‘shma korxona bo‘ladi. Bu holatda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 50 foizini Ukraina oladi, qolgan 50 foizini AQSH taqsimlaydi.
13) Ukraina va RF maktablarda va butun jamiyatda turli madaniyatlarga nisbatan tushunish va bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi, irqchilik va xurofotlarni bartaraf etuvchi ta’lim dasturlarini joriy etish majburiyatini oladi. Ukraina diniy bag‘rikenglik va kamsonli millatlar tillarini himoya qilish bo‘yicha Ittifoq qoidalarini joriy qiladi.
14) Hududlar. «Bu eng murakkab band», deb qayd etdi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donetsk, Lugansk, Zaporijjya va Xersondada qo‘shinlarning ushbu kelishuv sanasidagi joylashuv o‘rni de-fakto tan olingan to‘qnashuv chizig‘i bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Ushbu kelishuv kuchga kirishi uchun RF o‘z qo‘shinlarini Dnepropetrovsk, Mikolayiv, Sumi va Xarkivdan olib chiqib ketishi kerak.
Zelenskiy tushuntirishicha, Moskva Ukrainaning Donetskdan chiqib ketishini xohlaydi, AQSH esa murosa sifatida — erkin iqtisodiy hududni taklif qilmoqda. Agar «qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda turamiz» degan fikrga kelishilmasa, unda erkin iqtisodiy hudud faqat referendum yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin. Shu bilan birga, Zelenskiy AQSH referendumni qo‘llab-quvvatlashini, ammo ovoz berishga alohida masala emas, balki butun hujjat qo‘yilishi kerakligini (ehtimol, Zelenskiyning fikricha) ta’kidladi. «Referendum uchun kamida 60 kun kerak va o‘shanda Ukrainaga 60 kunlik haqiqiy o‘t ochishni to‘xtatish kerak bo‘ladi», - deb qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
15) Kelajakdagi hududiy kelishuvlar muvofiqlashtirilgandan so‘ng, Rossiya va Ukraina ushbu kelishuvlarni kuch ishlatib o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.
16) Rossiya Ukrainaning Dnepr daryosi va Qora dengizdan tijorat faoliyati uchun foydalanishiga to‘sqinlik qilmaydi. Alohida dengiz kelishuvi va kemalar qatnovi hamda tashish erkinligini qamrab oluvchi kirish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Ushbu kelishuv doirasida Kinburn kosasi (qum tili) demilitarizatsiya qilinadi.
17) Ochiq qolgan masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuziladi. Harbiy asirlarni «hammani hammaga» almashish, tinch aholini, jumladan bolalar va siyosiy mahbuslarni qaytarish, nizo qurbonlari muammolarini hal qilish.
18) Ukraina kelishuv imzolanganidan keyin imkon qadar tezroq saylovlar o‘tkazishi kerak. Birinchi navbatda — prezidentlik saylovlari.
19) Ushbu kelishuv yuridik jihatdan majburiy bo‘ladi. Uning ijrosi Tramp raisligidagi Tinchlik Kengashi tomonidan nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik uchun sanksiyalar nazarda tutiladi.
20) Barcha tomonlar ushbu kelishuvga rozi bo‘lganidan so‘ng, darhol to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi.
Shuningdek, Ukraina kelishuvni parlament ratifikatsiyasiga kiritishi va uni ma’qullash uchun umum Ukraina referendumini o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Ukraina saylovlarni referendum bilan bir vaqtda o‘tkazishga qaror qilishi mumkin, deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Kelishuv har ikki tomon o‘z majburiyatlarini bajarganidan keyin kuchga kirishi taxmin qilinmoqda. Xavfsizlik kafolatlari faqat kelishuv to‘liq ratifikatsiya qilingan yoki referendum orqali ma’qullangan taqdirdagina kuchga kiradi.
Zelenskiy, shuningdek, tinchlik rejasidan tashqari yana uchta hujjat muhokama qilinayotganini aytdi: Ukraina, AQSH va Yevropa o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha uch tomonlama hujjat, Ukraina va AQSH o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjat, shuningdek, Ukrainani 2040 yilgacha qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi».
Kreml Zelenskiy tomonidan yangragan rejaga hozircha izoh bermadi.
Tinchlik rejasining avvalgi versiyalarida nimalar bor edi?
21-noyabr kuni Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha rejasini e’lon qilgan edi. U 28 ta banddan iborat edi. Unda, xususan, Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki deb tan olinishi (shu jumladan AQSH tomonidan ham), Xerson va Zaporijjya oblastlari esa joriy front chizig‘i bo‘yicha bo‘linishi aytilgan edi. Rossiya Ukrainaning to‘rtta oblasti va Qrimdan tashqarida nazorat qilayotgan boshqa bosib olingan hududlardan voz kechishi kerak. Ukraina esa Donetsk oblastining hozirda o‘zi nazorat qilayotgan qismidan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi, bu hudud bufer zona bo‘ladi va Rossiyaniki deb hisoblanadi. Dastlabki versiyaga ko‘ra, Ukraina Konstitutsiyasida NATOga qo‘shilmasligini mustahkamlaydi, NATO esa kelajakda Ukrainani alyansga qabul qilmaslik majburiyatini oladi.
Bundan tashqari, rejada Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlari Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltirilishi aytilgan edi. Ushbu mojaroga jalb qilingan barcha tomonlar urush paytidagi harakatlari uchun to‘liq amnistiya oladi, deyilgandi hujjatda.
Keyinchalik OAV va rasmiy shaxslar rejadagi turli o‘zgarishlar haqida xabar berishdi. Xususan, Ukraina versiyasiga ko‘ra, Kiyev mamlakat sharqidagi hozirda UQK nazoratida bo‘lgan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tramp ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan AQSHning 28 banddan iborat dastlabki tinchlik rejasi Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.





