add

170 mln so‘mdan 600 mln so‘mgacha: O‘zbekistonda o‘rtacha ipoteka miqdori qancha?

11.12.2025 | 19:202763 daqiqa

Imtiyozli shartlarda ipoteka olgan o‘rtacha oila bir oylik daromadining 60 foizdan ko‘prog‘ini uning to‘loviga sarflaydi. Banklar taklif qilayotgan shartlarda esa bu ko‘rsatkich deyarli 90 foizga yetadi.

170 mln so‘mdan 600 mln so‘mgacha: O‘zbekistonda o‘rtacha ipoteka miqdori qancha?

Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan O‘zbekiston uy-joy va ipoteka bozori tahliliy hisoboti so‘nggi besh yilda ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat qanday o‘zgarganini tushunishga yordam beradi. 

Uylar narxi oshib borayotgani sabab, har yili ajratilgan ipoteka krediti miqdori ham o‘sib bormoqda. Biroq real vaziyatni ko‘rish uchun ipoteka krediti oluvchilar soniga qarash kerak. 

Ularning soni 2024 yilda sezilarli pasayib ketgan edi. Bu yilga kelib vaziyat biroz yaxshilandi, lekin hamon 2023 yilgi raqamlarga yetib borilgani yo‘q. 

Masalan, 2024 yilning 9 oyida 43 mingga yaqin odam ipoteka krediti olgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 50 mingdan oshdi. Biroq 2023 yilda rekord darajada — 53,5 ming kishi ipoteka krediti olgandi. 

 

O‘rtacha ipoteka krediti qanchadan to‘g‘ri kelmoqda?  

2021-2024 yillarda yangi uylar (birlamchi bozor) uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha miqdori 156 mln so‘mdan 265 mln so‘mga yetdi. Bu davrda eski uylar (ikkilamchi bozor) uchun olingan ipoteka miqdori sekinroq o‘sdi — 163 mln so‘mdan 263 mln so‘mgacha. 

ipoteka 01

Shu tariqa 2021 yilda eski uylar uchun ko‘proq miqdorda kredit olishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib yangi uylar uchun ipoteka kreditlari biroz o‘tib ketdi. 

Hududlar kesimida yangi uylar uchun o‘rtacha ipotekaning eng kam miqdori Xorazmga to‘g‘ri keldi — 233 mln so‘m. Eski uylar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston (168 mln) eng past raqamga ega bo‘ldi. 

Eski uylar bo‘yicha Toshkent shahri kutilganidek yetakchi bo‘ldi. Poytaxtda 2024 yilda o‘rtacha 614 mln so‘mdan ipoteka krediti ajratilgan. 

Biroq yangi uylar bozorida kutilmaganda Toshkent shahridan (268 mln) 5 ta viloyat o‘tib ketdi. Bu yerda yetakchilar Andijon (287 mln), Samarqand (286 mln) va Namangan (282 mln) viloyatlari bo‘lib turibdi. 

2022 yilda Toshkent shahri birlamchi bozordagi olingan o‘rtacha ipoteka miqdori bo‘yicha ancha oldinda edi. Ammo poytaxt hududining kengayishi, yangi qurilishlar ko‘payishi va buning ortidan chetroq hududlarda arzonroq uylarni ipoteka kreditiga olish imkoniyati ko‘paygani o‘rtacha ko‘rsatkich pasayishiga olib keldi. 

 

Daromadlar sekinroq o‘smoqda

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash maqsadida imtiyozli ipoteka dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda yangi uylar uchun 17-18 foizdan ipoteka krediti hududlarga qarab 330-420 mln so‘mlik limit bilan beriladi. 

Imtiyozli shartlarda o‘rtacha ipoteka to‘lovi–daromad nisbati (MPIR) mamlakat bo‘yicha 62 foiz atrofida. Bu degani, o‘rtacha oila bir oylik daromadining 60 foizdan biroz ortig‘ini ipoteka to‘loviga sarflaydi. Banklar taklif qilayotgan bozor stavkalaridagi ipoteka kreditlarida esa bu ko‘rsatkich deyarli 90 foizga yetadi. 

Narx-daromad nisbati hududlar bo‘yicha keskin farq qiladi. Kam foizli ipoteka kreditlarida bu ko‘rsatkich Toshkentda 31 foiz bo‘lsa, Namanganda 85 foizni tashkil qiladi. Bozor stavkalarida esa ayrim hududlardagi oilalar 90 foizdan oshiq daromadini ipotekaga sarflashiga to‘g‘ri keladi. 

Kam foizli ipoteka kreditlari va bozor shartlarida banklar ajratayotgan ipoteka kreditlari o‘rtasida yaxshigina farq bor. 

O‘rtacha oylik ipoteka to‘lovi 17 foiz stavkada 3,6–6,2 mln so‘m, 25 foiz stavkada esa 5,1–10,9 mln so‘m oralig‘ida bo‘ladi. Ya’ni foiz stavkasi oshganda to‘lovlar har oyda qo‘shimcha 4,7 mln so‘mgacha ko‘tariladi.

Shuningdek, 2021-2024 yillarda yangi uylarning o‘rtacha ipotekasi 70 foizga qimmatlagan. Bu davrda o‘zbekistonliklarning rasmiy daromadlari kamroq — 66,7 foizga o‘sgan. 

 

Uylar narxi pasaymoqda

Bir necha yil davom etgan tez narx o‘sishidan so‘ng, 2024-2025 yillarda O‘zbekistonning uy-joy bozori asta-sekin pasayish bosqichiga o‘tdi.

Kredit olish shartlarining qiyinlashishi, ipoteka foiz stavkalarining oshishi va aholining qarzdorligi ko‘paygani sababli, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda narxlar bir vaqtning o‘zida pasaya boshladi. 

ipoteka 02

Bozor o‘z cho‘qqisiga 2024 yilning ikkinchi choragida yetdi: o‘sha paytda birlamchi bozor indeksi 172, ikkilamchi bozor indeksi esa 182 darajaga chiqdi (grafikka qarang). 

Shundan so‘ng bozor pasayish bosqichiga kirdi. 2025 yilning uchinchi choragiga kelib, narxlar 2024 yilning eng yuqori darajasiga nisbatan birlamchi bozorda 4,5 foiz, ikkilamchi bozorda esa 8,3 foizga kamaydi. Bu ikki segmentda bir vaqtning o‘zida pasayish boshlandi.

Fozil Qambarov tayyorladi.

 

 

Teglar

Mavzuga oid