Banklarda avtokreditlar foizi rekord darajada pasaydi
Markaziy bank 2026-yil 4-may holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi. O‘tgan haftada mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkasi eng past darajaga tushgandi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank 2026-yil 4-may holatiga ko‘ra, tijorat banklarining mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha yangi foiz stavkalarini e’lon qildi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 28,9 foizni, avtokreditlar bo‘yicha esa 22,3 foizni tashkil etdi.
Avtokreditlar bo‘yicha yangi haftadagi ko‘rsatkich foiz stavkalarini e’lon qilish boshlangandan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi. Oxirgi marta eng past daraja 2026-yil 2-mart holatiga ko‘ra, 22,5 foiz darajasida qayd etilgan edi. Mikrokredit stavkalari esa o‘tgan haftada 28,7 foizga tushib, rekord darajada pasayish qayd etgandi.
Mikroqarzlar
Mikroqarzlar segmentida eng past stavka 22,6 foiz bilan «Aloqabank»da qayd etildi. Undan keyin «Milliy bank» 23,7 foiz va «Infinbank» 24,4 foiz bilan nisbatan maqbul shartlarni taklif qilmoqda. Shuningdek, «Trastbank» (24,8 foiz) va «BRB» (25,0 foiz) ham past segmentdan joy olgan.
O‘rta segmentda stavkalar asosan 25–27 foiz oralig‘ida shakllangan. Jumladan, «Turonbank» 25,1 foiz, «Orient Finans bank» 25,9 foiz, «Asakabank» 26,5 foiz, «Mikrokreditbank» 26,6 foiz va «Agrobank» 26,7 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. «Xalq banki» (26,8 foiz), «SQB» (27,1 foiz) va «Asia Alliance bank» (27,7 foiz) ham shu guruhga kiradi.
Yuqori segmentda esa farq sezilarli. «Garant bank»da 29,8 foiz, «Madad Invest bank»da 30,1 foiz, «Universal bank»da 30,3 foiz va «Poytaxt bank»da 31,6 foiz kuzatildi. Eng yuqori stavkalar «TBC bank» (38,4 foiz), «Uzum bank» (38,0 foiz), «AVO bank» (39,9 foiz), «Anor bank» (41,2 foiz) va «Tenge bank»da (42,6 foiz) qayd etildi.

Manba: Markaziy bank
Avtokreditlar
Avtokreditlar segmentida eng past stavka 18,3 foiz bilan «BRB»da qayd etildi. Shuningdek, «Davr bank» 18,6 foiz va «Garant bank» 19,6 foiz bilan nisbatan arzon kredit taklif qilmoqda. «Hamkorbank» (19,8 foiz) va «Apex bank» (20,1 foiz) ham past segmentdan joy olgan.
O‘rta segmentda stavkalar 21–24 foiz oralig‘ida shakllangan. Xususan, «SQB» 21,6 foiz, «Infinbank» 21,8 foiz, «Aloqabank» 21,9 foiz va «Ipoteka bank» 22,1 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. Shuningdek, «Xalq banki» (23,4 foiz), «Trastbank» (23,6 foiz) va «Milliy bank» (23,7 foiz) takliflari ham shu diapazonda.
Yuqori segmentda esa stavkalar 24 foizdan yuqori. «Mikrokreditbank» 24,0 foiz, «Asakabank» 24,4 foiz, «Turonbank» 25,1 foiz va «Agrobank» 25,3 foiz stavka bilan kredit taqdim etmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich «Madad Invest bank»da — 27,9 foiz.

Manba: Markaziy bank





